11 may kuni Toshkent shahridagi yangi bunyod etilgan “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” nomidagi jome masjidda ilk taroveh namozi o‘zgacha fayzu tarovatda ado etildi.
Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan qurib bitkazilgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh nomlaridagi muhtasham masjidda bu yilgi Ramazon oyining ilk tarovehi katta shukuh bilan o‘qildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan ushbu muhtasham majmua barcha mo‘min-musulmonlarga Ramazon tuhfasi bo‘ldi. Majmua barcha qulayliklarga ega bo‘lib, keng va shinam tarzda barpo etilgan.
Shu kuni hufton namoziga azon aytilishidan ancha oldin yangi masjid xonaqohi muxlis namozxonlar bilan to‘ldi. Masjiddagi ilk namozni ado etish uchun ko‘plab namozxonlar bilan birga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligida yurtimizning ko‘zga ko‘ringan ulamolari tashrif buyurib, xalqimizni muborak Ramazon oyi hamda yangi masjid ochilgani bilan muborakbod etdilar. Muftiy hazratlari jumladan shunday so‘zlarni bildirdilar:
– Alloh taboraka va taologa beadad shukronalar bo‘lsinki, yurtimizga juda ham ulug‘ ne’matlar, tinchlik-osoyishtalikni berdi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilyapti. Ulug‘ allomalar mangu qo‘nim topgan joylarni obod qilish, ularning ilmiy meroslarini targ‘ib etishga katta e’tibor berilyapti. Kuni kecha Davlatimiz rahbari azim poytaxtimizda ikkita muhtasham masjid-majmualarini ochilishida ishtirok etdilar. Mana shunday shart-sharoitlarni muhayyo qilish ishlariga katta e’tibor berayotgan muhtaram Prezidentimizning haqlariga duoi xayrlar qilish har birimizning insoniy burchimizdir.
Taroveh namozi avvalida ushbu masjidga Shayx hazratlarining farzandi – Ismoil Muhammad Sodiq imom-xatib etib, hazratning shogirdi Bahodir qori Rahmatullayev imom noibi etib tayinlangani e’lon qilindi.
Namozdan so‘ng barcha namozxonlar qo‘llarini duoga ochib, marhum va mag‘fur Shayx hazratlarining ruhlari shod bo‘lishini, xatmi Qur’onning savobi u kishiga yetib borishini so‘rab Alloh taologa duo qildilar.
Shunday tabarruk masjidning bunyod etilishiga tashabbuskor bo‘lgan muhtaram Prezidentimizning ona-Vatan taraqqiyoti, mo‘min-musulmonlar manfaati yo‘lida olib borayotgan sharafli ishlarida Haq taolo madadkor bo‘lib, O‘zining hifzu himoyasida asrashini iltijo qildilar.
“Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf” jome masjidini Alloh taolo mo‘min-musulmonlarga muborak aylasin.
O‘MI Matbuot xizmati
Rasmlar muallifi Shahzod Shomansur
Er-xotin tez-tez urishib qolaverdi. Shunda ayoli eriga:
– Dadasi, qo‘shnilarimiz biror marta urishganini eshitmadim. Biz esa tez-tez janjallashib qolyapmiz. Qarshi bo‘lmasangiz, qo‘shni ayoldan buning sirini bilib kelaman, – dedi.
Eri rozi bo‘ldi. Ayol qo‘shni ayol bilan suhbatlashgani chiqib, undan oilada osoyishtalikni saqlash siri haqida so‘radi.
Bu paytda qo‘shni ayol oshxonada ovqat qilayotgan, uning eri esa stolda bir nimalarni yozib o‘tirgandi. Shunda birdan telefon jiringladi. Eri telefon oldiga borar ekan, bexos stol ustida turgan vazani turtib yubordi. Vaza yerga tushib, sindi. Bu holni ko‘rgan ayoli darrov kelib vazani siniqlarini tera boshladi. Eri ayoliga aybdorona qarab, uzr so‘radi. Ayoli esa: “Aslida men sizdan uzr so‘rayman. Chunki vazani stol ustiga – noqulay joyga qo‘ygan ekanman”, dedi.
Bu holni kuzatgan qo‘shni ayol uyiga qaytib keldi va nimalar ko‘rganini aytib berdi. So‘zi yakunida: “Oddiy bir ishda ular ikkalasi ham o‘zini aybdor hisoblarkan. Biz esa har ishda o‘zimizni haq, deymiz. Janjalimiz sababi shundan ekan”, dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Mana, osoyishtalik siri nimada ekan!
Akbarshoh Rasulov