Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
O‘zing urush maydonidan uzoqda bo‘la turib, shijoat haqida gapirishing buncha oson bo‘lmasa!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Boshqalarning hayotini yoritib, o‘zini yondirib, eritgan sham kabi bo‘lma!
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Jamiyatimizdagi g‘alati ishlardan biri – o‘zing haqingda sen ham bilmaydigan qissani eshitishingdir.
Ibrohim Fiqiy
*****
Johil kimsaning tortishuvda chekinishi qiyin masala.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Ba’zilar gumonga ishonib seni sotib yuboradi. Ba’zilar ayblaring bo‘lishiga qaramay, seni sotib oladi.
“Fikr durdonalari”
*****
Agar senga yerdagi kimsa zulm qilsa, Alloh taoloning adolatini unutma!
“Fikr durdonalari”
*****
Puling ko‘payib, ishlaring yurishganda, do‘stlaring qatorida ko‘plab hasadchi, ikkiyuzlamachi, laganbardor “do‘stlar” ham ko‘payadi.
“Fikr durdonalari”
*****
Do‘stlaring orasida sun’iylik nimaligini bilmaydigan, niqobdan foydalanmaydigan, seni xursand qilishga intiladigan, mahzun bo‘lsang, birga mahzun bo‘ladigan kishilarning borligi saodatdandir.
“Fikr durdonalari”
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati