Rivoyat qilinadiki: Bir kuni Rosululloh sollallohu alayhi vasallamo‘z sahobalariga: “Qanday tong ottirdingiz?” dedilar. Shunda ular: “Allohga iymon keltirgan holda tong ottirdik”, deyishdi. U zot: “Iymoningizning alomati nima?” dedilar. Ular: “Baloga sabr qilamiz. Mo‘l-ko‘lchilikka shukr qilamiz. Qazoi qadarga rozi bo‘lamiz”, deyishdi. Shunda Rosululloh s.a.v.: “Ka’baning Robbisiga qasamki, sizlar haqiqiy mo‘minsizlar”, dedilar. (Imom Tabaroniy rivoyati)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamham va sahobalar o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan ushbu mo‘jaz suhbatga e’tibor bering azizlar. Qisqa va lo‘nda. Biroq, olinadigan foydalar bisyor.
1) Rosululloh sollallohu alayhi vasallam erta tongda o‘z as'hoblaridan hol-axvol so‘radilar: “Qanday tong ottirdingiz?”. Demak, erta tongda do‘stu yorlardan hol-axvol so‘rab qo‘yishlik bu Rosululloh sollallohu alayhi vasallamdan qolgan sunnat ekan. Xoh yuzma-yuz bo‘lsin, xoh qo‘ng‘iroq orqali bo‘lsin, erta tongda yaqinlaridan “Qanday tong ottirdingiz?”, deya ko‘ngil so‘ragan kishiga bitta sunnatni ado etgan kishiga beriladigan savob beriladi.
2) Sahobalarning javobidagi go‘zallikni ko‘ring: “Allohga iymon keltirgan holda tong ottirdik”. Ularning bu javoblari Rosululloh sollallohu alayhi vasallamni xursand qiladigan eng yaxshi javob edi. Chunki Payg‘ambarimizning as'hoblari o‘zlari uchun berilgan ne’matlar ichida iymondan ko‘ra ortiqroq nematni bilmas edilar. Ular bu iymon degan ne’matga ega bo‘lishlari uchun astoydil xizmat qilgan zot ya’ni, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga bu ne’matning xabarini berib, u kishining qalblariga xursandlik kiritishni xohladilar. Qolaversa, Payg‘ambar alayhissalom uchun ularning mo‘min degan nom ostida bo‘lishlarini bilishlari katta baxt edi. Shuning uchun xech ikkilanmasdan, faxr bilan, “Allohga iymon keltirgan holda tong ottirdik”, deya javob berdilar. Demak, sizdan hol-ahvol so‘ragan kishiga hayotdan nolimasdan, eng go‘zal so‘zlarni aytib, uni xursand qiladigan javobni berish sahobalarning axloqlaridan ekan.
3) Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning iymonning mukammal va to‘g‘ri bo‘lishligi uchun judayam haris bo‘lganliklariga e’tibor bering. Vaholanki, u zot so‘ralgan savollariga javob oldilar. O‘z as'hoblarining yolg‘on gapirmasligini ham yaxshi bilardilar. Ularning mo‘minligiga shubha qilmas edilar. Biroq, o‘z ishonchlarini qat’iy dalillar bilan tasdiqlab, hech shak-shubhasiz ishonch bildirmoq niyatida hamda qolgan ummatlariga ilm bo‘lib qolishligi uchun ushbu savolni berdilar: “Iymoningizning alomati nima?”. Har bir narsaning alomati bo‘ladi. Uni tanishlikka, aynan o‘sha narsa ekanligini tasdiqlashlikka sabab bo‘ladigan omillar, belgilar bo‘ladi. Xuddi shuningdek, mo‘minlikni da’vo qilgan kishining ham, qalbida iymoni borligini bildirib turadigan alomatlari bo‘ladi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘z sahobalaridan aynan shu alomatlardan ba’zilarini so‘radilar. U zotning ushbu ishlari xuddi bobolari Ibrohim alayhissalomning ishlariga o‘xshaydi. Alloh taolo bu haqda shunday xabar beradi: “Esla, Ibrohim: “Ey Robbim, menga o‘liklarni qanday tiriltirishingni ko‘rsat”, deganda, U Zot: “Ishonmadingmi?” dedi. U ore, lekin qalbim xotirjam bo‘lishi uchun”, dedi. U Zot: “Qushdan to‘rtta olgin-da, o‘zingga tortib, kesib maydala, so‘ngra ulardan har bir toqqa bo‘laklarini qo‘ygin, keyin ularni o‘zingga chaqir, huzuringga tezlab kelurlar va bilginki, Alloh Aziz va Hakiym zotdir”, dedi. ( Baqara,260) Ya’ni, Ibrohim alayhissalom Alloh taolo o‘liklarni tiriltira olishiga hech qanday shubha qilmas edilar. U zotning bunga ishonchlari komil edi. Shuning uchun ham Alloh taolo “Ishonmadingmi?”, deb so‘raganida: “Ore (ishondim), lekin qalbim xotirjam bo‘lishi uchun”, dedilar. Dilda ishongan narsani, ko‘z bilan ko‘rib, Alloh taoloning qudratiga qoyil qolib, mo‘min banda o‘z Robbining mo‘jizalarini ko‘rib maza qilgandek maza qilib, ko‘ngli xotirjam bo‘lishi uchun so‘raganlar. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning savollarida ham ishonchsizlik emas, balki, aynan tasdiqni kuchaytirish ma’nosi bor edi.
Sahobalarning javoblariga e’tibor bering:
1-alomat: “Baloga sabr qilamiz”. Alloh taolo nafsimizga yoqmaydigan sinov va musibatlarni yuborgan vaqtda, jazavaga tushmaymiz. Robbimizdan bu musibatimizga ajr va mukofot berishini so‘rab duo qilamiz hamda sabr qilamiz. Chunki Alloh taolo: “Ey iymon keltirganlar! Sabr qilish va namoz o‘qish bilan (Mendan) madad so‘ranglar! Albatta Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”, (Baqara,153) degan. Qolaversa, Alloh taolo bandalarining qilgan har bir amali uchun ixlos va muhabbatiga qarab o‘ntadan yetti yuztagacha savob beradi. Biroq, sabr shunday sifatki, Alloh taolo sabr qiluvchi bandalariga beradigan ajrlarini hisoblamadi. “Hech shak-shubha yo‘qki, sabr toqat qiluvchilarga ajr-mukofotlari hisob-kitobsiz to‘la-to‘kis qilib berilur”. (Zumar,10) Robbimizning ushbu va’dalariga muvofiq biz ham balo va imtihonlarga sabr qilamiz, deya javob berdilar.
2-alomat: “Mo‘l-ko‘lchilikka shukr qilamiz”. Chunki, Alloh taolo: “...Allohga shukr qilinglar, agar Unga ibodat qiladigan bo‘lsalaringiz”. (Baqara,172) Boshqa bir oyatda esa: “...Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta sizga ziyoda qilurman”, (Ibrohim,7) degan. Robbimiz bandalariga bergan son-sanoqsiz ne’matlari evaziga ulardan hech narsa so‘ramagan. Muborak Kalomining judayam ko‘p joylarida faqatgina “Shoyadki, shukr qilsalaringiz...” deya o‘z ne’matlarini eslatgan xolos. Shuning uchun biz ham Alloh taoloning cheksiz ne’matlarini e’tirof qilgan holda U Zotga shukr qilamiz, deyishdi.
3-alomat: “Qazoi qadarga rozi bo‘lamiz”. Ya’ni, Alloh taolo bizga musibat bergan paytda ham, ne’mat bergan paytda ham, hayotimizda qanday hodisalarga duch kelishimizdan qat’iy nazar Robbimizga noshukrlik qilmaymiz, U Zotning taqsimotiga norozilik bildirmaymiz. Bizga bergan har bir kunini yo jazo va yo mukofot, yo balo va yo sinov deya qabul qilamiz, dedilar.
Sahobalaridan ushbu javoblarni eshitgandan so‘ng Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ka’baning Robbisiga qasamki, sizlar haqiqiy mo‘minsizlar”, dedilar. Har bir so‘zi rost bo‘lgan, har bir tasdig‘i hujjat bo‘lgan zot Allohni nomiga qasam ichib, ushbu sahobalarning haqiqiy mo‘min ekanligini tasdiqlamoqdalar.
Ha, azizlar, bu bejiz emas, albatta. Sahobalar hujjat qilgan bu uch sifat iymonning eng katta alomatlari edi. Chunki, bu dunyodagi jamiki razillik va jinoyatlar, Alloh taologa qilinadigan ma’siyat va gunohlar, insonlarning o‘rtasida kelib chiqadigan barcha ziddiyatlar aynan mana shu uch sifatning yo‘qolib ketayotganidan kelib chiqmoqda.
Alhamdulillah, hammamiz mo‘minlikni da’vo qilamiz. Demak, biz ham iymonimiz borligini mana shu uch go‘zal sifat orqali isbotlab qo‘yaylik.
Toshkent shahar, Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek.
Cavol: Otam bilan Madinai munavvarada umra uchun ehromga kirib, Makkaga yo‘lga tushdik. Lekin yo‘lda havo sovub ketib, otam do‘ppi, kurtka va paypoq kiyib olishga majbur bo‘ldilar. Bu hol Makkaga yetib borgunimizcha davom etdi va ehromda umra qilib oldik. Savolim shuki, otam kiygan kiyimlarining har biri uchun alohida kafforat berilishi lozim bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Erkak kishi haj yoki umraga ehrom bog‘laganda zarurat sababli bir nechta tikilgan kiyimni bir kunduz yoki bir kecha (yoki jami 12 soat)dan kam muddat kiyib yursa bitta sadaqa – yarim so’ (2 kg atrofida) bug‘doy yoki uning qiymatini haram chegarasida faqirlarga sadaqa qilishi kifoya qiladi.
Agar bir kunduz yo kecha (12 soat)dan ko‘p muddat kiyib yurgan bo‘lsa, haram chegarasi ichida bitta jonliq so‘yishi yetarli. Kiyimlar bir nechta bo‘lishi bilan sadaqa yoki so‘yiladigan jonliqlar soni ko‘paymaydi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, erkak kishi ehromdalik holida sovqotib qolsa, tikilgan kiyim kiyib olmasdan, adyolga o‘xshash biror yopinchiq o‘ranib olish yoki keng kiyimni yengiga qo‘llarini kiritmasdan, yelkasidan tashlab olish ham mumkin. Buni kiyim kiyish deb hisoblanmagani uchun jinoyat sanalmaydi va kafforot ham lozim bo‘lmaydi (“Kamolud diroya” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.