Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2025   |   15 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2025, 15 Ramazon, 1446

«Oqlon» mahallasida yonib ketgan oltita xonadon egalariga moddiy yordamlar ko‘rsatildi

13.04.2019   4561   2 min.
«Oqlon» mahallasida yonib ketgan oltita xonadon egalariga moddiy yordamlar ko‘rsatildi

Xabaringiz bor,  18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi “Ko‘kcha Darvoza”, “Fuzuliy” va “Omon Muxtorov” ko‘chalarida joylashgan oltita xonadonda kuchli yong‘in bo‘lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan va 65 kishi boshpanasiz qolgan edi. Jami 380 kv.metr maydonda uylarning tom qismilari va ichki jihozlari butunlay yonib ketgan.

8 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari yong‘indan jabr ko‘rgan sakkizta xonadon ahllaridan xabar olib, hamdardlik bildirgan edilar.

Bugun 13 aprel kuni, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy hazratlari tashabbusi, Toshkent shahar vakilligi, Shayxontohur tumani imom-xatiblari ishtirokida xonadon sohiblariga 200 000 000 so‘mdan ziyod moddiy yordami yetkazildi. Yong‘indan jabr ko‘rgan xonadon sohiblari ko‘rsatilgan sahovat va e’tibor uchun minnatdorchilik izhor etib, bu xayrli ishga hissasi qo‘shilganlar haqqiga duoi-xayrlar qilindi.

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida quyidagilarni aytadilar: “Musulmon musulmonning birodaridir. Kim o‘z birodarining hojatini chiqarsa, Alloh uning hojatini chiqaradi. Kim bir musulmonni g‘amdan forig‘ qilsa, Alloh undan qiyomat kunining g‘amlaridan bir g‘amni forig‘ qiladi”

 Bunday qiyin damlarda mahalla ahllari ham musibat egalariga astoydil yordam ko‘rsatayotgani, xususan uylaridan boshpana berib, o‘z rizqi nasibasining yarmini qo‘shnilari bilan baham ko‘rayotgani tahsinga sazovordir.  Xonadonlarni qayta qurish ishlari ham xalq hashari yo‘li davom etmoqda.

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra»

11.03.2025   1920   4 min.
«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra»

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni Nabiy alayhissalomning ortlarida edim. U zot: «Ey bolakay! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda topasan. So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra. Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista. Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan», dedilar.

Termiziy rivoyat qilgan va bu hadis hasan, sahihdir, degan.

Termiziydan boshqalarining rivoyatida:

«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zotni ro‘parangda topasan. Allohni farog‘atda tanisang, U seni qiyinchilikda taniydi. Bilki, seni chetlab o‘tgan narsa senga yetmaydi. Senga yetgan narsa seni chetlab o‘tmaydi. Bilki, sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish keladi. Va albatta, qiyinchilik bilan yengillik bordir», deyilgan.

 

Sharh: Bir kuni Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning xachirlariga mingashib olib, u zotning ortlarida ketayotgan edilar. Shunda Nabiy alayhissalom u kishiga butun Islom ummatiga zarur bo‘lgan ushbu hadisi sharifdagi gaplarni aytdilar:

«Allohni(ng buyrug‘u qaytariqlarini) muhofaza qilgin, shunda U Zot seni muhofaza qiladi».

Allohning dinidagi amr va nahiylarga qat’iy rioya qilsang, Alloh taolo seni, ahli oilangni va dinu dunyoingni muhofaza qiladi. Zotan, U Zotdan o‘zga muhofaza qiluvchi yo‘q.

«Allohni muhofaza qilsang, U Zotni ro‘parangda ‎topasan».

Banda Alloh taoloning diniga og‘ishmay amal qilsa, duosi to‘xtovsiz qabul bo‘ladigan darajaga ham erishar ekan. Ushbu jumladan anglanadigan haqiqat shudir.

«So‘ramoqchi bo‘lsang, Allohdan so‘ra».

Chunki barcha narsa U Zotning ixtiyoridadir. U Zotdan o‘zga beruvchi yo‘q. Boshqa zohiriy beruvchilar ham U Zotning amri ila U Zotning berganidan beradilar. Shuning uchun oraga boshqani qo‘shmay, to‘g‘ridan to‘g‘ri haqiqiy beruvchining O‘zidan so‘rash kerak.

«Ko‘mak istamoqchi bo‘lsang, Allohdan ista».

Chunki haqiqiy ko‘makchi – U Zotning O‘zidir. Boshqalarning barchasi ko‘makka muhtoj.

«Bilki, agar butun ummat (mahluqotlar) senga biror manfaat berish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini bera olmaydi‎. Agar ularning hammasi senga biror zarar yetkazish uchun jamlansa ham, Alloh senga yozgan narsadan boshqasini yetkaza olmaydi. Qalamlar ko‘tarilgan, sahifalar qurigan‎».

Foyda ham, ziyon ham Allohdandir. Allohning dunyodagi barcha maxluqotlari jamlanib, senga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa ham, Alloh taqdiringga bitgan narsadan boshqasi bo‘lmaydi. Shuning uchun hammani qo‘yib, faqat Alloh taoloning O‘zigagina tavakkul qil.

Ushbu rivoyatdan olinadigan foydalar:

1.     Bolalarga xush muomalada bo‘lib, ularga ta’lim-tarbiya berish;
2.     Allohning buyrug‘u qaytariqlariga bo‘ysunish U Zotning muhofazasiga sabab bo‘lishi;
3.     Talab-istaklarni faqat ularni bajo keltiruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
4.     Ko‘mak va yordamni haqiqiy ko‘mak beruvchi Zotdan – Allohdan so‘rash kerakligi;
5.     Foyda ham, ziyon ham Allohdan ekani;
6.     Barcha maxluqotlar jamlanib, bir insonga zarracha foyda yoki ziyon yetkazmoqchi bo‘lsa, Alloh taqdirda bitgan narsadan boshqasi bo‘lmasligi;
7.     Banda farog‘at paytida Allohni yodga olib, toat-ibodatda bo‘lsa, qiyinchilikka yo‘liqqan paytida U Zot uni yordamsiz tashlab qo‘ymasligi;
8.     Sabr ortidan yutuq, g‘am-g‘ussa ortidan kushoyish, qiyinchilik ortidan yengillik kelishi.

«Hadis va Hayot» kitobi asosida
Muhammad Ali Muhammad Yusuf tayyorladi