Islom olami uyushmasi tomonidan Makka shahrida Qur'oni karim xalqaro muzeyini barpo etildi. Unda xalqaro uchrashuv o'tkazish va Qur'onning nafis nusxalarini namoyish etish ham reja qilingan.
IQNA saytining “Arab News” nashriga tayanib xabar berishicha, Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim al-Iso Makka shahrida Qur'oni Karim xalqaro muzeyi ochilishini ma'lum qilgan.
Uning aytishicha, mazkur tashabbus Qur'on va Sunnatni targ'ib qilish maqsadida boshlangan va ushbu muzey ilmiy dalillar bilan Qur'oni karim mo''jizalarini yoritib boradi.
Muzey loyihasi butun islom olamining bir necha oliy martabali olimlaridan iborat Halqaro olimlar Kengashi tashabbusi bilan boshlangan. Muzey xodimlariga butun dunyo bo'ylab anjuman va ma'ruzalar tashkil etish vazifasi yuklanadi.
Islom olami uyushmasi Bosh kotibi Muhammad al-Iso bunday deydi: “O'z mazmuni va maqsadlari bo'yicha birinchi bo'lgan ushbu kashshof loyiha g'oyasi Allohning kitobi va Sunnatga xizmat qiluvchi bo'lim va Islom olami uyushmasi tomonidan ko'rib chiqildi”.
Al-Isoning aytishicha, ushbu Uyushma binosiga tashrif buyuruvchilar muzeyni ko'rishlari mumkin. Muzeyning xalqaro bo'limlari Qur'oni karim qadriyatlari va oyatlardagi hikmatli hukmlar bilan tanishtiradi.
Uning qo'shimcha qilishicha, ushbu muzeyda Qur'oni karim va uning ilmlari bilan bog'liq anjuman, yig'ilish, ma'ruza va tadqiqotlar olib borish bilan birga Qur'oni karim qo'lyozmalarining tarixiy ma'lumotlari ham taqdim etiladi.
Internet ma'lumotlari asosida
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati