Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Yanvar, 2025   |   22 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:43
Peshin
12:40
Asr
15:46
Shom
17:30
Xufton
18:47
Bismillah
22 Yanvar, 2025, 22 Rajab, 1446

Kitob taqdimoti: tarbiyaviy mazmundagi yangi kitoblar

20.05.2019   2738   5 min.
Kitob taqdimoti: tarbiyaviy mazmundagi yangi kitoblar

2019 yil 18 may kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti direktori Shamsuddin Bahauddinov muallifligidagi va qoraqalpoq tiliga tarjima qilingan bir qator kitoblarning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mehnat fahriysi, nuroniy Q. Kamalov, O‘zbekiston fanlar akademiyasining akademigi, filosofiya fanlari doktori, professor J.Bazarbayev, filologiya fanlari doktori K. Allambergenov, filologiya fanlari doktori, professor Sh.Abdinazimov, institut o‘qituvchilari, talabalar va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirni institut ilmiy kengashi raisi, akademik J. Bazarbayev boshqarib bordi. – Ilm yo‘lida olib borilgan tinimsiz mehnatlarning samarasi bo‘lgan ushbu kitoblarning taqdimoti aynan bizning institutda o‘tkazilishi va bizning ziyo maskanigna sovg‘a qilinishi biz uchun katta baxt va cheksiz quvonchga sabab bo‘ldi. Bu kitoblar ilmiy ahamiyat kasb etkanligidan dinshunuslik, ma’naviyat asoslari, islom tarixi fanlarini o‘qitishda qo‘llanma vazifasini bajaradi. «Islom dini – ommaviy madaniyatga qarshi mustahkam immunitet» deydi u o‘z so‘zida.

Bundan so‘ng muallif Shamsuddin Bahauddinov so‘zga chiqib, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga munosib xissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning asarlarini o‘rganish va ular yozib qoldirgan bebaho madaniy merosni kelajak avlodga yetkazishning bugungi kundagi ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Prezidentimizning: “tariximmz, madaniyatimiz, dinimizga bog‘liq bir bet qo‘l yozma bo‘lsa ham, ularni jamlab, xalqimizni, yoshlarimizni tanishtirish, bizning qanday ulug‘ va betakror merosimiz bor ekanligini anglatish, farzandlarimizni ushbu ulug‘ merosga munosib tarbiyalashdan iborat”, degan fikrlarini ta’kidladi. Haqiqatdan ham, jamiyatimizning rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan ilmlarni o‘rganish har bir yosh yigit va qizning bo‘ynidagi asosiy vazifalardan biri hisoblanishini bildirdi.

Yurtimiz rahbari 2018 yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga kelgan safari davomida Nukus shahridagi Imom eshon Muhammad jome’ masjidida bo‘lib, bu yerda nuroniylar va imom-xatiblar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shunda imom-xatiblarimizga, birinchi navbatda, ota-bobolarimizdan qolgan eski qo‘l yozmalarni o‘rgangan holda qo‘llanmalar va asarlar yozish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirgan edi.  Ko‘p yillik mehnatlarining samarasi o‘laroq Sh. Bahauddinovning muallifligidagi va tarjima mahsuli bo‘lgan: “Kәmil insan”, “Salamat ana hәm bala - jәmiyet gireo‘i”, “Oraza paziyleti”, “Namaz oqio‘ qag‘iydalari”, “Marhumlarg‘a azar bermeyik”, “Qurbanliq kitabi”, “Sarf sabaqlig‘i”, “Shamaili Muhammadiya”, “Ibadati Islamiya”, “Islam mәripati: negiz hәm tүsinik”, “Islam dinine ulio‘ma tәriyp”, “Haj hәm umra qollanbasi”, “ISHIM fitnasi”, “Internetke in qurg‘an өrmekshiler” singari o‘nlab kitoblar nashr etildi va xalqimizga in’om etildi.

Yo‘qorida nomlari keltirilgan kitoblar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tastiqlangan reja asosida Respublikamizdagi shahar va tuman hokimliklari, vazirliklar, oliy o‘quv yurtlari, idora va tashkilotlarga bepul tarqatildi.

– Bu tarjimadan so‘ng kitob yozishga bo‘lgan ishtiyoqimiz to‘xtab qolmaydi, hozirda Vatandoshimiz, buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning “Sahih hadislar” to‘plamini va Payg‘ambarimiz tarixidan so‘zlovchi kitoblar ustida ish olib boryabmiz, yaqin kunlarda xalqimizga havola etamiz degan umiddaman”, deydi muallif Shamsuddin Bahauddinov.

Sovg‘a sifatida institut axborot resurs markaziga 1200 dona kitob rektor B. Otemuratovga topshirildi. 

So‘ng mehnat fahriysi, nuroniy Q. Kamalov so‘zga chiqib, so‘ngi yillari yurtimizda amalga oshirilayotgan islohatlar, ayniqsa diniy sohada qilinayotgan katta-katta yangiliklar haqida aytib o‘tdi.

«Ko‘p yillik tajriba va mehnatlarimizning samarasi hisoblangan birinshi bor qoraqalpoq tilida nashr etilgan “Qurani kәriym mәnileriniң qaraqalpaq tilindegi ao‘darmasi hәm tәfsiri” kitobi mustaqil yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlardan hisoblanadi.

Albatta, tarjima ishi, ayniqsa Alloh taoloning Kalomi bo‘lgan Qur’oni karimni undagi oyatlarning mazmun-mohiyatini tushungan holda tarjima qilish buyuk va mashaqatli ish hisoblanadi».

Shuningdek, institutning o‘qituvchi-ustozlariga ushbu kitoblarni yaxshilab o‘rganishga targ‘ib qilib, «Islom ta’limoti asosida talabalarga dars bera olgan pedagog – yeng yetuk pedagog», – deb ta’kidladi.

Bundan so‘ng tadbirga kelgan mehmonlardan filologiya fanlari doktori K. Allambergenov, filologiya fanlari doktori, professor Sh. Abdinazimovlar so‘zga chiqib, bu kitoblarning ahamiyati, mazmun va mohiyatiga baho berib, kelajak davomchilarining ma’naviy kamolotining yuksalishida o‘z xissasini qo‘shadigan ilmiy mehnatlar majmui ekanligini o‘z fikr-mulohazalarida bildirib o‘tishdi.

Tadbir o‘z aro savol-javoblar va ishtirokchilarning fikr-mulohazalari bilan qizg‘in davom etdi.

Qoraqalpog‘iston qoziyoti matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

17.01.2025   6267   3 min.
Ehsoningiz o‘rnini Alloh to‘ldiradi

Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?

Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)

Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).

Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.

Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.

“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.

Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.  Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).

Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.

Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi