O'zbekiston sayyohlik salohiyati Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan «Halal Fair Jakarta» turizm yarmarkasida namoyish etilmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, tadbirda butun musulmon dunyosi mamlakatlaridan yirik kompaniya vakillari ishtirok etayapti.
Halqaro yarmarka kunlarida delegatsiyamiz a'zolari tomonidan ko'plab yangi va qiziqarli turistik mahsulotlar taqdimoti namoyish etildi. Asosiy e'tibor nafaqat an'anaviy turizm yo'nalishlari, balki mamlakatning gastronomik va ziyorat turizmi salohiyatining targ'ibotiga ham qaratilmoqda. Shuningdek, stendimizga tashrif buyuruvchilar sevimli milliy taomimiz – palovning tayyorlanishi va dasturxonga tortilishini o'z ko'zlari bilan ko'rish imkoniga ega bo'layaptilar.
Yarmarka davomida, shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan Indoneziyanig turizm va kreativ iqtisodiyot vaziri Sandiaga Salahuddin Uno bilan ham uchrashuv tashkil etilib, unda ikki davlat o'rtasidagi turizmni rivojlantirish bo'yicha muzokoralar olib borildi.
«Ushbu tadbirda O'zbekistonning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Sababi mamlakatingiz Islom taraqqiyoti yo'lida beqiyos xizmat ko'rsatgan. Boshqa mamlakatlarda bo'lgani kabi indoneziyaliklar ham Al-Buxoriy, At-Termiziy, Naqshbandiy, Motrudiy kabi allomalar etishib chiqqan yurtni borib ko'rishni va ziyorat qilishni juda xohlaydi. Indonez xalqining sifatli dam olishini tashkil etish maqsadida O'zbekiston tomoni bilan manfaatli hamkorlik istiqbollariga egamiz», - dedi Sandiaga Salahuddin Uno.
Ikki tomonlama o'tkazilgan muloqot jarayonida Indoneziya aholisi uchun qiziq bo'lgan O'zbekistonning qishki turizm salohiyati to'g'risida ham batafsil ma'lumot berildi.
«Halal Fair Jakarta» turizm yarmarkasi bugun o'z ishini yakunlaydi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Shu yil 13 iyun kuni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurtida “Xatmona – 2025” bitiruv tadbiri o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov, Diniy idora rais o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ta’lim bo‘limi xodimi Elyor Alimqulov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, faxriy ustozlar, ota-onalar va boshqa mehmonlar ishtirok etdi.
Dastlab tadbirni “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev kirish so‘zi bilan ochish barobarida bitiruvchilarning 4 yil davomida erishgan yutuqlari haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov o‘z nutqida “Islomda ta’limning mohiyati” va “Yurtimizda ta’lim-tarbiyaga oid amalga oshirilayotgan islohotlar" mavzusida so‘z yuritdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tabrigini o‘qib eshittirdi.
So‘ngra O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov bitiruvchilar, ularning ustoz va yaqinlarini tabrikladi.
Mazkur tadbirda jami 250 nafarga yaqin mehmon qatnashdi. Tadbir so‘ngida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tasarrufidagi “Vaqf” hayriya jamoat fondi tarafidan 11 nafar bilim yurti mudarrisi taqdirlandi. “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurti tarafidan esa 21 nafar talabaga yil sarhisobi bo‘yicha maqtov yorliqlari topshirildi.
Ma’lumot o‘rnida 2024-2025 o‘quv yilida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom yurtini jami 72 nafar bitiruvchi tamomladi. Shuningdek, ta’lim muassasasida 16 iyundan boshlab ikki hafta mobaynida yakuniy imtihonlar o‘tkaziladi.
Tadbiri yakunida Homidjon domla Ishmatbekov yurtimiz rivoji va xalqimiz ravnaqini tilab xayrli duolar qilib berdi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus
islom bilim yurti mudarrisi