Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari safiga yana bir yangi nashr qo‘shildi: «Hilol-nashr» nashriyot-matbaa majmuasi muassisligida «Hilol» ilmiy-ma’rifiy, ijtimoiy-adabiy jurnali nashr etila boshlandi. Jurnalni nashr etish g‘oyasi atoqli olim, fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahullohga tegishli bo‘lib, u kishi boshlagan katta ilmiy-ma’rifiy ishlarning uzviy davomi sanaladi. «Sof Islom ma’rifatini keng yoyish» shiori ostida o‘z faoliyatini boshlagan jurnalga dinimiz ta’limotlarini yorituvchi zarur ma’lumotlar, ma’rifiy suhbatlar, amri ma’ruf va nahyi munkar qilish asosida katta islohotlar qarshisida turgan xalqimizga sof Islom ta’limotlarini tushuntirish, musulmonlar ma’rifatini oshirishga hissa qo‘shish vazifasi yuklangan.
Jurnalning ilk sonida «Tafsir», «Fiqh», «Sahobalar hayoti», «Dunyo olimlari e’tirofi», «Nasihat», «Farzand tarbiyasi», «Ayollar sahifasi», «Adabiyot», «Mashhur masjidlar» kabi o‘nlab ruknlar ostida Islom dini ta’limoti va musulmonlar hayotiga oid ko‘plab qiziqarli materiallar e’lon qilingan. Ayniqsa, mashhur arab olimi shayx Muhammad Avvomaning «Bu yurtning ilmga sadoqatiga guvohmiz!» nomli maqolasi, Naqshbandiya tariqatining yirik namoyandalaridan biri Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hazratlarining ayollarga er bilan munosabatlarni yaxshilash borasida qilgan nasihatlari, farzandlar qalbida Alloh taologa muhabbat uyg‘otish yo‘llari haqidagi maqolalar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Har bir nashr o‘z o‘quvchilarining muhabbatini qozonish, ularning qalbiga yetib borish va o‘zaro muloqotni kuchaytirish orqaligina e’tibor topadi, ommalashadi. Shu bois tahririyat o‘quvchilarga murojaat qilib, jurnal bilan muntazam hamkorlik qilish, qimmatli tavsiya-maslahatlari, fikr-mulohazalari bilan jurnal faoliyatida ishtirok etishga chorlaydi.
Yangi jurnal mamlakatimizning barcha musulmonlariga muborak bo‘lsin, uning qadami qutlug‘ kelsin! Ko‘p yillar davomida xalqimizga buyuk Allohni tanitish, umumbashariyat uchun foydali bo‘lgan dinimizning barcha nodir, ezgu fazilatlarini bayon etish, odamlarimiz iymon-e’tiqodini yanada mustahkamlash, ularga din arkonlarini o‘rgatishda eng yaxshi hamkor va yo‘ldosh bo‘lishini Allohning O‘zi muvaffaq aylasin!
Islom.uz portali tahririyati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi