90-yillardan boshlab Tatariston 1,5 mingga yaqin masjidlarni qurish va qayta tiklashning uddasidan chiqdi. Sntat.ru nashri xabariga ko‘ra, bu haqda KazanSummit 2019 doirasidagi anjumanda Tatariston davlat maslahatchisi Mintimer Shaymiyev ma’lum qilgan.
Tatariston birinchi prezidentining aytishicha, KazanSummit — bu turli xil mamlakatlar, dinlar va millatlar vakilarining uchrashadigan, bir-biri bilan yangi aloqalarni o‘rnatadigan, hamkorlikni muhokama qiladigan joy. Afsuski, avvallari buning imkoni yo‘q edi, negaki zamonaviy Rossiya hududida ateistik davlatni qurish rejalashtirilayotgan edi.
«Xususan, 90-yillarning boshiga kelib Tataristonda bor-yo‘g‘i 23ta faoliyat ko‘rsatayotgan masjid qolgan edi. Qisqa davr ichida Tataristonda 1,5 mingga yaqin masjidlar qayta tiklandi va faoliyat yuritmoqda. Bu e’tiqod abadiy va uni yo‘qotib bo‘lmasligining yorqin ko‘rsatkichi hisoblanadi», — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tataristonda turli millat va diniy konfessiya vakillari bahamjihat va tinch-totuv yashashning uddasidan chiqishmoqda.
«Bu murakkab zamonda bizga ko‘p narsa bog‘liq. Afsuski, ko‘pincha dinlararo va konfessiyalararo nizolarga duch kelib turibmiz. Bizning vazifa - faol ravishda ushbu kuchlarga qarshilik ko‘rsatish. Biz birgalikda – kuchmiz», — ta’kidladi Shaymiyev.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
“IQNA” saytining “Maspero” nashriga tayanib xabar berishicha, Misr milliy matbuot tashkiloti rahbari, yozuvchi Ahmad al-Muslimaniy Misrdagi taniqli qorilarining fotosuratlari, qo‘lyozmalari, shartnomalari, yozib olingan qiroatlari va ularga tegishli bo‘lgan ashyolarni o‘z ichiga olgan “Qur’on qorilari muzeyi” tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, muzey Qur’oni karim radio tarmog‘iga aloqador bo‘lib, unga “Maspero” radio va televideniye binosida maxsus joy ajratilgan.
Al-Muslimaniyning so‘zlariga ko‘ra, muzeyga eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli Qur’on karim qorilarining oilalari bilan yangi muzey uchun qorilarga tegishli ashyolarni yig‘ish uchun munosabatlar o‘rnatilgan. Muzey taqdim etilgan ashyolar ko‘rgazmaga qo‘yilganidan keyin tartibga keltiriladi va ommaga tashkillashtirilgan tashriflar uchun faoliyatini boshlaydi.
Ilyosxon Ahmedov tayyorladi