Kambag‘al bo‘lib qolsang, siqilma. Sen G‘aniy Zotni taniganing uchun boysan. Ulug‘lar “Ey Alloh, meni Senga muhtojlik bilan boy qilgin, Senga yuzlanmaslik bilan meni faqir qilmagin” deb duo qilishardi.
Agar sen Robbingni tanigan bo‘lsang, faqirlik, kambag‘allik senga aslo zarar bermaydi. Agar sen Robbingning Roziqligini, sening rizqingni kengaytirib berishga qodirligini, U Zot seni boylik bilan imtihon qilganidek, faqirlik bilan ham imtihon qilishini bilsang, faqirlik senga zarar bermaydi.
U Zot bandalariga yaxshilik qiladimi-yo‘qmi deb boylik beradi. Boy bo‘lgan paytlarida ibodat qilganidek faqir holida ham ibodat qiladimi-yo‘qmi, boylik paytida Unga iqbol qilganidek faqirlik paytida ham iqbol qiladimi-yo‘qmi deb kambag‘allik bilan sinaydi.
Alloh taolo senga boylik, xotirjamlik berganda Unga ibodat qilib, faqirlik yetganda Uning ibodatidan yuz o‘girasanmi?!
Shunday qilib, kim Robbini tanisa, qo‘lidan ketgan narsalar unga zarar bermaydi. Allohni topgan kishi hamma narsani topibdi, Allohni yo‘qotgan, ya’ni Allohga ibodat qilish, Unga iltijo qilishdan yuz o‘girgan kimsa hamma narsani yo‘qotibdi, qo‘ldan boy beribdi.
Agar Robbingni tanisang, Uning eshigini taqqillatsang, Unga belingni egsang, Uning uchun sajdaga bosh qo‘ysang, senda naqadar boy, go‘zal ekaningni his qilyapsanmi?!
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
وَعَدَ اللّهُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ جَنَّاتٍ تَجْرِي مِن تَحْتِهَا الأَنْهَارُ خَالِدِينَ فِيهَا وَمَسَاكِنَ طَيِّبَةً فِي جَنَّاتِ عَدْنٍ وَرِضْوَانٌ مِّنَ اللّهِ أَكْبَرُ ذَلِكَ هُوَ الْفَوْزُ الْعَظِيمُ
“Alloh mo‘min er va mo‘mina ayollarga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni, ularda abadiy qolishni va barqarorlik jannatidan pokiza maskanlarni va’da qildi. Allohdan bo‘ladigan rozilik esa, eng ulug‘idir. Ana o‘sha ulkan yutuqdir”. (Kofir va munofiqlarni jahannam kutib turgan bo‘lsa, mo‘min va mo‘minalarni ajoyib jannatlar kutib turibdi. Kofirlar va munofiqlar do‘zaxda abadiy azob cheksalar, mo‘min va mo‘minalar jannatda abadiy maza qiladilar. Ularning doimiy istiqomat qiladigan jannatlarida pokiza maskanlar kutib turibdi. Lekin bu mo‘min va mo‘minalarga berilgan mukofotning oxirgi darajasi emas. Ularga beriladigan mukofotning eng ulug‘i Allohning roziligidir. Bu mukofotning oldida jannatlar va ularning bitmas-tuganmas ne’matlari ham hech gap bo‘lmay qoladi.) (Tavba surasi, 72-oyat).
Alloh taoloning solih amal qiluvchi mo‘minlarga beradigan mukofotlari nafaqat oxiratda, balki bu dunyoning o‘zida ham bo‘ladi. U Zot Kalomida shunday degan:
وَعَدَ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنكُمْ وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ لَيَسْتَخْلِفَنَّهُم فِي الْأَرْضِ كَمَا اسْتَخْلَفَ الَّذِينَ مِن قَبْلِهِمْ وَلَيُمَكِّنَنَّ لَهُمْ دِينَهُمُ الَّذِي ارْتَضَى لَهُمْ وَلَيُبَدِّلَنَّهُم مِّن بَعْدِ خَوْفِهِمْ أَمْناً يَعْبُدُونَنِي لَا يُشْرِكُونَ بِي شَيْئاً وَمَن كَفَرَ بَعْدَ ذَلِكَ فَأُوْلَئِكَ هُمُ الْفَاسِقُونَ
“Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga ularni yer yuzida xuddi ulardan oldin o‘tganlarni xalifa qilganidek xalifa qilishni, ular uchun O‘zi rozi bo‘lgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan so‘ng omonlikni badal qilib berishni va’da qildi. Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar. Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o‘shalar, o‘zlari fosiqlardir”. (Oldingi o‘tgan ummatlardan qaysi biri Alloh taologa iymon keltirgan va bu iymoni haqiqiy bo‘lib, butun vujudini qamrab olgan hamda o‘sha haqiqiy iymonlari taqozosi ila solih amallar qilib hayot kechirgan bo‘lsa, Alloh taolo ularni yer yuziga O‘zining xalifasi etib tayinlab qo‘ygan edi. Yer yuzida hukmi yuritilishi uchun ularni O‘ziga o‘rinbosar qilib qo‘ygan edi. Endi o‘shalar kabi yer yuzida xalifa bo‘lish imkoniyati faqat Muhammadning sollallohu alayhi vasallam ummatlarida bordir. Ularning mazkur xalifalikka erishishlari uchun asosiy shart–iymon keltirib, amali solih qilishdir. Islom ummati qachon ushbu shartni bajarganida, Alloh taolo va’dasining ustidan chiqqan.) (Nur surasi, 55-oyat).
Sahobalarning hayotlari qanday bo‘lgan?
Abu Hurayra roziyallohu anhu “Ahli suffa” (faqir sahobalar jamoasi)dan bo‘lganlar. Kimdir biror taom bersa yoki mehmonga chorlasa, taom yeganlar. Agar birov u kishini eslamasa, och holda uxlaganlar. Ochlik iztirobini kamaytirish uchun qornilariga tosh bog‘lab yurganlar. Keyinchalik bu zot Madinaning amiriga aylandilar. Katta bog‘lari bor edi.
Dunyo uchun g‘am qilmanglar! Qo‘lingizdan ketganiga siqilmanglar!
Dunyo uchun musobaqalashishdan ehtiyot bo‘linglar! Sizdan oldingilarni dunyo uchun musobaqalashish halokatga olib borgan edi.
Shayx Sa’iyd ibn Muhammad Kamaliy mav’izalaridan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hazrat Tahonaviy rahmatullohi alayhmurid va yaqinlariga «safar qilsangiz va yukingiz sizga bepul olib ketishingizga ruxsat bergan miqdordan ortiq bo‘lsa, albatta, ortiqcha yukning haqqini ado eting va keyin safar qiling», deya ko‘rsatma berar edilar.
Bir kuni u kishi safar qilish uchun vokzalga yetib keldilar. Poyezd kelishiga yaqin qolgan edi. Hazrat yuklarini olib, yuklar tortiladigan joyga yetib keldilar va navbatga turdilar. Tasodifan poyezdda birga ketadigan konduktor u yerga keldi va hazratni tanib qoldi. Darhol: «Hazrat, siz bu yerda nega turibsiz?» deb so‘radi.
Hazrat: «Yukimni torttirish uchun kelganman», dedilar.
Konduktor: «Sizga yukingizni torttirishga zarurat yo‘q. Hech qanday muammo bo‘lmaydi. Men siz bilan birga poyezdda ketaman. Ortiqcha yuk uchun haq to‘lashingiz shart emas», dedi.
Hazrat: «Siz men bilan birga qayergacha borasiz?» deb so‘radilar.
Konduktor: «Falon bekatgacha boraman», dedi.
Hazrat: «Keyin u yog‘iga nima bo‘ladi?» deb so‘radilar. Konduktor: «U bekatda boshqa konduktor keladi. Men unga bu hazratning yuklari, deb aytib qo‘yaman», dedi.
Hazrat: «U konduktor men bilan birga qayergacha boradi?» deb so‘radilar.
Konduktor: «U uzoqqa ketadi. Undan ancha oldin sizning bekatingiz keladi», dedi.
Hazrat: «Yo‘q, men ancha uzoqqa ketaman, oxirat tarafga ketaman, qabrimga ketaman. Qaysi konduktor men bilan birga ketadi?» dedilar. Keyin: «Oxiratda mendan bir davlatga oid poyezdda yukning haqqini ado qilmay qilgan safaring va o‘g‘irliging hisobini ber degan talab bo‘lsa, u yerda qaysi konduktor menga yordam bera oladi?!» dedilar.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan