Ramazonning fazilatlarini har qancha gapirsakda, shuncha kamdir. Ayniqsa, bu oyning tarovati – ro‘za bilan yanada go‘zaldir. Kishi chin ixlos bilan ro‘za tutishni niyat qilar ekan, bu ibodatini faqatgina Alloh uchun ado etayotganini aniq anglaydi. Yaratgan roziligi uchun qiyinchiliklarga bardosh beradi, sabrli bo‘lishni o‘rganadi. Shu boisdan ham Alloh taolo hadisi qudsiyda ro‘zaning ajri ulug‘ ekanini aytadi: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”.
E’tibor bering, ro‘za tutgan kishi, Alloh taolo mukofotini O‘zi berishini bilgan holda kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkinmi? Darhaqiqat, ro‘zador tutayotgan ro‘zasini “Alloh ko‘rib turibdi” degan ixlos bilan ado etadi. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Ruhiyatidagi xotirjamlik tafakkurining tiniqlashib borishiga sabab bo‘ladi.
Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay. Iftor qilganda suyungay va qachon Robbisiga yo‘liqqanda suyungay”.
Qolaversa, bu oy buyukligining omillaridan biri ushbu hadisi sharifda go‘zal tarzda bayon qilinadi: “Qachon Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochilur, do‘zax eshiklari yopilur va shaytonlar kishanlanur”.
Ushbu hadis bu oyning naqadar ulug‘ maqomga ega ekanini tasdiqlaydi. Hadisdagi shaytonlar kishanlanganligi mo‘min-musulmonlarni ushbu imkoniyatlardan foydalanib qolishga, kitob mutolaasiga, ezguliklar qilishga chorlaydi.
Ramazonning fazilati bu oyda Qur’oni karim nozil qilinishi bilan bog‘liqdir. Bu borada Baqara surasining 185-oyatida shunday marhamat qilinadi:
“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”.
Shuningdek, bu oy mehr-muruvvat oyi bo‘lib, insonlar bir-birlariga ko‘mak beradilar, muhtojlarga yordam qo‘llari uzatiladi, o‘zaro yaxshiliklar qilinadi, bemorlardan hol-ahvol so‘raladi, arazlashgan kishilar muborak oyning sharofati bilan ginalarni unutadilar. Bu oyda butun yurtimizda ana shunday yaxshiliklar bilan, xotirjamlik va xursandchilik hukmron bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”.
Qolaversa, ushbu oyning sharofati bilan gunohlar avf etiladi, ro‘zadorlarga ko‘plab ajrlar beriladi.
Bu haqda Nabiyimiz sallallohu alayhi va sallamdan keltirilgan hadisda shunday deyiladi: “Ramazon oyining birinchi kechasi Alloh taolo aytadi: “Kim bizni yaxshi ko‘rsa, Biz ham uni yaxshi ko‘ramiz. Kim Bizni talab qilsa, Biz ham uni talab qilamiz. Kim Bizdan mag‘firat so‘rasa, Biz uning gunohlarini Ramazon hurmatidan kechiramiz”.
Ramazon o‘ttiz kun davom etadi. bu kunlarni mazmunli o‘tkazishga harakat qilish har bir musulmonning ulkan imkoniyatidir. Ezguliklarga shoshilish cheksiz savoblarga musharraf etadi. Bu oyda bilim olish, kitob mutolaasi ilmning ziyoda bo‘lishiga zamin yaratadi. Barakali kunlarning har bir lahzasi qimmatlidir. Ulardan foydalanib qoling!
Binobarin, quyidagi hadisda shahri sultonning naqadar buyuk ekani ta’kidlanadi: “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi, yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti
mudarrisi J.Kulbayev
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.