Ramazon oyi ancha yaqinlashib qoldi. Bu oyning ulug‘ligini hamma biladi. Bu oyda qilinadigan amallarning savobi boshqa oylarnikiga qaraganda ko‘paytirib berilishini ham barchamiz yaxshi bilamiz. Naqadar barakotli oy ekani hech kimga sir emas. Xo‘sh, mana shunday ulug‘ oyni qanday o‘tkazmoqchisiz?
Qisqa muddatli oy
Ramazon oyi 30 kun yoki 29 kundan iborat. Yilga qiyoslaganda juda oz. Shu bir oyni toat, poklik, zikr, tilovat bilan o‘takaza olmaymizmi? Allohning izni va yordami bilan o‘tkaza olamiz. Bu muborak oyning har bir soniyasini g‘animat bilaylik! Bir soniyamiz ham zikrsiz o‘tmasin! Zero, ro‘zador odam zokir hisoblanadi.
Savoblar ko‘paytirib beriladigan oy
Bu oyda har bir solih amalning savobi ko‘paytirib beriladi. Buning uchun o‘sha amallar riyodan xoli bo‘lishi kerak. Naflga farzning, farzga boshqa oylardagi yetmishta farzning savobi berilishi aytilgan. Shu bois hamma o‘zini ibodatga, sadaqaga, ehsonga uradi. Ko‘p savob ishlab olishga intiladi. Keliing, bu oyda dangasalikni yig‘ishtirib, yengini shimarib, belni mahkam bog‘lab, ibodatni, solih amallarni ko‘proq qilib olishga urinaylik! Hadislardan birida: «Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: «Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini Men uchun tark qilur», dedi» deyilgan.
Ha, ro‘zaning savobi ulug‘. Boshqa ibodatlarning savobi, mukofoti, darajasi haqida hadislarda aytilgan. Masalan, namozni jamoat bilan o‘qisa 27 daraja ko‘p savob, hajga borganda odamlar bilan talashib-tortishmasa, gunoh qilmasa, onasidan tug‘ilgandek pok bo‘lib qaytadi. Ammo ro‘zaning savobi qanchaligini, mukofoti naqadar ulkanligini Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi.
Boshqa ishlarni kamaytiring!
G‘animat oyda ko‘proq solih amal qilib qolish uchun boshqa ishlarni biroz kamaytiraylik! Ulfatlar bilan gaplashish, telefonlarni kavlash, internetdan foydalanish, ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o‘tirish, turli suhbatlar bilan vaqt o‘tkazish, televizor ko‘rish, ko‘chalarni kezish, istirohat bog‘lariga borish, ko‘ngilochar maskanlarga tashrif buyurish va boshqa shu kabilarni ozaytirib, toatga kirishaylik! Vaqtlarimizni behuda sovurmaylik! Zero, bu oy tezda o‘tib ketadi. Keyin afsus qilib qolmaylik!
Hadisi sharifda shunday rivoyat kelgan: “Farishta Jabroil alayhissalom: “Ey Muhammad sallollohu alayhi vasallam, Ramazon oyi kirib, gunohlardan pok bo‘lmagan kishi xor bo‘lsin” –dedi.”Va men :”Omin”- dedim”.
Insoniy aloqalar
Bu oyda ota-onalarimiz, qarindoshlarimiz, qo‘shnilarimiz va boshqa dindoshlarimizga ko‘proq e’tibor beraylik!
Ota-onamizning xizmatlarini qilib, duolarini olishga bu oyda ko‘proq intilaylik! Iftorlik, saharliklariga sharoitlarni yaxshilab beraylik! Otamizning barcha namozlarga, tarovehga masjidga borishlari uchun qulaylik qilib beraylik! O‘zimiz birga borib, birga qaytaylik!
Qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash – silai rahmni bu oyda kuchaytiraylik! Qarindoshlarning orasida nochorlari, yetimlari bo‘lishi mumkin. Ularning sharoitini yaxshilashga, muammo va g‘amlarsiz, insonlarga muhtoj bo‘lmay ro‘za tutishlariga imkon qilib beraylik! Bu ishda ko‘p savoblarga erishamiz. Ya’ni sadaqaning savobi, silai rahmning savobi va Ramazonning barakasi sababli ulkan ajrlarga sazovor bo‘lamiz.
Bizning zimmamizda qo‘shnilarimizning haqlari ham bor.
Agar qo‘shnimiz qarindosh, musulmon bo‘lsa, zimmamizda uchta haqqi bo‘ladi. Musulmonlik, qarindoshlik va qo‘shnilik haqqi. Bizning yaxshiliklarimizga qarindosh qo‘shnilar ko‘proq haqli bo‘ladi.
Keyingi o‘rinda qarindosh bo‘lmagan musulmon qo‘shnimiz turadi. Ularning haqqi musulmonlik va qo‘shnilikdan iborat. Ularga yordam berish ham ko‘p savobga erishishimizga sabab bo‘ladi.
Oxirgisi esa musulmon bo‘lmagan qo‘shnimizdir. Ularning bizning ustimizda qo‘shnilik haqqi bo‘ladi. Bu ulug‘ oyda barcha qo‘shnilarimizga yaxshilik qilsak, ham bu oyning barakasidan savobimiz ko‘payadi, ham bir insonning qalbiga xursandchilik kiritganimiz sababli ajrimiz nihoyatda ortadi.
Musulmon odam dindoshlariga nisbatan mehribon bo‘lishi kerak. Ramazon oyida bu hukm yanada ta’kidliroq bo‘ladi. Shirin gapirish, muloyim bo‘lish, qo‘pollik qilmaslik, janjallashmaslik lozim bo‘ladi.
Muborak hadisi sharifda bunday deyiladi: “Ro‘za to‘siqdir. Qachonki sizlardan birortangiz ro‘zador bo‘lsa, yolg‘on so‘z gapirmasin, haqorat so‘zlarni aytmasin. Agar biror kishi u bilan urishsa yoki so‘kishsa, “men ro‘zadorman, men ro‘zadorman”, desin”.
Ya’ni, “men ro‘zadorman” deyishi bilan kishi “Men tilimni saqlashga Allohga va’da berganman, qanday qilib senga javob qaytaraman”, degan bo‘ladi.
Qur’on o‘qiylik!
Bu oy Qur’oni Karim nozil qilingan oydir. Alloh taolo bu haqida shunday marhamat qilgan:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi, 185-oyat)
Qur’oni Karimni Qur’on nozil bo‘lgan Ramazon oyida ko‘proq o‘qilmasa, yana qachon ko‘proq o‘qiladi?! Unutmaylik, Qur’ondan o‘qilgan bitta harfga bitta hasana beriladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Kim Allohning Kalomidan bitta harf o‘qisa, unga bitta savob yoziladi. O‘sha savob o‘n barobar ko‘paytiriladi. Men “alif lom mimni” bitta harf demayman. “Alif” bir harf, “lom” bir harf, “mim” bir harfdir” (Termiziy, Bayhaqiy, Tabaroniy rivoyat qilgan. Hadis sanadi sahih).
Qur’onning har bir harfi uchun beriladigan bu hasanalar Ramazon oyi sharofati bilan bundan ham ko‘paytirib beriladi.
Bu oyda Qur’onni eng kamida bir marta xatm qilishga urinaylik! Zero, Ramazonda Qur’onni xatm qilish sunnat amaldir!
Nafaqa va ehsonlar
Bu oyda oilamizga nafaqani keng qilib, iftorlik va saharliklariga yaxshi sharoit qilib berish va shu bilan birga atrofimizdagi bevalar, yetimlar, faqirlar va shu kabilardan moddiy ko‘magimizni ayamaylik! Agar molimiz nisobga yetib, zakot berishimiz farz bo‘lgan bo‘lsa, uni ham shu oyda ado etaylik! Insonning qalbini shodlikka to‘ldirish ulkan savobli amal. Endi bu ish Ramazonda qilinsa, uning savobini hisoblab bo‘ladimi?!
Ilm o‘rganaylik!
Ma’lumki, ilm o‘rganish har bir musulmonga farzdir. Har bir inson o‘ziga farz etilgan ilmni doim o‘rganib borishi va o‘zidagi ilmsizlik doirasini kamaytirishga harakat qilmog‘i lozim. Endi bu farz sanalgan ilm olish Ramazonda bo‘lsa, savobi, barakasi nihoyatda ko‘p bo‘ladi.
Xo‘sh, ilm o‘rganish uchun bu oyda qaysi kitoblarni o‘qiymiz?
Bu oyda avvalo Qur’oni Karim o‘qiymiz, keyin ro‘zaning hukmlariga oid kitobni qo‘lga olamiz. Tutayotgan ro‘zamizga doir hukmlarni yaxshi bilib olishga intilamiz. Chunki, biz ro‘zamizning mukammal, nuqsonlardan xoli bo‘lishini istaymiz. Ro‘zaga oid kitobni o‘qib bo‘lsak, keyin aqida, hadis, fiqh, ijtimoiy odoblar kabi mavzulardagi kitoblarni o‘qishni yo‘lga qo‘yamiz.
Farzandlarga Ramazonning ulug‘ligini anglatish
Farzandlarimizga go‘zal tarbiya berish dinimiz talabidir. Ana shu tarbiyaning bir qismi ularda dinimiz shiorlariga nisbatan hurmat, uni e’zozlash ruhiyatini shakllantirishdir. Bu oyning ibodatlariga ko‘p savob berilishi, muruvvat oyi, sabr oyi ekanini, Qur’on shu oyda nozil etilganini ularga tushuntirib borishimiz lozim.
Sabr oyida sabrni o‘rganamiz
Ro‘za tutgan inson sabr qilishni o‘rganadi. Kun issiq, iftorgacha vaqt uzoq bo‘lishiga qaramay, ro‘zador og‘zini ochmaydi, iftor vaqti kirgunicha sabr qiladi. Shuningdek, ro‘za tutuvchi odam gunohlardan ham tiyilib yuradi. Natijada, sabrni ham, gunohlardan tiyilishni ham o‘rganadi, faqirlarning ochligini ham his etadi. Ramazonda faqirlarga yordam berishni, gunohlardan saqlanishni yaxshi o‘rganib olgan kishi, Allohning marhamati bilan, bu ishlarini Ramazondan keyin ham davom ettiradi.
Taqvo oyi
Ro‘zani farz qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad taqvodorlikni o‘rganishdir. Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ كُتِبَ عَلَيْكُمُ الصِّيَامُ كَمَا كُتِبَ عَلَى الَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ لَعَلَّكُمْ تَتَّقُونَ
“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taoloning “shoyadki” degani “albatta” deganidir!
Taqvo – Alloh taoloning buyurganini qilish va qaytarganidan qaytishdir.
Odamlar ko‘rmay turgan paytlarda ham ro‘zasini ochmay yurgan ro‘zador bu oyda yaxshigina taqvo malakasiga ega bo‘ladi. Inson shu holatini butun yil davomida saqlab qolishga urinishi kerak. Zero, insonning boshqalardan mukarramroq etadigan o‘lchov – taqvodir!
Alloh taolo barchamizni ixlos bilan ro‘za tutib, kechalari bedor bo‘lib, gunohlari kechiriladigan va taqvo malakasiga ega bo‘ladigan bandalaridan qilsin, omin!
Nozimjon Iminjonov
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD