Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Yanvar, 2025   |   24 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:19
Quyosh
07:41
Peshin
12:40
Asr
15:48
Shom
17:32
Xufton
18:49
Bismillah
24 Yanvar, 2025, 24 Rajab, 1446

12.04.2019 y. Musulmon kishining kundalik odoblari

8.04.2019   5916   10 min.
12.04.2019 y. Musulmon kishining kundalik odoblari

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِى حَثَّ عِبَادَهُ عَلَى التَّحَلِّي بِالآدَابِ، وَوَعَدَهُم عَلَى ذَلِكَ جَزِيلَ الثَّوَابِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي سَيِّدُ أُولِي الْأَلبَابِ وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ أَمَّا بَعْدُ .

MUSULMON KISHINING KUNDALIK ODOBLARI

Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dini bir jamiyatda yashayotgan insonlarni o‘zaro tinch-totuv yashashlariga buyurar ekan, ularni o‘rtasida mehr-oqibat, bir-birlariga nisbatan hurmat bo‘lishligini talab etadi. Ayni paytda ana shu mehr-oqibat va o‘zaro hurmat rishtalarini paydo qiladigan, ularni yanada mustahkam bo‘lishiga sabab bo‘ladigan omillarni ham ta’lim beradi. Bularni bir so‘z bilan ijtimoiy odoblar, deb nomlanadi. Biz quyida ana shunday ijtimoiy odoblarning eng muhimlaridan ba’zi birlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

  • Birinchisi, o‘zaro salomlashuvni odatga aylantirish. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

وَالَّذِي نَفْسِيْ بِيَدِهِ، لاَ تَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ حَتَّى تُؤْمِنُوا، وَلاَ تُؤْمِنُوا حَتَّى تَحَابُّوا، أَوَلاَ أَدُلُّكُمْ عَلَى شَيْءٍ إِذَا فَعَلْتُمُوهْ تَحَابَبْتُمْ؟ أَفْشُوا السَّلاَمَ بَيْنَكُمْ 

رواه الامام مسلم

ya’ni: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, to mo‘min bo‘lmaguningizcha, jannatga kirmaysiz, to bir-biringizga mehr-muhabbatli bo‘lmaguningizcha, mo‘min bo‘lmaysiz. Men sizlarga bir narsani o‘rgataymi, gar uni qilsangiz, bir-biringizga mehr-muhabbatli bo‘lasiz?! O‘zaro salomlashib yurishni keng joriy qiling!” (Imom Muslim rivoyati).

  • Ikkinchisi, bir necha kishi o‘zaro suhbatlashib turganda, ularni orasidan ikki kishi ajralib chiqib sirlashmaslik. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

إِذَا كُنْتُمْ ثَلاَثَةً فَلاَ يَتَنَاجَى اِثْنَانِ دُوْنَ الثَّالِثِ مِنْ أَجْلِ أَنَّ ذَلِكَ يُحْزِنُهُ

( رواه الشيخان)

ya’ni: “Qachon uch kishi bo‘lsangiz, uchinchini qo‘yib, ikkingiz sirlashmangiz. Chunki bu ishingiz uni xafa qiladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

  • Uchinchisi, o‘zgalarga nisbatan tavoze va halim bo‘lish. Zero, Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomning insonlar orasida mehr-muhabbat qozonishlariga sabab bo‘lgan eng go‘zal fazilatlari aynan tavoze va halim bo‘lganliklarida ekanini bayon qilib, Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ

ya’ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar” (Oli Imron surasi, 159-oyat). Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

إِنَّ اللَّهَ أَوْحَى إِلَيَّ: أَنْ تَوَاضَعُوا حَتَّى لَا يَفْخَرَ أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ ، وَلَا يَبْغِيَ أَحَدٌ عَلَى أَحَدٍ

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Alloh taolo menga: bir-biringizga tavoze bo‘ling, toki biror kimsa biror kimsaga maqtanchoqlik qilmasin, biror kimsa biror kimsaga tajovuz qilmasin, deya vahiy qildi” (Imom Muslim rivoyati).

  • To‘rtinchisi, o‘zgalar bilan muomalada rostgo‘y va samimiy nasihatgo‘y bo‘lish. Alloh taolo O‘zining Kalomida marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَكُونُوا مَعَ الصَّادِقِينَ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo‘lingiz!” (Tavba surasi, 119-oyat).  Quyidagi hadisda barchaga birdek samimiy nasihatgo‘y bo‘lish – dinning asosi ekanligini  Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bayon qilganlar:

الدِّينُ النَّصِيحَةُ، قُلْنَا: لِمَنْ؟ قَالَ: لِلَّهِ، وَلِكِتَابِهِ، وَلِرَسُولِهِ، وَلِأَئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ، وَعَامَّتِهِمْ"

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Din nasihatdir” – dedilar. Biz: Kimga? – deb so‘radik. U zot: “Allohga, Kitobiga, Rasuliga, musulmonlarning rahbarlariga va musulmon ommasiga”, – deb javob berdilar (Imom Muslim rivoyati).

  • Beshinchisi, yaxshilik va taqvo ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish. Alloh taolo Qur’oni karimda shunga buyuradi:

وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى

ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz” (Moida surasi, 2-oyat). Payg‘ambar alayhissalom hadislarining birida aytadilar:

"انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا"، قِيلَ: يَا رَسُولَ اللَّهِ نُصْرَتُهُ مَظْلُومًا، فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟، قَالَ: " تَمْنَعُهُ مِنَ الظُّلْمِ، فَذَلِكَ نُصْرَتُكَ إِيَّاهُ"

(رواه الامام البخاري)

ya’ni: “Birodaringizga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham, yordam bering”, dedilar. Sahobalar: Mazlumga qanday yordam berish kerakligini bilamiz. Ammo, zolimga qanday yordam beramiz, deyishdi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Zulm qilishdan to‘sasiz va ana shu unga bergan yordamingiz bo‘ladi”, – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

  • Oltinchisi, o‘zgalarga nisbatan ishonchli va omonatdor bo‘lish. Zero, omonatdorlik mo‘min kishiga xos bo‘lgan axloqlardandir. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ، وَالْمُؤْمِنُ مَنْ أَمِنَهُ النَّاسُ عَلَى دِمَائِهِمْ وَأَمْوَالِهِمْ"

(رواه الامام الترمذي)

ya’ni: “Haqiqiy musulmon kishi uning tilidan va qo‘lidan boshqa musulmonlar salomat bo‘lgan kishi. Haqiqiy mo‘min esa odamlar unga qonlari va mollarini ishongan kishidir” (Imom Termiziy rivoyati).

  • Yettinchisi, ahdga vafo qilish. Alloh taolo Qur’oni karimda ahdga vafo qilishga, o‘zaro bitim va shartnomalarni bajarishga buyurgan. Jumladan, Moida surasining 1-oyatini shunday boshlaydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَوْفُوا بِالْعُقُودِ

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Bitimlar (ahdlar)ga vafo qilingiz!”. Boshqa bir oyatda,

وَأَوْفُوا بِالْعَهْدِ إِنَّ الْعَهْدَ كَانَ مَسْئُولًا

ya’ni: Ahdga vafo qilingiz! Zero, ahd-paymon (qiyomat kuni) so‘raladigan ishdir, deb marhamat qilgan (Isro surasi, 34-oyat).

         Muhtaram azizlar! Yuqorida sanab o‘tilganlar eng zarur kundalik odoblardan ba’zilari bo‘lib, bularga rioya qilish jamiyatda tinchlik va barqarorlikni vujudga kelishiga sabab bo‘lsa, bularning ziddi bo‘lmish takabburlik, yolg‘onchilik, gunoh va ma’siyat ishlarda hamkorlik qilish (korrupsiya), omonatga xiyonat qilish, va’daga vafo qilmaslik kabi salbiy illatlar ham borki, ular jamiyatda parokandalik va turli xildagi jinoyatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun dinimizda amri ma’ruf va nahyi munkar farz qilinganki, jamiyatdagi kishilarning bir-birlarini doimo yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarib turishlari jamiyatning gullab yashnashi, turmushda fayz va barakaning ziyoda bo‘lishiga asosiy omil bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida namozdagi avvalgi safga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.

Saflarni avvalgisidan boshlab to‘ldirib borish – sunnatdir. Ba’zi fuqaholar vojib deganlar. Birinchi saf to‘lmay turib, keyingi safga turilmaydi. Ikkinchi saf to‘lmasidan uchinchisi boshlanmaydi. Gohida ikkinchi safni masjidni burchagidan boshlaganlarni ko‘rib qolamiz, bu to‘g‘ri emas. Aslida, ikkinchi safni to‘ldirish imomning to‘g‘risidan boshlanadi va ikki tomonni bir xil to‘ldirib boriladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam birinchi safda namoz o‘qishning fazilati haqida shunday deganlar:

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Agar odamlar azon va birinchi safda qanday savob borligini bilib, keyin unga qur’a tashlashdan boshqa iloj topilmasa, shubhasiz, qur’a tashlagan bo‘lardilar. Agar namozga ertaroq borishda nima borligini bilganlarida, unga musobaqa qilgan bo‘lardilar. Agar xufton va bomdodda nima borligini bilganlarida, u ikkisiga emaklab bo‘lsa ham kelardilar” – dedilar”. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan).

Ya’ni, qur’a bilan bo‘lsa ham, birinchi qatordan joy olardingiz, deyilmoqda. O‘zini avvalgi saflardan orqaga tortayotgan kishilarni ko‘rib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari yodimizga tushadi: “...Bir qavm doim o‘zini orqaga tortaveradi, Alloh ham ularni orqaga surib qo‘yadi”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Bayhaqiy rivoyatlari). Shuning uchun kim masjidga birinchi kelsa, avvalgi qatordagi bo‘sh joylarni to‘ldirib borishi kerak bo‘ladi. O‘zini orqaga tortib, oxirgi safga o‘tirib olish – sunnatga xilofdir.

Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Saflarni tekislanglar, yelkalarni barobar qilinglar, oradagi ochiq joylarni to‘ldiringlar, birodaringiz qo‘llariga muloyim bo‘linglar, shaytonga bo‘sh joy qoldirmanglar. Kim safni ulasa, Alloh uni (o‘z rahmati bilan) ulasin. Kim safni uzsa, Alloh uni (rahmatidan) uzib qo‘ysin” – dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Odamlarga ozor berib, ularning yelkalaridan hatlab o‘tib, oldinga intilish mumkin emas. Abdulloh ibn Busr raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Juma kuni Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilayotganlarida bir kishi odamlarning yelkasidan xatlab oldinga o‘ta boshladi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “O‘tir, sen odamlarga ozor berding” – dedilar" (Imom Abu Dovud rivoyati).

Safda turganlar safni to‘g‘ri tutish bilan birga, oralarida ochiq joy qoldirmasliklari kerak. Agar safda bir kishi sig‘adigan miqdorda ochiq joy bo‘lsa, uni orqadagi kishi to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Oldingi safda ochiq joy bo‘la turib, namoz o‘qish makruhdir. Namozga kirishgandan keyin oldingi safda ochiqlik paydo bo‘lsa, uni to‘ldirish maqsadida oldinga yurish har bir rukn (qiyom, ruku’)da ikki qadamdan oshmasligi shart. Agar oshsa, namoz buziladi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimiz farovonligini bundanda ziyoda aylasin. Omin! 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “NAMOZ MO‘MINNING MЕ’ROJI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Balog‘at ilmining ahamiyati

15.01.2025   6139   3 min.
Balog‘at ilmining ahamiyati

Ajdodlarimizning qoldirgan asarlarining katta qismi arab tilida yozilgani barchamizga ma’lum. Arab tili dunyo tillari ichida eng ko‘p o‘rganilgan va hanuz o‘rganilayotgan til hisoblanadi. U lug‘at boyligi, qoidalarining turli-tumanligi, bir so‘zni bir necha uslubda ishlatish imkoniyatlarining ko‘pligi bilan mukammal tillar ichida ajralib turadi. Shuningdek, u shevalarining juda ko‘pligi bilan ham dunyoda yuqori o‘rinni egallaydi.

Bu til Qur’oni karim va janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tillari bo‘lgani uchun uni o‘rganish usullari sahobai kiromlar davridayoq ishlab chiqilgan. Arab tilini o‘rganish uchun lug‘at, morfologiya, grammatika, ya’ni sarf va nahv ilmlari mukammal o‘rganiladi. Shu bilan birga, arab tilida mukammal gaplashish va uni tushunish uchun albatta, balog‘at fani qoidalarini yaxshi bilish kerak.

Balog‘at ilmini tahsil qilish orqali Qur’oni karim va hadisi shariflar ma’nolarini to‘g‘ri tushunish va nozik jihatlarni teran anglash oson kechadi. Shuningdek, Qur’oni karimning fasohat va balog‘at e’tiboridan mo‘jizakorligi kashf qilinadi. Shu bois, Qur’oni karim tafsiri, hadisi shariflar sharhi va boshqa diniy ilmlarni o‘rganmoqchi bo‘lgan kishi lug‘at, sarf, nahv ilmlari bilan bir qatorda balog‘at ilmini ham puxta egallashi lozim. Bu haqda Abdurauf Fitrat shunday degan: “Diniy va ijtimoiy ta’limotimiz Qur’on va hadislarda mavjud. Qur’on va hadislar esa arab tilidadir. Binobarin, ularni tushunish uchun arab tilining sarfu-nahvini o‘rganish zarur. Lekin bu yetarli emas, Qur’on ma’nolarini tushunishimiz uchun balog‘at ilmini – bayon, bade’ va ma’oniy ilmlarini ham bilishimiz lozim.”

Bu ilm boshqa fanlardan o‘zining fazilati bilan ajralib turadi. Lug‘at sir-asrorlarini ochishda va xazinalarini kashf etishda balog‘at ilmining o‘rni beqiyosdir. Jorulloh Mahmud Zamaxshariy o‘zining “Kashshof” nomli tafsirining muqaddimasida shunday deydi: “Tafsir ilmiga kirishgan kishi Qur’onga xos bo‘lgan ilmi ma’oniy va ilmi bayonda bilimdon bo‘lsa va bu ilmlarni puxta o‘rgansa, tafsirning haqiqatlariga yeta oladi.”

Shuningdek, Alisher Navoiy, Zaxiriddin Muhammad Bobur, Lutfiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Mashrab kabi mumtoz adabiyot namoyondalari o‘z asarlarida majoz, tashbeh, istiora, kinoya kabi balog‘at qoidalaridan keng foydalanganlar. Buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganib, boshqalarga yetkazishda balog‘at ilmining ahamiyati katta.

Balog‘at ilmining tarixi, shakllanishi, taraqqiyot bosqichlari va bu ilmga hissa qo‘shgan ulamolarning hayoti hamda asarlarini o‘rganish bugungi kunda muhim vazifalardan biridir. Arab tilining balog‘at va bade’ ilmlarini o‘rganish orqali kishida bu fanlarga nisbatan qiziqish va mukammal bilim shakllanadi. Balog‘at fanini chuqur o‘zlashtirish orqali faqat arab tilida emas, balki o‘zbek tilida yozilgan mumtoz adabiyotimiz sirlarini ham anglash mumkin bo‘ladi.

Abdulqayum Turdaliyev,
Toshkent Islom instituti talabasi.