Madinalik Milhonning qizi Rumayso xonim oqila, dono, xushxulq va go‘zal ayol edi. Uni farzandining ismi bilan kunyalab “Ummu Sulaym” deb chaqirishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkadan jo‘natgan Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning da’vati bilan Ummu Sulaym muslima bo‘lgan va Muhammad alayhissalom diyniga ergashgan edi. Lekin Allohning taqdiri mo‘minlar uchun imtihonlarga to‘la ekan. O‘lim vaqti kelganda bir soniya ham kutib o‘tirmas ekan. Ummu Sulaym roziyallohu anhoning eri uzoq yashamadi. Ojiza hali yosh turib beva qoldi.
Madinada Najjor qabilasiga mansub Zayd ibn Sahl degan odam bor edi. Uni Abu Talha deb chaqirishar edi. Abu Talha har qanday ayol havas qilsa arzigulik kelishgan, boy badavlat, pahlavon, qabilasida obro‘si baland, mohir chavandoz va sanoqli merganlarning biri edi. Madinada Makkalik Mus’ab ko‘pchilikni Islomga olib kirgan bo‘lsa-da, lekin Abu Talha ajdodlari diyniga sodiq qoldi.
Abu Talha Ummu Sulaymni yaxshi ko‘rar edi. Uning eri o‘lganini eshitdi-yu, halovatini yo‘qotdi. To‘g‘rida, shunday go‘zal, aqlli, fahm-farosati o‘tkir ayolga kim ham uylangisi kelmaydi deysiz. Boshqa birorta erkak unga sovchi qo‘yishidan oldin Abu Talha otini qamchiladi. Yo‘lda ketar ekan o‘zicha ishonardiki, Ummu Sulaym meni ko‘rib darrov rozi bo‘ladi… Lekin o‘ylanib qoldi: Ummu Sulaym anavi Makkalik da’vatchiga ergashibdi, Muhammadning diyniga kiribdi deb eshitgandim, menga rozi bo‘larmikin – degan hayol uni taraddudlantirardi. Shunday bo‘lsada baribir Ummu Sulaymning qo‘lini so‘rab bordi.
Ummu Sulaymning eshigi taqilladi. U o‘g‘li Anas bilan eshikni ochdi. Tashqarida Abu Talha kirishga izn so‘rab turardi. Uni uyga kiritishdi. Salom-alikdan so‘ng sovchi maqsadaga o‘tib qo‘ya qoldi:
Ey Ummu Sulaym, men qo‘lingizni so‘rab keldim. Meni yaxshi bilasiz, sizni va farzandlaringizni moddiy va ma’naviy ta’minotini uddasidan chiqaman. Xo‘p desangiz, sizga uylansam?
Ey Abu Talha, sizdek kishiga yo‘q deyishning o‘zi ahmoqlik bo‘ladi. Siz qavmi ichida obro‘si baland, yetuk, hamma havas qilsa arzigulik erkaksiz. Ammo meni to‘g‘ri tushuning, siz bilan turmush qila olmayman. Chunki siz musulmon emassiz.
Abu Talha birorta badavlatroq odam undan avval buning qo‘lini so‘rabdi shekilli, deb gumon qildi va so‘radi:
Ey Ummu Sulaym, to‘g‘risini ayting menga tegishdan sizni nima to‘syapti?
Ummu Sulaym: sababini aytdimku, yana nima to‘sishi mumkin?!—dedi.
Menimcha siz boylikka uchyapsiz, boyroq odamdan sovchi kelganmidi? – dedi Abu Talha.
Abu Talhaning bu gapidan Ummu Sulaym hafa bo‘lib ketdi va: “Nahotki meni shunday deb o‘ylasangiz. Men uchun boylik ahamiyatsiz, balki men diyonatni ustun qo‘yaman. Siz Musulmon emassiz, shuning uchun rozi bo‘lmadim. Alloh va uning Rasulini guvoh qilib aytaman: Ey Abu Talha, agar Islomga kirsangiz sizga turmushga chiqaman. Mahrimga sariq chaqa ham so‘ramayman, men uchun sizning islomingiz mahr bo‘ladi” — dedi.
Bu gapdan keyin Abu Talhaning hayoli uyidagi qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan, zebu-ziynatlarga burkangan sanamiga ketdi. Nahotki diynimni o‘zgartisam, nahotki uydagi ilohimdan yuz o‘girsam deb o‘ylanib qoldi.
Boya aytganimizdek, Ummu Sulaym oqila va farosatli ayol edi. Temirni qizzig‘ida bosdi. U Abu Talhaga: “Ey Abu Talha o‘sha sanamingiz yerdan unib chiqqan yog‘och emasmi?!”—dedi. U: to‘g‘ri u yog‘ochdan yasalgan — dedi. Ummu Sulaym: “o‘sha yog‘ochning yarmi kimlarningdir o‘chog‘ida o‘tin bo‘lib, allaqachon kuyib kul bo‘lmaganmi?!”—dedi. Abu Talha: Ha, to‘g‘ri, shunday—dedi. Shunda Ummu Sulaym: “ey Abu Talha, Islomga kiring, haqni anglang, men sizga turmushga chiqaman, mahr uchun hech vaqo so‘ramayman. Menga sizning islomingiz mahrdir!”—dedi. Abu Talhaning ko‘zi ochildi. Shu kungacha jaholat botqog‘iga botib yurganini anglab yetdi va “musulmon bo‘lish uchun nima qilishim kerak”—dedi. Ummu Sulaym darhol unga shahodat kalimalarini o‘rgatdi va Abu Talha musulmon bo‘ldi. Islomingiz muborak bo‘lsin Ey Abu Talha!
Madinai munavvarada shov-shuv. Odamlar orasida “eng qimmatbaho mahr Ummu Sulaymning mahri bo‘ldi”.—degan gap tarqaldi. Kimlardir Ummu Sulaym xonimni tabriklasa, yana kimlardir unga havas qilardi.
Qissadan hissa shuki, kuyov tanlashda kuyovning boyligi, shuhrati obro‘si emas balki uning diyonati muhimdir. Mana bizga o‘rnak, namuna! Ummu Sulaym darhaqiqat eng qimmatbaho mahr oldi! Bir kishining e’tiqodi tuzalishiga, haqni topishiga sababchi bo‘ldi. Uning da’vati bilan bir mushrik musulmon bo‘ldi! Tushungan odam uchun bundan ortiq boylik bormi?!
Bugungi kunda boylik odamlarning ko‘zini ko‘r qilib qo‘ydi. Boylik ortidan koriyalik kofirlarga, hindistonlik dinsizlarga erga tegib ketayotgan qiz-juvonlarni eshityapmiz. Muhtarama opa-singillar dunyo o‘tkinchidir, uni deb oxiratingizni qo‘ldan boy bermang!
O‘ktamjon ABDULLAYEV
Andijon shahar “Mirpo‘stin ota” jome masjid noib imomi
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY