"Laa ilaha illalloh" jannat kalitidir. Har bir kalitning tishlari bo‘lganidek, tavhid kalimasi – "Laa ilaha illalloh"ning ham tishlari mavjud. Ular quyidagilardir.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Allohdan boshqa iloh yo‘qligini bilib vafot etsa, jannatga kiradi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning oxirgi so‘zi "Laa ilaha illalloh" bo‘lsa, jannatga kiradi», dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Hokim rivoyati).
Rasululloh sollalohu alayhi vasallam: «Kim "Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘qdir, Muhammad Uning Rasulidir deb guvohlik bersa", Alloh unga do‘zaxni xarom qiladi», deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim "Ashhadu an laa ilaha illallohu vahdahu laa sharika lahu va anna Muhammadan ’abduhu va rasuluhu…", deb guvohlik bersa hamda jannat va do‘zaxni haq deb bilsa, Alloh taolo jannatdagi sakkiz eshikning xohlaganidan kirgizadi», dedilar.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: "Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlar ichida qiyomat kuni shafoatingiz bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi kim?" dedim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Abu Hurayra, aniqki, shu gapni sendan oldin hech kim so‘ramasligini bilar edim, chunki hadisga o‘ta harisligingni ko‘rganman. Odamlar ichida qiyomat kuni shafoatim bilan eng saodatmand bo‘ladigan kishi "Laa ilaha illalloh"ni qalbidan ixlos bilan aytgan kishidir», dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Uchta (xislat) borki ular kimda bo‘lsa, u imon ta’mini his qiladi. Kimgaki Alloh va Uning Rasuli boshqa barcha narsalardan sevimli bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan kishisini Alloh uchun yaxshi ko‘rsa, kufrga qaytishni olovga uloqtirilishni yomon ko‘rgandek yomon ko‘rsa", dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
Ma’ruf ibn Fayruz al-Karxiy rahimahulloh aytadilar:
“Dunyo to‘rt narsadan iborat: mol, so‘z, uyqu va taom. Mol tug‘yonga olib boradi, so‘z adashtiradi, uyqu esdan chiqaradi, taom shahvatga yetaklaydi”.
“Solihlar ko‘p, lekin ular ichida siddiqlar kam”.
“Alloh kimga yaxshilikni istasa, unga amal eshigini ochib, tortishish eshigini yopadi. Agar yomonlik istasa, amal eshigini yopib, tortishish eshigini ochadi”.
“Allohga tavakkul qil, toki U sening ustozing va shikoyat qiladigan Zoting bo‘lsin. Chunki insonlardan naf yo‘q”.
“Ko‘zlaringizni tiying, hatto urg‘ochi qo‘ydan ham”.
“Saxiylik — muhtoj paytda muhtoj narsani boshqa birovga berishdir”.
“Tungi ibodat mo‘min uchun qiyomat kunida nur bo‘lib, o‘ngu so‘lini yoritadi. Kunduzgi nafl ro‘za esa, bandani do‘zaxning issig‘idan uzoqlashtiradi”.
“Qiyomat kunida bir nido qilguvchi: “Ey Allohni madh qilganlar turinglar”, deb nido qiladi. Shunda, “Qul huva Allohu ahad”ni ko‘p o‘qiganlar turishadi”.
“Avliyolarning alomati nima?” — deb so‘rashdi. “Alomatlari uchtadir: Alloh uchun g‘am chekadi, Alloh bilan mashg‘ul bo‘ladi va Alloh tomonga qochishadi”.
Dovud Toiyning do‘stlaridan biri menga: “Amalni tashlama. U seni Robbingning roziligiga yaqinlashtiradi”, dedi. Men undan: “Qaysi amalni?” deb so‘radim. U: “Robbingga doimiy itoat, musulmonlarga xizmat va ularga nasixat” dedi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV