Nazira kelin bo‘lib tushganiga bir oycha bo‘lib qoldi. Chorshanba kuni tushlikka yaqin qo‘shni kelin kosada taom olib chiqib, “Tugun oshi qilgan edik, Qur’on o‘qib yuborarsizlar. Tugunlarimiz yechilib ketsin” , deya chiqib ketdi. Nazira ota-onasining uyida bunday holatga duch kelmaganidan qaynonasidan tugun oshi nima uchun qilinishini so‘radi. Qaynonasi yon qo‘shnisi har oyda chorshanba kuni tugun oshi, payshanba holvaytar, cho‘zma qilib, qo‘shnilarga tarqatishini, bu odat islom dini ko‘rsatmalarida yo‘qligini qo‘shni ayolga qancha tushintirmasin taomga e’tiqod qilishini tashlamaganini aytib berdi.
Boshiga biror muammo tushganida folbinmi, yaqinlarimi bilib-bilmay “tugun oshi” qilib yuborishni maslahat berishadi. “Tugun oshi” qanday odat? Bu to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz.
Haqiqatan, ba’zi kimsalar chorshanba kuni tugun oshi qilib, u orqali muammolar yechimini axtaradilar. Jumladan, ishi yurishmaganda, biron muammoga duch kelganida, o‘g‘il-qizlarining baxti ochilmaganida, kelini yoki qizining ko‘zi yorishi yaqinlashganida bunday ishlarni qilish omma xalq orasida urf bo‘lgan. Ammo buning shariatimizga hech qanday daxli yo‘q. Aslida o‘sha chuchvara, xolvaytar va boshqa taomlar pokiza holatda qilinsa, ularni “bismilloh” aytib yeyish mumkin. Biroq ular insonni biron muammodan qutqaradi, yo‘li ochilishiga sabab bo‘ladi, degan e’tiqodda bo‘lish noto‘g‘ri!
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Allohni qo‘yib, foyda ham, zarar ham yetkaza olmaydigan narsalarga iltijo qilmang! Agar qilsangiz, unda, albatta, Siz zolimlardandirsiz”.
“Agar Alloh Sizga biror zarar yetkazsa, bas, Uning O‘zidan boshqa uni ketkazadigan (kuch) yo‘qdir. Agar Sizga biror yaxshilik (yetkazish)ni istasa, Uning fazlini qaytaruvchi (kuch) ham yo‘qdir. Uni (fazlini) bandalaridan xohlaganiga yetkazur. U Kechirimli va Rahmlidir” (Yunus surasi, 106-107 oyatlar).
Tashvish va muammolardan qanday qutulish lozimligi haqida dinimizda boshqa ko‘rsatmalar kelgan. Jumladan, biron ishda ikkilanish bo‘lsa, istixora qilishga, muammolardan qutula olmay turgan bandaga ko‘p istig‘for aytishga, kelishi mumkin balolardan saqlanish uchun ixtiyoriy sadaqalar berishga targ‘ib qilingan. Biroq taom tayyorlab, Qur’on tilovat qilish va o‘sha taomga ishonib qolish musulmon bandaga to‘g‘ri kelmaydi. “Chorshanba murodbaxsh kun”, degan ishonch ham shu bilan bog‘liq bo‘lsa ajab emas.
Xullas, xalq orasida keng tarqalgan bu odatlar Islomga butunlay yotdir. Ular bid’at-xurofotdan boshqa narsa emas. Unutmaylikki, taom pishirish bilan tashvish arimaydi, shariatimizda taom ustida tilovat qilishga buyurilmagan yoki bu ishga targ‘ib ham qilinmagan...
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan