Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Iyul, 2025   |   7 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
02 Iyul, 2025, 7 Muharram, 1447

Shukrona...

16.05.2019   2778   8 min.
Shukrona...

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, yurtimizga oylarning sultoni, Qur’on oyi bo‘lmish muborak Ramazoni sharif o‘zining tarovati, saxovati va barakoti bilan tashrif buyurdi.

Ramazoni sharifning shukuhi yaqinda qalblarimizni yana bir quvonch, shodlikka to‘ldirdi.

2019 yilning 10 may kuni Chilonzor tumanida fazilatli shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh nomida yangi masjid ochildi.

Qariyb bir yildan ortiq vaqt mobaynida majmua hududida qurilish ishlari bir lahza bo‘lsin-da, to‘xtagani yo‘q. Va, nihoyat majmuada qurilish ishlari o‘z yakuniga yetib yurtdoshlarimiz uchun foydalanishga topshirildi.

Ushbu masjid hududi uzoq yillar qarovsiz holda yotgan edi...

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili fevral oyida Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi jarayonida So‘galli ota ziyoratgohiga kelib, masjid maydonini keng va ko‘rkam qilib qurish bo‘yicha topshiriqlar bergandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu masjid loyihasi bilan tanishar ekan, uni yanada takomillashtirish, bunda xalqimiz va ulamolarning takliflarini ham o‘rganish zarurligini ta’kidlagan edi. Shu tashrif asnosida Davlatimiz rahbari barpo etiladigan yangi masjidga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi berilishini taklif qildilar.  

Bu, elimiz uchun quvonchli xabar edi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh nafaqat yurtimizda, balki butun Islom olamida tan olingan olim edilar. Hayotlarini muqaddas dinimiz arkonlarini o‘rganishga va targ‘ib etishga, xalqimiz, yoshlarimizni diniy ma’rifat ruhida tarbiyalashga bag‘ishlagan muhaqqiq olimlardan edilar.

U kishi islom olamida ma’lum va mashhur bo‘lgan “Muxtasari Viqoya”, “Kifoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bid’at” kabi kitoblarni o‘zbek tilida sharhlab, o‘sha murakkab – 90-yillarda ko‘pdan-ko‘p behuda ixtiloflarning oldini olishga katta hissa qo‘shganlar.

U zotning muftiy lavozimida ishlagan paytlarida ham diniy sohada keng faoliyat yuritilib, ko‘plab xalqaro islomiy tashkilotlar va islom mamlakatlari bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga erishilgan. Bu insonning murakkab sinovlarga to‘la hayot yo‘llari barcha mo‘min-musulmonlarga ibrat hisoblanadi.

Yana quvonchga to‘la damlarga qaytsak...

Bugun 2 gektardan ziyod maydonda ulkan majmua bunyod etildi.

Joriy yilning 10 may kuni mazkur hududga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari bu masjid Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomiga munosib bo‘lganini alohida ta’kidladi. Shayx hazratlarining ilmiy merosini o‘rganish, ko‘proq ma’rifat va odob-axloqqa oid kitoblar chop etish, jamiyatimizdagi ma’naviy muhitni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Majmua hududida katta masjid, 200 kishiga mo‘ljallangan majlislar saroyi, kutubxona, muzey, qiroatxona, ayollar uchun alohida namozxona, tahoratxona joy olgan.

Masjidga kiraverishda muhtasham ichki va tashqi peshtoq qad rostlab turibdi. Majmuani bezab turgan ikkita minora ustiga kichik gumbazlar o‘rnatilgan, qubbalaridagi hilol masjid ko‘rkiga o‘zgacha chiroy berib turibdi.

Masjid devorlarini bezashda an’anaviy va zamonaviy usullardan mo‘tadillik bilan foydalanilgan. Masjidga chiroy berib turgan bezaklar u yerga tashrif buyuruvchi har bir inson ruhiyatida olam-olam iliq tasavvur paydo qiladi.

Majmuaga 3 ta kirish peshtoqi orqali kiriladi, tashqi va ichki favvoralar ishlab turibdi, avtoulovlar to‘xtashi uchun majmuaning ikki tomonidan maxsus joylar ajratilgan.

Majmua hovlisi to‘liq ko‘kalamzorlashtirilib, tashrif buyuruvchi ziyoratchilarga qulayliklar yaratish maqsadida zamonaviy rusumdagi o‘rindiqlar, chiqindi qutilari o‘rnatildi.

Yo‘l bo‘yida joylashgan So‘galli ota maqbarasi ham to‘liq ta’mirlanib, ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Toshkent shahri Chilonzor tumani "Ubay ibn Ka’b" jome masjidi imom-xatibi, Alixonov Mirzatillo Abdullajon o‘g‘li:

– Alloh taologa behad shukrlar bo‘lsin, shahrimizda yana bir muhtasham, ko‘rkam masjid paydo bo‘ldi. Uzoq yillar davomida qarovsiz, xaroba bir holda yotgan hudud obod bo‘ldi, eng muhimi, bu yerda Allohning bayti qad rostladi. O‘tgan yili davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ushbu hududga tashrifi chog‘ida bu yerda masjid barpo etish, maydonini keng va ko‘rkam qilib qurish bo‘yicha topshiriqlar bergan edilar. Majmua loyihasi bo‘yicha zarur tavsiyalar, takliflar o‘rtaga tashlangandilar.

Oradan bir yildan ortiqroq vaqt o‘tib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan ish o‘z nihoyasiga yetdi. Majmua va uning hududida masjid qurilib, xalqimizga taqdim etildi. Masjidga fazilatli shayximiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh nomlarining berilishi nur ustiga nur bo‘ldi. Masjid o‘zining qurilish arxitekturasi jihatidan ham boshqa masjidlardan ajralib turadi. Zamonaviy aloqa vositalari, jumladan, Wi-Fi bilan ta’minlangan. Yana bir xayrli ish, masjidga shayximizning farzandlari Ismoil Muhammad Sodiqning imom-xatib etib tayinlangani ham barcha yurdoshlarimiz qalbini quvonchga to‘ldirdi. Alloh taolo Prezidentimizning xayrli ishlarida O‘zi madadkor bo‘lsin! Umuman olganda bu Ramazoni sharifda mo‘min-musulmon uchun ulkan tuhfa bo‘ldi. Boshimiz uzra hilol bo‘lib turgan majmua barchamizga muborak bo‘lsin, azizlar!

 O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi «Islom tarixi va manbashunosligi» mutaxassisligi 2-kurs magistranti Mirhamidov Akmal Abdug‘ofur o‘g‘li:

– Bu masjid barchamizga davlatimiz rahbari tomonidan Ramazon tuhfasi bo‘ldi, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Masjidning kengligi, ko‘rkamligi, shinamligi, ayniqsa, ortiqcha zebu zar va naqshinkorliklardan holi ekanligi odamning ko‘ngliga o‘zgacha xotirjamlik baxsh etadi.

Majmuadan majlislar zali va kutubxonaning o‘rin olishi, ayni muddao bo‘ldi. Ayniqsa, o‘quvchi-talabalarning bundan ko‘pdan-ko‘p manfaat topishlari, shubhasiz. Qolaversa, Prezidentimizning asosiy maqsadlari ham ustozimiz Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining ilmiy meroslarini o‘rganib, bu yo‘ldagi faoliyatlarni davom ettirib kelajak avlodga yektazishdan iboratdir. Bu yerda talabalar kitob mutolaa qilish ko‘nikmasini shakllantiradilar. Umuman, majlislar zali, kutubxona va qiratxona bir-biri bilan uyg‘unlik kasb etgan. Kelajakda, hali bu yerda xalqaro yig‘ilishlar, forumlar, ilmiy anjumanlar o‘tkaziladi va o‘ylaymanki, bu joy o‘ziga yarasha islom dini tadqiqotlari markaziga aylanadi. Zero, ibodat va ilm bir-biri ila chambarchas bog‘liqdir. Ushbu majmuada ana shu uyg‘unlik nafasi ufurib turibdi. Fazilatli shayximiz nomidagi ushbu masjid dunyo turguncha xalqimizning diniy, ilmiy-ma’rifiy bilimini oshirishga xizmat qiladi, degan umiddaman.

Alloh taolo yangi majmuani barcha yurdoshlarimizga muborak qilsin. Barcha ro‘zadorlarning tutayotgan ro‘zalarini O‘z dargohida husni maqbul aylasin!

 

Anvar Abdulloh

Manba: https://islom.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Bir marta "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa...

30.06.2025   6893   2 min.
Bir marta

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!

Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.

Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.

U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.

Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.

Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...

«Nasihatlar guldastasi» kitobidan