Mamlakat Turizm vazirligi sakkizta yangi davlatga: Ozarbayjon, Albaniya, O'zbekiston, Janubiy Afrika, Gruziya, Tojikiston, Qirg'iziston va Maldiv orollariga “elektron nizom” asosida ziyorat vizasi berish bo'yicha yangi qadam tashladi. Mazkur davlat fuqarolari qirollikdagi xalqaro portlardan biriga etib kelgan vaqtda Qirollikka elektron shakldagi ziyorat vizasi uchun talabnoma bilan murojaat etishlari mumkin bo'ladi.
Ushbu qadam Qirollikning sayyohlik strategiyasi va turizm sektorining 2030 yilga mo'ljallangan maqsadlariga mos keladi. Bu sohaning yalpi ichki mahsulotdagi hissasini 3 foizdan 10 foizga oshirish, mamlakat fuqarolarini bir million qo'shimcha ish o'rinlari bilan ta'minlash va 2030 yilgacha 100 million sayyohni jalb qilishni o'z ichiga oladi.
Tashrif vizasi shaxslarga Podshohlikning turli hududlariga tashrif buyurish va umra marosimlarini bajarish imkonini beradi.
Saudiya Arabistoni Turizm vaziri Ahmad bin Aqil al-Hatib tomonidan chiqarilgan nizomda sayyohlar ushbu tartib va qoidalarga rioya qilishlari shart ekani, ular Qirollikda bo'lganlarida, o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni doimo o'zi bilan birga olib yurishlari ma'lum qilingan.
Vazirlik ziyorat vizasi haj ziyoratiga ruxsat bermasligini, shuningdek, Haj mavsumida Umra ziyoratini amalga oshirishga imkon bermasligini ta'kidladi. Bu esa Podshohlikning dunyo bilan xalqaro munosabati va muloqotini rivojlantirish hamda iqtisodiyotni takomillashtirishga qaratilgan sa'y-harakatlar asosiy maqsadlar zamirida ekaniga dalolat qiladi.
Turizm vazirligi Qirollikda turizm sohasi infratuzilmasini izchil rivojlantirish va kengaytirish bilan bir vaqtda qo'shimcha mamlakatlar va hududlarni qamrab olish uchun elektron ziyorat vizasi tizimini yanada kengaytirish niyatida ekanini ma'lum qildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
I.Ahmedov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi