Oylarning eng ulug‘i Ramazon, kunlarning eng ulug‘i juma bo‘lganidek, kechalarning ham fazilatlisi qadr kechasidir. Alloh taolo bu kecha haqda alohida sura nozil qildi va uning nomini ham aynan shu kecha bilan atadi.
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
إِنَّا أَنْزَلْنَاهُ فِي لَيْلَةِ الْقَدْرِ. وَمَا أَدْرَاكَ مَا لَيْلَةُ الْقَدْرِ. لَيْلَةُ الْقَدْرِ خَيْرٌ مِنْ أَلْفِ شَهْرٍ. تَنَزَّلُ الْمَلَائِكَةُ وَالرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ مِنْ كُلِّ أَمْرٍ. سَلَامٌ هِيَ حَتَّى مَطْلَعِ الْفَجْرِ
«Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik. (Ey Muhammad!) Qadr kechasi nima ekanini Sizga ne ham anglatur?! Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir».
Sura muborak Qadr kechasiga bag‘ishlangan. Bu kechada bir yillik ishlar, hukmlar, rizqlar, ajallar belgilanadi. Alloh taolo bir yillik taqdirni farishtalarga bildiradi va bu yil taqdir qilingan narsalarni ularga yozib qo‘yishni amr etadi.
Bu muborak kechaning qadri ulug‘dir. Qadr so‘zi ikki xil ma’noda – qadri ulug‘, ikkinchisi, miqdor, ya’ni bandalarning taqdirini belgilashdir.
Alloma Ibn Kasir (rahmatullohi alayh) suraning nozil bo‘lish sababi haqida: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ummatlariga ko‘proq xayrli ishlar qilib, ulug‘ savobga ega bo‘lishini orzu qilib: “Ey Rabbim, mening ummatimni ummatlar ichida umri qisqa, amali oz qilding!” dedilar. Shunda Parvardigori olam: Siz va ummatingiz uchun, ey habibim, Qadr kechasini ming oydan afzal qildim, dedi. Shunda Rasululloh va barcha sahobalar quvonib ketishdi», deganlar.
Buyuk vatandoshimiz, alloma Abul Qosim Zamaxshariy (rahmatullohi alayh) aytadi: “Bu surada Alloh taolo Qur’oni karimni uch usul bilan ulug‘lagan: birinchisi, Qur’onni nozil etishni faqat O‘ziga mansub qilgan. Ikkinchisi, uning ulug‘ligi va sharafini bildirib, nomini ochiq aytmay, ishora bilan keltirgan. Uchinchisi, Qur’on nozil qilingan vaqtning qadrini oshirgan”.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning o‘tgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati), dedilar.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muso (alayhissalom) Alloh taologa nido qilib: «“Iloho, sening yaqinligingni bilishni istayman”, dedi. Alloh taolo: “Men Qadr tunida uyg‘oq bo‘lganlarga yaqindirman”, dedi. Muso (alayhissalom) yana: “Iloho, sening rahmating orzusidaman”, dedi. Alloh taolo: “Mening rahmatim Qadr kechasida miskinlarga rahm qilganlargadir”, dedi. Muso (alayhissalom): “Iloho, sirot ko‘prigidan yashindek o‘tishni istayman”, deganlarida, Alloh taolo: “Qadr kechasida faqirlarga sadaqa berganlarni oldinroq o‘tkazaman”, dedi. Muso (aalayhissalom) davom etib: “Iloho, jannat bog‘larida bo‘lishni va ularning mevasidan tanovul qilishni istayman”, dedi. “Qadr kechasida tasbeh aytib, Meni zikr etish bilan mashg‘ul bo‘lganlar jannat bog‘lariga sazovor bo‘lishadi”, dedi Alloh. Muso (alayhissalom): “Iloho, do‘zaxdan najot topishni istayman”, deganlarida, Alloh taolo “Qadr kechasida ko‘p istig‘for aytganlar do‘zaxdan najot topadilar”, dedi. Muso (alayhissalom) yana iltijo qilib: “Iloho, Sening roziligingni istayman”, deganlarida, Alloh taolo: “Ey Muso, Mening roziligimni qadr kechasida ikki rakat nafl namoz o‘qiganlar topadilar”, dedi (“Zubdatul voizin”).
Qadr Ramazon oyining nechanchi kechasi ekanini Alloh va Rasuli sir tutgan. Bandalar Ramazon oyining har kechasini qadr bilib, uni bedor o‘tkazishi uchun shunday qilingan. Lekin sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan uni aniqlab aytib berishlarini ko‘p so‘raganlaridan keyin dastlab Ramazonning uchinchi o‘n kunligida, keyinroq toq kechalaridan izlash kerakligi haqida aytganlar. Oxiri, u kechaning alomatlari Ramazonning 27-kechasi ekani ma’lum bo‘ldi (Tafsiri Bag‘aviy).
Oysha (roziyallohu anho) aytadilar: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Laylatul qadrni Ramazonning oxirgi o‘n kunligining toq kunlarida kutinglar”, deb aytdilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Laylatul qadrning yana bir fazilati, bu kechada farishtalar va Ruh (ya’ni, Jabroil alayhissalom) Alloh taoloning izn-ixtiyori ila yil davomida qilinadigan barcha ishlarni belgilash uchun osmondan zaminga tushadilar.
Qadr kechasi to tong otgunga qadar tinchlik, osoyishtalik va salomatlik kechasidir. Aslida Ramazoni sharifning o‘zi rahmat, mag‘firat va tinchlik-omonlik oyidir. Shu bois oylar sultoni Ramazonni xotirjamlik va osoyishtalikda o‘tkazishimiz, uning har bir kun va soatini g‘animat bilishimiz lozim.
Tolib NIZOM
Siz yaxshi fe’l-atvorga ega bo‘lgan holda oilangiz, qarindosh-urug‘larga silai rahmli, ota-onangizga va atrofingizdagilarga yaxshilik qilayotgan bo‘lsangiz...
Tongni Allohga tasbehu hamd ila qarshi olib, Uni ulug‘laganingiz holda qosh qoraytirsangiz...
Alloh yaratgan narsalarida go‘zallikni ko‘rishga ishtiyoqmand bo‘lsangiz...
Yaralmishlarning bari Allohga tasbeh aytishini anglab yetsangiz va siz befoyda narsalar uchun emas, aksincha, buyuk ishlar uchun yaratilgan ekaningizga inonsangiz...
Odam bolalarining xatokor ekanini anglab, sizga yomonlik qilganni afv etish va ularga nisbatan kengfe’l bo‘lish harakatida bo‘lsangiz...
Agarda siz manmanlik, mansabparastlik va adovatdan najotga erishgan bo‘lsangiz va aytib o‘tilmagan o‘nlab ijobiy xislatlar sizda topilsa, demak, siz Allohning hikmatini tushunib yetishga, U Zotga yaqinlashishga, Uni yaxshi ko‘rib, Unga shukr qilishga qodir kishiga aylanibsiz.
Alloh sizni boshqalardan afzal va mukarram qilgan, maqsadlaringizga erishtirgan. Shu tariqa siz inson Allohning yerdagi xalifasi ekanligini tushunib yetasiz va Allohning muxlis bandalari qatoridan o‘rin olishga tayyor bo‘lib borasiz.
Hakimlardan biri aytadi: “Kim oltita narsa bilan rizqlansa, boshqa bir oltitadan mahrum bo‘lmaydi:
1. Kimga shukr qilish nasib qilsa, ziyodalikdan mahrum bo‘lmaydi.
Zero, Alloh taolo Ibrohim surasining 7-oyatida: «...Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir», deydi.
2. Kimga sabr qilish nasib etsa, savobdan mahrum bo‘lmaydi.
«...Albatta, sabr qilguvchilarga (oxiratda) mukofotlari behisob berilur»[1].
3. Kim tavba bilan rizqlansa, qabuldan mahrum bo‘lmaydi.
Bunday deyilishiga sabab shuki, Alloh taolo: «U bandalaridan tavbani qabul qiladigan...»[2], degan.
4. Kim istig‘for bilan rizqlansa, mag‘firatdan benasib bo‘lmaydi.
Chunki Alloh taolo aytadi: «...Men dedimki: “Parvardigoringizdan mag‘firat so‘rangiz! Albatta, U (bandalariga nisbatan) o‘ta mag‘firatli bo‘lgan Zotdir”»[3].
5. Duo ila rizqlangan kishi ijobatdan mahrum qilinmaydi.
Zero, Alloh taolo G‘ofir surasining 60-oyatida aytadi: «...Menga duo qiling, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!..».
6. Kim ehson qilsa, o‘rni to‘ldirilmay qolmaydi. Zero, Alloh taolo Saba’ surasining 39-oyatida: «...Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur...», deya marhamat qiladi.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Zumar surasi, 10-oyat.
[2] Shuuro surasi, 25-oyat.
[3] Nuh surasi, 10-oyat.