Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyun, 2025   |   18 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
14 Iyun, 2025, 18 Zulhijja, 1446

«Hilol» nomli yangi ilmiy-ma’rifiy jurnal nashrdan chiqdi

10.04.2019   2464   2 min.
«Hilol» nomli yangi ilmiy-ma’rifiy jurnal nashrdan chiqdi

Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari safiga yana bir yangi nashr qo‘shildi: «Hilol-nashr» nashriyot-matbaa majmuasi muassisligida «Hilol» ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy-adabiy jurnali nashr etila boshlandi. Jurnalni nashr etish g‘oyasi atoqli olim, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga tegishli bo‘lib, u kishi boshlagan katta ilmiy-ma’rifiy ishlarning uzviy davomi sanaladi. «Sof Islom ma’rifatini keng yoyish» shiori ostida o‘z faoliyatini boshlagan jurnalga dinimiz ta’limotlarini yorituvchi zarur ma’lumotlar, ma’rifiy suhbatlar, amri ma’ruf va nahyi munkar qilish asosida katta islohotlar qarshisida turgan xalqimizga sof Islom ta’limotlarini tushuntirish, musulmonlar ma’rifatini oshirishga hissa qo‘shish vazifasi yuklangan.

Jurnalning ilk sonida «Tafsir», «Fiqh», «Sahobalar hayoti», «Dunyo olimlari e’tirofi», «Nasihat», «Farzand tarbiyasi», «Ayollar sahifasi», «Adabiyot», «Mashhur masjidlar» kabi o‘nlab ruknlar ostida Islom dini ta’limoti va musulmonlar hayotiga oid ko‘plab qiziqarli materiallar e’lon qilingan. Ayniqsa, mashhur arab olimi shayx Muhammad Avvomaning «Bu yurtning ilmga sadoqatiga guvohmiz!» nomli maqolasi, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandalaridan biri Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratlarining ayollarga er bilan munosabatlarni yaxshilash borasida qilgan nasihatlari, farzandlar qalbida Alloh taologa muhabbat uyg‘otish yo‘llari haqidagi maqolalar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.

Har bir nashr o‘z o‘quvchilarining muhabbatini qozonish, ularning qalbiga yetib borish va o‘zaro muloqotni kuchaytirish orqaligina e’tibor topadi, ommalashadi. Shu bois tahririyat o‘quvchilarga murojaat qilib, jurnal bilan muntazam hamkorlik qilish, qimmatli tavsiya-maslahatlari, fikr-mulohazalari bilan jurnal faoliyatida ishtirok etishga chorlaydi.

Yangi jurnal mamlakatimizning barcha musulmonlariga muborak bo‘lsin, uning qadami qutlug‘ kelsin! Ko‘p yillar davomida xalqimizga buyuk Allohni tanitish, umumbashariyat uchun foydali bo‘lgan dinimizning barcha nodir, ezgu fazilatlarini bayon etish, odamlarimiz iymon-e’tiqodini yanada mustahkamlash, ularga din arkonlarini o‘rgatishda eng yaxshi hamkor va yo‘ldosh bo‘lishini Allohning O‘zi muvaffaq aylasin!

Islom.uz portali tahririyati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

05.06.2025   18277   4 min.
O‘zbekiston hojilarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

 

Bismillahir Rohmanir Rohim

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh

Muhtaram Prezident Janobi Oliylari!

 

Alloh taologa behisob shukrki, Sizning bevosita tashabbuslaringiz va sa’y-harakatlaringiz bilan haj amallarini yuqori saviyada tashkil etishga muvaffaq bo‘lmoqdamiz.

Bunday e’tibor va ehtiromni biz hojilar chin yurakdan his etib, yaratilgan barcha qulayliklar uchun Sizga chuqur minnatdorlik izhor etamiz.

Hurmatli Prezident Sizni va Siz orqali yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etayotgan hamyurtlarimiz nomidan musulmon ummati uchun eng ulug‘ bayram – Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Biz, o‘zbekistonlik hojilar shunday fayzli kunlar uchun shukronalar aytib, Haq taolodan jonajon yurtimizga qut-baraka, aziz xalqimizga farovonlik va farzandlarimizga barkamollik so‘rab ezgu duolar qilmoqdamiz.

Zero, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) “Duolarning eng yaxshisi arafa kuni qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar.

Alloh taoloning bayti joylashgan muqaddas zaminda – Mino, Arafot kabi muborak manzillarda ulug‘ amallarni ixlos ila bajarmoqdamiz.

Sizni vaqt ajratib, muborak haj ziyorati uchun yaratilgan sharoitlar va salomatligimiz haqida so‘raganingiz hamda har kuni holimizdan xabardor bo‘lib turganingiz ibodat bilan yurgan biz hojilarni cheksiz darajada mamnun etdi.

Bunday e’tibor va ehtiromni Saudiya Arabistonining mutasaddilari ham yuqori baholab, Siz Janobi Oliylariga hurmat va duolarini izhor etmoqdalar.

Muborak maskanlarda har bir ziyoratchi Sizning g‘amxo‘rligingizni yurakdan his qilib, ko‘zlarida yosh bilan duolar qilayotganini alohida aytib o‘tmoqchiman.

Sizga aytadigan yana bir xabarimiz, Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan yurtimizning diniy soha vakillari hamda ziyoratchilari tomonidan mavsum davomida Qur’oni karim 10 ming marotaba xatm qilinib, yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik tilab duolar qilindi.

Hurmatli Prezident, Siz yaratib bergan imkoniyatlardan ruhlanib, o‘zbekistonlik hojilar yurtga qaytganimizdan keyin “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Sizga ko‘makchi bo‘lmoqchimiz.

Siz boshchiligingizda yurtimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimizning ma’naviyatni yuksaltirish, ayniqsa yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, kerak bo‘lsa dunyoni egallashi kabi masalalar eng ustuvor vazifaga aylandi.

Shunday ekan, biz hojilar yurtimizga qaytgach, quyidagi ishlarni amalga oshirmoqchimiz:

– ona-Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, aholi orasida tinchlik-osoyishtalikni qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarga targ‘ib etish;

– kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilmni qadrlash va ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish;

– to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yoriylikka amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish;

– kiyinishda va muomalada oddiylik va kamtarinlikka amal qilish, dabdababozlik, isrofgarchilik, maishatbozlik kabi illatlardan yiroq bo‘lishni targ‘ib qilish;

– yoshlarni muvaffaqiyatlarga faqat o‘qib-o‘rganib, ilm bilan erishish mumkinligini o‘rgatish;

– ustozlar, o‘qituvchi va murabbiylarga doimo ehtirom ko‘rsatish, ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash ishlariga ko‘mak berish;

– mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish;

– hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish;

– xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish.

Barcha hojilarimiz yurtimizga qaytgandan so‘ng ushbu tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga va’da beramiz.

Zero, jonajon Vatanimiz kelajagi, xalqimiz farovonligi va yurtimiz shonu shuhrati Siz aytganingizdek yoshlarimiz qo‘lidadir. Ular ertaga O‘zbekistonni yanada kuchli, yuksak taraqqiy etgan davlatga aylantirish uchun o‘zlarining bor bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini safarbar qilsa, ko‘zlagan barcha ezgu maqsadlarimizga, albatta erishamiz.

Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:

“Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,

Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi”.

 

 

Hurmatli Prezident Janobi Oliylari!

 

Biz, 15 ming hoji duolar ijobat bo‘ladigan Arafotda turib, Alloh taolodan Sizga mustahkam sog‘lik, uzoq umr va ulkan muvaffaqiyatlar tilab, olib borayotgan barcha ishlaringizda madadkor bo‘lishini so‘rab iltijolar qilyapmiz.

Alloh taolo butun dunyo mo‘min-musulmonlariga Qurbon hayitini muborak aylasin, tinchlik-xotirjamlik ato etsin, ibodatlarimizni O‘z dargohida husni qabul aylasin, ona Vatanimizni obod, xalqimiz hayotini yanada farovon qilsin!

Qurbon hayiti muborak bo‘lsin!

 

Hurmat va kamoli ehtirom ila,

 

O‘zbekiston hojilari,

Makka shahri Arafot vodiysi,

2025 yil 5 iyun

Maqolalar