Bugun, 27 mart kuni Samarqand viloyatida “Mahmud az-Zamaxshariy va uning al-Kashshof asari” mavzusidagi diniy soha xodimlarining ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qur’oni karim oyatlari tilovati va xayrli duolar bilan boshlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ilmiy-amaliy seminarni kirish so‘zi bilan ochib, shunday so‘zlarni aytdilar:
– muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy-ma’rifiy va ilmiy-ijodiy sohalarda katta tarixiy voqealar yuz bermoqda. Jumladan, qo‘lyozma asarlarni o‘rganish va tadqiq etish ishlari izchillik bilan olib borilmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Misr, Turkiya va Tatariston kabi mamlakatlarda xizmat safarlarida bo‘lishdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondida 3 ming jild qo‘lyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qo‘lyozmalardan biri – Mahmud az-Zamaxshariyning “al-Kashshof” asaridir. Ushbu asarni har tomonlama o‘rganish va ahamiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida, ushbu ilmiy-amaliy sayyor seminar tashkil etildi.
Ilmiy-amaliy seminarda Diniy idora Kotibiyat bo‘limi mudiri Muhammad Ayubxon Homidov Mahmud az-Zamaxshariy ulug‘ mufassir, Islom ilmlarining deyarli barcha sohalarida chuqur ilmga ega bo‘lgan olim, arab tili grammatikasini ishlab chiqqan va ilm-fanning ko‘plab sohalarida shuhrat qozongan zabardast ulamo ekani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keltirdi.
– Mahmud az-Zamaxshariy tafsir, fiqh, qiroat, tilshunoslik, adabiyot, jo‘g‘rofiyaga oid oltmishga yaqin asar ta’lif etgan. Uning eng mashhur asari “al-Kashshof”kitobidir. Imom Zamaxshariy ijodlarining eng mo‘tabari “al-Kashshof” nomli tafsir hisoblanadi. Ushbu asarning to‘liq nomi “Al-Kashshof an haqoiqit-tanziyl fi vujuhit-ta’vil” deb nomlanadi, deya ushbu asarning mazmun-mohiyati haqida nutq qildi Fatvo bo‘limi mudiri Xomidjon Ishmatbekov.
Shuningdek, ilmiy-amaliy seminarda Surxondaryo viloyatidagi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Ubaydulla Uvatov “Mahmud az-Zamaxshariyning ma’naviy meroslari”, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Abdulqodir Pardayev “Imom az-Zamaxshariyning “al-Kashshof” asarida e’tiqodiy masalalarning yoritilishi” mavzularida ma’ruzalar o‘qishdi.
Seminar yakunida mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abu Usmon Nahdiydan, u esa Hanzala Usaydiy roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Hanzala Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning yozuvchilari (kotiblari)dan biri edi, bunday deydi: Abu Bakr roziyallohu anhu menga yo‘liqib qoldilar va: — Ey Hanzala, ahvoling qanday? — deb so‘radilar.
Men u kishiga javoban: — Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim. Abu Bakr hayron bo‘lib: — Subhanalloh! Bu nima deganing? — dedilar.
Men: — Biz Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida bo‘lganimizda, u zot bizga do‘zax va jannat haqida zikr qilib, eslatadilar. Shundayki, biz ularni xuddi ko‘z bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin, u zotning huzurlaridan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchiligimiz bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, - dedim.
Abu Bakr roziyallohu anhu: — Allohga qasamki, biz ham xuddi shunday holatni boshdan kechiramiz! - dedilar. Shunda men va Abu Bakr roziyallohu anhu Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordik.
Men: — Yo Allohning Rasuli, Hanzala munofiq bo‘lib qoldi! - dedim.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: — Bu nima deganing? - deb so‘radilar.
Men: — Yo Allohning Rasuli, biz sizning huzuringizda bo‘lganimizda, siz bizga do‘zax va jannat haqida eslatasiz, shu darajadaki, biz ularni xuddi ko‘zimiz bilan ko‘rayotgandek his qilamiz. Lekin sizning huzuringizdan chiqib, ayolimiz, bolalarimiz va tirikchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lsak, ko‘p narsalarni unuta boshlaymiz, dedim.
Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: — Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, agar sizlar mening huzurimda bo‘lganingizdek holatingizni uzluksiz davom ettiradigan bo‘lsangiz, farishtalar yotoqlaringizda va yo‘llaringizda sizlar bilan ko‘rishib, salomlashib yurar edilar. Lekin, ey Hanzala, (har narsaning) o‘ziga yarasha vaqti bor (Bu so‘zni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uch marta takrorladilar) (Imom Muslim rivoyati).
Hadisdan olinadigan xulosa:
Odamning ba’zi vaqtlarda Allohning zikri va ibodat bilan mashg‘ul bo‘lishi, ba’zi vaqtlarda esa o‘zining hayotiy ehtiyojlarini ta’minlashi tabiiy holdir. Bu uning munofiqligiga dalolat qilmaydi. Shuning uchun, ushbu hadisdan noto‘g‘ri xulosa chiqarib, uni gunohlarga yo‘l berish bahonasiga aylantirish mumkin emas.
Hadisdagi ma’no shundan iboratki, musulmon kishi ibodat qilishi bilan birga, vaqti-vaqti bilan tanasiga hordiq berishi va halol narsalardan bahramand bo‘lish huquqini ham ado etishi kerak.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV