Bugun 2019 yilning 16 aprel kuni Islom dunyosining mashhur olimi Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh va mehmonlar Buxoro ziyoratini yakunlab, Samarqand sari yo‘l olishdi.
Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh Samarqand shahrida hurmat va ehtirom ila kutib olindi.
Mehmonlar dastlabki ziyoratni hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy yodgorlik majmuasidan boshladilar. Buyuk vatandoshimizning marqadlarida Qur’on tilovat qilindi.
So‘ngra, mehmonlar hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy mangu qo‘nim topgan muqaddas majmua yonida tashkil etilgan hadis ilmi maktabiga tashrif buyurishdi. Tashrif chog‘ida ziyoratchilarga maktab faoliyati va olib borilayotgan islohotlarning muhim ekanligi, Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyati, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Yig‘ilgan ahli ilmlarga hadisdan ijozalar berildi hamda o‘zbekona urf-odatlarimizga muvofiq mehmonga do‘ppi va to‘n kiydirildi.
Tashrif chog‘ida Ulug‘bek rasadxonasi ham ziyorat qilindi va mehmonlar uning boy tarixi bilan tanishtirildi. Muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahullohning yurtimizdagi safarlarining davomi imom Moturidiy ziyoratgohi bilan davom etdi. Ushbu ziyoratgoh 2000 yilda Chokardiza qabristoni hududida kalom ilmining moturidiya oqimi asoschisi Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiyga bag‘ishlab bunyod etilgan.
Shundan keyin Xo‘ja Ahror Valiy majmuasi ziyorat qilindi va peshin namozi ado etildi. Ta’kidlash joizki, mashhur olim Shayxul islom, muftiy Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh yomg‘irli ob-havoga qaramay ziyorat safarlaridan mamnun ekanliklarini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Islom.uz portali tahririyati
Manba: https://islom.uz
Kecha, 13 may kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilarimizning ilk guruhlarini Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj – 2025” ishchi guruhi vakillari, mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashesi Shuhrat Amoniy va boshqa mutasaddilar tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, gullar ila ikrom qilindi.
Ayni damda ziyoratchilarimiz mehmonxonalarga joylashib bo‘lganidan so‘ng ixlosu imon bilan ibodatlarni ado etish, xususan, Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga oshiqmoqdalar.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilib, ibodatu duolarini ijobat aylasin, Ravzai sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati