Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyun, 2025   |   16 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyun, 2025, 16 Zulhijja, 1446

“Tugun oshi”

29.04.2019   7045   3 min.
“Tugun oshi”

Nazira  kelin bo‘lib tushganiga  bir oycha bo‘lib qoldi. Chorshanba kuni tushlikka yaqin qo‘shni kelin kosada taom olib chiqib,  “Tugun oshi qilgan edik, Qur’on o‘qib yuborarsizlar. Tugunlarimiz yechilib ketsin” , deya chiqib ketdi.  Nazira ota-onasining  uyida bunday holatga duch kelmaganidan qaynonasidan  tugun oshi nima uchun qilinishini so‘radi. Qaynonasi  yon qo‘shnisi har oyda chorshanba kuni tugun oshi, payshanba holvaytar, cho‘zma qilib, qo‘shnilarga  tarqatishini, bu odat islom dini ko‘rsatmalarida  yo‘qligini  qo‘shni ayolga qancha tushintirmasin taomga e’tiqod qilishini  tashlamaganini aytib berdi.

Boshiga biror muammo tushganida folbinmi, yaqinlarimi bilib-bilmay “tugun oshi” qilib yuborishni maslahat berishadi. “Tugun oshi” qanday odat? Bu to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Haqiqatan, ba’zi kimsalar chorshanba kuni  tugun oshi qilib, u orqali muammolar yechimini axtaradilar. Jumladan, ishi yurishmaganda, biron muammoga duch kelganida, o‘g‘il-qizlarining baxti ochilmaganida, kelini yoki qizining ko‘zi yorishi yaqinlashganida bunday ishlarni qilish omma xalq orasida urf bo‘lgan. Ammo buning shariatimizga hech qanday daxli yo‘q. Aslida o‘sha chuchvara, xolvaytar va boshqa taomlar pokiza holatda qilinsa, ularni “bismilloh” aytib yeyish mumkin. Biroq ular insonni biron muammodan qutqaradi, yo‘li ochilishiga sabab bo‘ladi, degan e’tiqodda bo‘lish noto‘g‘ri!

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“Allohni qo‘yib, foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar qilsangiz, unda, albatta, Siz zolimlardandirsiz”.

“Agar Alloh Sizga biror zarar yetkazsa, bas, Uning O‘zidan boshqa uni ketkazadigan (kuch) yo‘qdir. Agar Sizga biror yaxshilik (yetkazish)ni istasa, Uning fazlini qaytaruvchi (kuch) ham yo‘qdir. Uni (fazlini) bandalaridan xohlaganiga yetkazur. U Kechirimli va Rahmlidir” (Yunus surasi, 106-107 oyatlar).

Tashvish va muammolardan qanday qutulish lozimligi haqida dinimizda boshqa ko‘rsatmalar kelgan. Jumladan, biron ishda ikkilanish bo‘lsa, istixora qilishga, muammolardan qutula olmay turgan bandaga ko‘p istig‘for aytishga, kelishi mumkin balolardan saqlanish uchun ixtiyoriy sadaqalar berishga targ‘ib qilingan. Biroq taom tayyorlab, Qur’on tilovat qilish va o‘sha taomga ishonib qolish musulmon bandaga to‘g‘ri kelmaydi. “Chorshanba murodbaxsh kun”, degan ishonch ham shu bilan bog‘liq bo‘lsa ajab emas.

Xullas, xalq orasida keng tarqalgan bu odatlar Islomga butunlay yotdir. Ular bid’at-xurofotdan boshqa narsa emas. Unutmaylikki, taom pishirish bilan tashvish arimaydi, shariatimizda taom ustida tilovat qilishga buyurilmagan yoki bu ishga targ‘ib ham qilinmagan...

 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

06.06.2025   4215   4 min.
EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

Munosabat

 

Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.

Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.

Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.

Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.

Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu  davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.

E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.

Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.

Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.

Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.

Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.

Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.

Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.

Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.

Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!

Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy

 

Maqolalar