“Istig‘for” bandaning Alloh taolodan mag‘firat (gunohlarini kechirishini) so‘rashidir. Buning lafzlari: Astag‘firulloh, Astag‘firullohal-’aziym kabi lafzlardir.
Istig‘forning foydalari nihoyatda ko‘pdir.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim istig‘forni lozim tutsa, Alloh unga har bir torlikdan chiqishni, har bir g‘amdan kushoyish nasib qiladi. Hamda uni o‘zi bilmagan joydan rizqlantiradi”, dedilar”.
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Inson bu dunyoda turli sinovlarga duch keladi. Boshiga tashvish tushadi, muammolardan chiqadigan yo‘lni topolmay qoladi, topish-tutishi kam bo‘lib, yetishmovchiligi ortadi va hokazo. Bularning barchasini muolaja qiladigan eng muhim narsalardan biri – istig‘fordir! Demak,
Faqirlik, yetishmovchilikdandan qiynalyapsizmi? Istig‘for ayting!
Azobu mashaqqatlardan qutulmoqchimisiz? Istig‘for ayting!
Yomg‘ir yog‘may, o‘simliklar, hayvonlar tashnalikdan nobud bo‘lyaptimi? Istig‘for ayting!
G‘amlar ezib yubordimi? Istig‘for ayting!
Qarzga botib, uni to‘lashga qiynalyapsizmi? Istig‘for ayting!
Rizqda baraka yo‘qmi? Istig‘for ayting!
Farzand talabidamisiz? Istig‘for ayting!
Dehqonchilik yaxshi bo‘lmayaptimi? Istig‘for ayting!
Quvvatingiz ziyoda bo‘lishini xohlaysizmi? Istig‘for ayting!
Gunohlaringiz kechirilishini istaysizmi? Istig‘for ayting!
Munofiqlikdan omonda bo‘lishni istaysizmi? Istig‘for ayting!
Bir kunda 100 marta istig‘for aytadigan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga munosib ummat bo‘lishni istaysizmi? Istig‘for ayting!
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:
– Haliyam uylanmadingmi?
– Yo‘q, – dedi u.
– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?
– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...
– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..
– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.
Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:
“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:
– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:
– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...
Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.
Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.
Akbarshoh RASULOV