Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Xatna qilish ta’kidlangan sunnatlardan hisoblanadi. Hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom: “Xatna qilish erkaklarga sunnat, ayollarga ikromdir” deganlar. Imom Ahmad rivoyati.
Shimoliy Afrika diyorlarida ayollarni ham xatna qilinadi. Bizning ulamolarmiz qiz bolani xatna qilish issiq o‘lkalarga xos ekanini ta’kidlaganlar.
Xatna qilish uchun alohida vaqt va yoshni belgilanmagan. Lekin go‘dak kasalmand, jismonan zaif bo‘lmasa, kechiktirmay tezroq xatna qilish tavsiya etiladi.
Xatna qiluvchi kishi sunnatni amalga oshirayotganini his qilib, unga beriladigan ajr-savobdan umid bilan bola haqiga duo ila boshlashi kerak.
Bolaning zakari uchi bukilgan bo‘lsa terisi ostidan va u a’zosi ustidan kam-kam milni suqib, ichidagi yopishgan terini ko‘chiriladi va mil ustiga olib, nay qamishdan bo‘lgan bir qisqich bilan tutib kesiladi. Ushbu sunnatni bajaruvchi kishining qo‘li quvvatli, o‘zi chaqqon, ehtiyotkor va ustozidan ruxsat olgan bo‘lishi kerak. Toki beparvolik qilib yosh o‘g‘lonlarning halokatiga sababchi bo‘lib qolmasin.
Ilmiy-tibbiy adabiyotlarda berilgan izoh, ma’lumotlarga ko‘ra, o‘g‘il bolani xatna qilish tibbiy tilda posteotomiya deb ataladi.
Inson vujudida modda almashinuvi uzluksiz davom etishi tufayli siydik orqali 150 dan ziyod komponentlar, shu jumladan, suv, organizm uchun keraksiz bo‘lgan chiqindilar (mochevina, siydik kislotasi), erigan holatdagi turli mineral tuzlar, shuningdek zaharli moddalar, xiltlar tashqariga chiqadi. Odatda tuzlar kristallar hosil qiladi, cho‘kmaga tushadi, toshlarga aylanadi. Natijada, jinsiy olat boshi terisi, uning yupqa pardasi yallig‘lanadi. Aniqrog‘i, xatna qilinmagan o‘g‘il bolalarda fimoz, parafimoz kasalliklari kuzatiladi. O‘sha joyda qichishish, achishish, shish, og‘riq paydo bo‘ladi. Bu holat bolaning peshob qilishi jarayonida kuchayadi, uning chinqirib yig‘lashi va bezovta bo‘lishiga olib keladi. Buning yana boshqa salbiy ta’sirlari ham borligi haqiqat. Ba’zan esa, jinsiy olat boshining siqilib qolishi sababli bemalol peshob ajratish qiyinlashadi. Bunday og‘ir va tahlikali holatlarda bemorga ko‘rsatiladigan eng ishonchli va shoshilinch tibbiy tadbirlardan biri xatnadir.
Doktor Foris Alvon aytadi: “Xatna qilishning salomatlikka katta foydasi bor. Unga faqatgina pastkash, mutaassib yoki o‘ta nodon kishi shubha bilan qaraydi.
Darhaqiqat, g‘arbliklar avvvallari xatna qilishni tanqid qilar edilar. So‘ngi yillarda ushbu sunnat amalning foydalarini kashf qilgach, ular o‘z xatolarini tushunib yetmoqdalar. Hatto ba’zilari yoshi katta bo‘lishiga qaramay ushbu sunnatni o‘zlariga lozim tutmoqdalar.
Xatna qilmaslik tufayli bavl qilgandan keyin xatna qilish zarur bo‘lgan qismda bakteriyalar ko‘payadi, natijada mazkur joy turli kasalliklar uchun bo‘shliqqa aylanadi. Paydo bo‘lgan jinsiy kasalliklar siydik yo‘li orqali qovuq va buyrakka yoki moyak, prostata bezi, urug‘ pufakchalariga o‘tadi.
Xatna qilish jinsiy a’zoda saraton kasalligi paydo bo‘lishining oldini oladi. Zero, xatna qilingan kishilarda bu kasallik bo‘lmaydi. Chunki bolaning yoshligidayoq xatna qilish ushbu kasallikning oldini olish garovi hisoblanadi.
Ba’zan erkakdagi yallig‘lanish oilaviy munosabatlar orqali ayolga ham yuqib, unda jinsiy a’zo yoki bachadon bo‘yinchasi yallig‘lanishi va yiringlashiga sabab bo‘ladi. Gohida bachadonda yallig‘lanish kuchayib ketgach bepushtlikka olib keladi!”.
Demak, dinimizning shiorlaridan hisoblangan ushbu xatna qilish tufayli katta ajrga ega bo‘lish bilan birga, nafaqat insonning o‘zi balki jamiyatdagi turli kasalliklarning oldi olinadi.
Islom.uz portali tahririyati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
أَلْعِلْمُ فِى الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ فِى الْحَجَرِ
Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir.
Ilm olish uchun eng afzal davr bu insonning yoshlik chog‘idir. Chunki yoshlikda bolaning xotirasi kuchli bo‘ladi. Bu vaqtda olingan ilm bola xotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladi. Shuningdek, yoshlikda har xil tashvish va yumushlardan uzoq bo‘lgan bolaning fikri faqat o‘qishda bo‘lib, natijada u ilmni yaxshi o‘zlashtiradi. Katta bo‘lib, ishlari ko‘paygach, fikri bo‘linadi yoki ilm olishga vaqt ajratolmay qoladi.
Afsuski, aksariyat bolalar ayni ilm olish payti kelganda ham o‘yin-kulgi va bekorchi mashg‘ulotlar bilan ovora bo‘lib yuraveradilar. Ota-onalari ham: “Hali farzandimiz yosh, katta bo‘lgach o‘qir”, deya bunga beparvo qaraydilar. Aslida bola taxminan 3-4 yoshlarida xotirasi eng yaxshi ishlaydigan davr bo‘ladi. O‘sha paytdan boshlab, bolani sekin-asta ilmga jalb qilish yaxshi natija beradi.
So‘zimizni dalili sifatida bir misol keltiramiz. Mashhur alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino 4 yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Bundan tashqari, tarix, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa fanlarni chuqur o‘zlashtirgan. O‘n sakkiz yoshigacha hayotida kerak bo‘ladigan barcha ilmlarni mukammal o‘rganib, mashhur olim, tabib darajasiga ko‘tarilgan. Bundan kelib chiqadiki, ota-onalar farzandlarini yoshlik davridan unumli foydalanib, kerakli ilmlarni egallashlari uchun qulay sharoitlarni ta’minlab berishlari lozim.
مَنْ لَمْ يَتَعَلَّمْ صَغِيرًا لَمْ يَتَقَدَّمْ كَبِيرًا
Kim yoshlik chog‘ida ilm olmasa, katta bo‘lganida yuksalmaydi.
Ushbu maqolni ikki xil ma’noda tushunish mumkin:
1. Kim yoshlik chog‘ini g‘animat bilib, ilm egallamasa, katta bo‘lganida bunga iloj topa olmaydi. Kishining yoshi keksaygan sari uning xotirasi pasayishi ham bor haqiqat.
2. Kim yoshligida ilm olmasa, katta bo‘lganida biron pog‘onaga ko‘tarila olmaydi, insonlar orasida ham eng keyingi o‘rinda turadi, chunki uning ilm-ma’rifati yo‘q. Ilm insonni yuksaltiradi va ravnaq topishiga yordam beradi. (Lekin, o‘rni kelganida shuni ham aytib qo‘yish lozimki, ilm faqat biron martabaga erishish uchungina o‘rganilmaydi).
يُطَيَّبُ القَلْبُ لِلْعِلْمِ كَمَا تُطَيَّبُ الأَرْضُ لِلزِّرَاعَةِ
Yer ekin ekish uchun tozalangani kabi qalb ham ilm uchun tozalanadi.
Ilmning makoni qalbdir. Ma’lumki, ilm ezgulik va nurdir. Kishi ilmni puxta egallash uchun qalbini turli xil ma’naviy illatlar, jumladan kibr, hasad, gina, kudurat, g‘iybat va shu kabilardan tozalashi lozim. Ushbu kamchiliklar bor qalbga ilm yaxshi o‘rnashmaydi, tezda unutiladi yoki biron manfaat keltirmaydi. Shuning uchun ilm olishga kirishayotgan kishi birinchi navbatda qalbini tozalashi, so‘ngra yaxshi niyat bilan ilm tahsliga o‘tishi kerak.
Bola yoshligida xotirasi kuchli, qalbi toza va beg‘ubor bo‘ladi. Bunday paytda olingan ilm har taraflama pishiq va mustahkam bo‘ladi. Demak, ota-onalar bu borada mas’uliyatliroq bo‘lsalar, farzandlarining kamolga yetib, olim bo‘lib, dini va yurtiga foydasiga tegadigan chin inson bo‘lishida hissa qo‘shgan bo‘ladilar.
Odilxon qori Ismoilov