Salmon Avda shunday deydilar: “(Muhtojga) ochiqqo‘llik, samimiy chehra, rozilik tabassumi va o‘zingni yaqin olib sadaqa berasanmi yoki qo‘lingni unga istar-istamas cho‘zib, yuz o‘girmoqchidek, nafrat bilan, unga xuddi yuqishidan qo‘rqayotgan kasallikdek qarab yoki uning ofatidan ehtiyot bo‘lgandek sadaqa berasanmi?
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi:
قَوْلٌ مَّعْرُوفٌ وَمَغْفِرَةٌ خَيْرٌ مِّن صَدَقَةٍ يَتْبَعُهَا أَذًى وَاللّهُ غَنِيٌّ حَلِيمٌ
“Yaxshi so‘z va kechirish, ortidan ozor keladigan sadaqadan ko‘ra yaxshiroqdir. Va Alloh g‘aniy va halim zotdir” (Baqara surasi, 263-oyat).
O‘zining ibodatini qilib, oila a’zolariga iftorlik va saharlik taomlari tayyorlab berib, yana bu xizmatlarini chin yurakdan, zarracha malollanmasdan qilayotgan ayollarimizni Alloh taolo ikki dunyoda azizu mukarram qilsin!
*****
Namoz...
Namoz – uyali telefonning quvvatlagichi (zaryadka qiluvchi batareya) kabidir. Agar telefonni quvvatlab olmasang, ekrani o‘chadi, jim bo‘ladi. Agar sen o‘zingni har kunlik namoz bilan quvvatlab olmasang, nurni, til burroligini, hikmatni, xotirjamlikni yo‘qotib, bezovtalik, qo‘rquv va gohida ahmoqlikka mubtalo bo‘lasan.
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy hafizahulloh
*****
Mo‘min odam rahm-shafqat, odob, tavoze’ va muhabbat manbaidir.
Namozxon qo‘pol bo‘lmaydi.
Namozxon uyatsiz bo‘lmaydi.
Bo‘lishi mumkinmas!
Namozxon harom mol yeyuvchi bo‘lmaydi!
Bo‘lishi amri mahol!
Namozxon aldoqchi bo‘lmaydi!
Bo‘lishi amri mahol!
Namozxon mutakabbir bo‘lmaydi!
Bo‘lishi amri mahol!
Amri mahol!
Amri mahol!
Ming marta amri mahol!
Doktor Muhammad Rotib Nabulsiy
*****
«Ota-onaga yaxshilik qilish kabira gunohlarga kafforot bo‘ladi».
Imom Ahmad rahimahulloh
*****
O‘qish
Hayotimdagi burilish nuqta - onam televizorni o‘chirib qo‘yib, meni o‘qishga majbur qilgan kundir.
Ben Karson, mashhur neyroxirurg, siam egizaklarini bir-biridan muvaffaqiyatli ajratgan dunyodagi ikkinchi odam.
------------
Birinchisi kim bo‘lgan ekan deb hayron bo‘layotgandirsiz? Imom Abu Hanifa rahimahulloh bo‘lganlar. Tanasi yopishgan egizaklarning biri vafot etganda, buyuk imomning oldilariga maslahat so‘rab kelishgan. Shunda imom Abu Hanifa rahimahulloh vafot etgan tarafini yerga ko‘mib, tirigiga ovqat berib, qarab turishni maslahat berganlar. Uch kun o‘tib, yer egizaklarni bir-biridan ajratgan.
*****
Nozimjon Iminjonov to‘pladi
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati