Nega insonlarda mehrdan ko‘ra qahr, sokinlikdan ko‘ra jahl va g‘azab tez shakllanadi? Nega insonlarda o‘zgalarga (ayniqsa o‘zidan zaifroqlarga) nisbatan zulmkorlik kayfiyati tez rivojlanadi? Amerikalik olimlar ana shu masalaga oydinlik kiritish uchun mohiyatan anchagina shafqatsiz ijtimoiy tajriba o‘tkazishdi. Bu tajriba mutlaqo kutilmagan natija keltirdi...
Stenford universitetining ruhshunoslik bo‘limi yerto‘lasida o‘ziga xos qamoqxona jihozlandi. Tajribada ilgari sudlanmagan, xushmuomala, anchayin uyatchang, tartib-intizomli odamlar ko‘ngillilar sifatida qatnashdilar. Ular ikki guruhga bo‘linib, yarmi mahbus, qolganlari esa turma nazoratchilari “roli”ga kirishdilar.
Tajriba shartiga binoan, “turma”dagi ijtimoiy-maishiy sharoitlar muntazam og‘irlashtirib borilishi kerak edi. Birinchi kechadayoq “mahbus”lar isyon ko‘tarishdi. Bu norozilik “nazoratchilar” tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Har ikki guruh a’zolarining fe’l-atvorida “rol”ga mos salbiy xususiyatlar paydo bo‘la boshladi. Nazoratchilar mahbuslarni qiynashning yangi-yangi usullarini o‘ylab topishga kirishdilar: ovqatdan mahrum qilish, hojatxonadan foydalanishni ta’qiqlash va hokazo.
Atigi bir haftadan so‘ng, ko‘ngilchan, xushmuomala odamlar, xo‘mraygan va qahrli “zek”lar hamda murosasiz nazoratchilarga aylanishdi.
Shartlari va muhitining o‘ta shafqatsizligi bois, tajribani muddatidan oldin to‘xtatishdi. “Mahbuslar” bundan behad shodlangan bo‘lsalar, “nazoratchilar” hammasi bunchalik tez tugaganidan afsuslanishdi...
Bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Bir-biriga zulm o‘tkazishga moyillik inson ruhiyatining tub-tubida “mudrab” yotadimi?
Yuqoridagi tajriba shundan darak bermayaptimi? Zahiriddin Muhammad Bobur ta’biri bilan aytganda :
Kim ko‘ribdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!
Insonni tuproqdan yasab jon kiritgan Alloh taolo biz bandalarini o‘zimizdan ming chandon ziyodroq yaxshi biladi. Bu haqda Alloh taolo O‘z kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“O‘z ahdlarini buzganlari sababli ularni la’natladik va qalblarini beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘ydik”. (Moida surasi, 13)
Oyatdagi ahddan murod A’rof surasining 172-173 oyatlarida zikr qilingan “Al-Miysoq” voqeasidir. Xo‘sh, unda nima bo‘lgan edi?
Alloh taolo O‘z kalomida shunday marhamat qiladi:
“Rabbingiz Odam o‘g‘illarining bellaridan (pushti kamarlaridan) zurriyotlarini (ruhlarini) chiqarib olib, ularni o‘zlariga guvoh qilib turib: «Men Rabbingiz emasmanmi?» (dedi). (Ular): «Yo‘g‘-ye! (Rabbimizsan!) Guvohlik berdik», – dedilar. Qiyomat kuni: «Biz bundan g‘ofil (bexabar) edik yoki ota-bobolarimiz oldindan mushrik bo‘lganlar. Biz ulardan keyin kelgan zurriyot edik. (O‘sha) nohaq kishilarning fe’llari sababli bizni halok qilasanmi?» – deyishlarini (bilganimiz uchun shunday qildik)”.
(A’rof surasi, 172-173)
Endi ushbu oyatlardan kelib chiqib yuqorida tilga olgan zulmkorlik sindromining nima uchun insonlarda tez shakllanishi haqida xulosa chiqaramiz. Ma’lumki Alloh taolo insonlarni zarra shaklida Odam alayhissalom sulblaridan chiqarib ularga savol bilan murojaat qiladi: “Men Rabbingiz emasmanmi?” Bandalar bu savolga: “Rabbimizsan! Guvohlik berdik” dedilar. Mana shu javob ularning Alloh bilan ahdlashganliklarini bildiradi. Bu ahd Alloh va uning buyruqlariga to‘la bo‘ysunish uchun berilgan ahddir. Ammo, yer yuzida odamlar tarqalib nafsi va shaytonnning nayranglariga uchgandan so‘ng, ular isyonkorga aylandi va Alloh ularni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun O‘z elchilari payg‘ambarlarni yubordi. Afsuski, odamlarning aksari to bugunga qadar Alloh taolo va uning payg‘ambarlariga bergan ahdlarini buzishib, to‘g‘ri yo‘ldan yuz o‘girdilar. Natijada oyatda keltirilganidek o‘z ahdlarini buzganliklari sababli ular Allohning la’natiga uchradi va qalblari beshafqat (mehrsiz) qilib qo‘yildi. Demak, insondagi bu nuqson yani zulm, beshafqatlik, g‘azab va qahrlarning bosh sababi Alloh taolo va payg‘ambariga itoat etmaslikdan kelib chiqar ekan.
Payg‘ambar alayhissalom hadisi qudsiyda shunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo shunday dedi: “Ey bandalarim! Albatta men O‘zimga zulmni harom qildim va sizlarning oralaringizda ham zulmni harom qildim. Bas, bir-birlaringizga zulm qilmang”.
Umri Islomda, taqvoda, hidoyatda va Allohning roziligi talabida o‘tgan insonning qalbida hech qachon nohaq zulm, qahr, jahl va g‘azabga joy qolmaydi.
Saidabror Umarov
Imom Abul Mu’in Nasafiy rahmatullohi alayh "Tabsiratul adilla" asarlarida Xuroson va Mavoraunnahr aholisi hanafiylikni Imomi A’zam rahmatullohi alayhning yetakchi shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy, uning shogirdi Abu Suraymon Juzjoniy, uning do‘sti Shayx Abu Bakr Ahmad, Shayx Is'hoq Sobih Juzjoniy, Imom Abu Bakr Juzjoniy, Imom Abu Nasr Ahmad ibn Abbos Iyodiy Ansoriy va Imom Moturidiy silsilasi orqali o‘rgangan deb keltiradi. Imom Nasafiyning ta’kidlashlaricha bu olimlar ilk davrdan boshlab Movarounnahrning barcha hududlarida hamda Xurosonning Marv va Balx shaharlarida hanafiylik mazhabini yoyishda jonbozlik ko‘rsatishgan.
Imom Moturidiy rahimahulloh Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayhning e’tiqodiy qarashlarini yaxshi o‘zlashtirishdan tashqari mintaqamizda hanafiylik tarqalishida muhim hissa qo‘shganlar.
Kosonsoy tuman "Buzrukho‘ja" jome masjidi imom-xatibi
Sodiqjon Abdurahmanov
Manba: @Softalimotlar