Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyun, 2025   |   19 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:39
Bismillah
15 Iyun, 2025, 19 Zulhijja, 1446

Jazava

20.03.2019   3777   7 min.
Jazava

Masjid – dunyodagi eng sokin joy. Buni dunyodagi, xususan, taraqqiy etgan davlatlardagi aholining barchasi yaxshi biladi. Ular yana shuni ham biladilarki, musulmonlar masjidga ibodat uchun kelgani tufayli qurol-yarog‘ bilan kelmaydilar. Chunki ularning urushish-nizolashish niyati bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan, dunyoning, ayniqsa, Yevropaning ayrim davlatlarida masjidlarga, allaqanday buzg‘unchilar vaqti-vaqti bilan hujumlar uyushtirish kabi bezoriliklar qilib, qurolsiz odamlarni o‘qqa tutib turibdilar. 

Yangi Zellandiya, bilasizki, dunyodagi eng tinch davlatlardan biri sanaladi. Bu yerda jinoyatchilik juda ham kam sodir etiladi, o‘qotar quroldan xudkushlik qilish hollari esa deyarli uchramagan. Ana shunday osoyishta davlatda yashovchi 28 yoshli Brenton Tarrant degan kimsa masjid ichidagi qurolsiz odamlarga qarshi o‘q uzish uchun bir nechta avtomat olib kelgani ajablanarli. Qayerdan olgan u uncha qurolni? U yana o‘zidan qahramon yasash uchun masjidda qilgan xunrezligini Facebookda e’lon qilgan. Bu bilan o‘zini sharmanda-yu sharmisor etganini ham bilmagan. Birinchidan, ozgina g‘ururi, izzat-nafsi bor odam, agar ashaddiy dushmanini qurolsiz holda topsa ham unga qurol o‘qtalmaydi. Har holda, musulmonlar, oriyati bor insonlar shunday yo‘l tutadilar. Ikkinchidan, o‘sha “qahramon” o‘qdoni bo‘shagan avtomatini otib yuborganidan so‘ng o‘sha o‘qdonsiz avtomatni afg‘onistonlik Abdul Aziz degan musulmon yerdan olib unga o‘qtalganda, mashinasiga o‘tirib qochib qoldi. Demak, u Facebookda o‘zining o‘zi o‘ylaganidek qahramonligini emas, nomardligini, quyon yurakligini namoyish qildi. Axir, tasavvur qiling, hech zamonda odam o‘zi otib yuborgan o‘qdoni yo‘q qurolni ko‘rib, qo‘lida o‘qqa to‘la qurol bilan mingga qo‘yib qochadimi? Bu haqiqatni bilishga uning va sheriklarining fahmu farosati yetadimi, yo‘qmi, Xudo biladi.

O‘zlarini dunyoning beshigini tebratib turuvchilarmiz deya xom-xayol qilib, ana shu xayoliga aldanib musulmonlarni “terrorchilar” deb atab, ularning nomidan buzg‘unchiliklar qilayotgan, musulmonlar orasiga turli fitnalar oralatayotgan vallomatlarning qiyofasini ana shunga o‘xshash hodisalar tobora ravshanroq ochib borayotir. Bu jazavalarning  zamirida nima yotgani barchaga ayon – Islom dinining tez tarqalayotganiga, ko‘plab millatdoshlari, hatto yaqin qarindoshlarining musulmonlar safidan joy olayotganiga chiday olmaslik.

Dunyoning bugungi qiyofasini aql ko‘zi bilan kuzatayotganlar qaysi mamlakatda Islomga qarshi fitna uyushtirilayotgan, islomofobiya keng targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha yurt odamlari Islom nima ekan o‘zi, musulmonlar kimlar ekan, deya qiziqib Islomni yaxshi o‘rganayotgani va buning natijasida o‘shalarning ko‘plari musulmon va muslima bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lyaptilar. Ana shu hodisadan aqli butunlari Allohning qudratini yanada teranroq his qilib, iymonga kelib o‘zlarini qutqarayotgan bo‘lsalar, qalbiga qulf solinganlari bunga chiday olmasdan battar jazavaga tushyaptilar. Zero, Abu Jahllar ham shunday qilmaganmidilar o‘zi?..

Begunoh insonlarning umriga zomin bo‘lishni barcha dinlar va ta’limotlar qattiq qoralaydi. Shuning uchun ham bu mudhish xudkushlikdan butun dunyo ahli qattiq g‘azablandi va 2019 yilning 15 mart kuni Yangi Zellandiya tarixiga mamlakatning, butun dunyodagi islomofoblarning isnodga qolgan kuni sifatida kiradigan bo‘ldi.  Va yana shuni diqqat bilan kuzatib boring, shu kundan e’tiboran Yangi Zellandiyada musulmonlar soni keskin o‘sa boshladi.

Albatta, 50 nafar musulmonning halok bo‘lishi, 49 tasining jarohat olishi butun dunyo afkor ommasi, ayniqsa, musulmonlar uchun qayg‘uli hodisa bo‘ldi. Butun dunyo mo‘min-musulmonlari, ulamolari, din va davlat arboblari ushbu uyushtirilgan terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardliklar bildirmoqdalar. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Kraystcherch shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Yangi Zelandiya General-gubernatori Petsi Reddiga hamdardlik maktubi yo‘lladilar, halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta’ziya va hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini tiladilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tavsiyasi bilan 17 mart kuni yurtimizdagi barcha jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng Yangi Zelandiyadagi “Al-Nur” va “Linvud” masjidlarida terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning haqqiga Qur’oni karim tilovatlari va duolar qilindi hamda diniy ta’lim muassasalarida xatmi Qur’onlar qilinib, savobi halok bo‘lganlar ruhiga baxshida etildi.

Facebook ma’muriyati bir sutka ichida Yangi Zelandiyadagi masjidlarda amalga oshirilgan terakt tasvirlangan va ijtimoiy tarmoqqa joylangan 1,5 mln videoyozuvni o‘chirib tashladi.

Facebook, YouTube va Twitter mazkur terrorchilik hujumi tasvirlangan yozuvlar tarqalishiga qarshi kurashni 15 mart kuni boshlagan, deb xabar beradi CNN. Shuningdek, hujum uyushtirgan shaxsning Facebook va Instagram'dagi akkauntlari bloklangan.

Yangi Zelandiya politsiyasining yuqori martabali xodimi Noila Hassan Oklend shahri markazidagi maydonda yig‘ilgan olomon qarshisida musulmon va Yangi Zelandiya politsiyasi yetakchilaridan biri ekanidan faxrlanishini yana bir marta takrorladi. U nutqini Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salovat aytish bilan boshladi.

Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh janoblari bunday dedi: “Ibodat qilayotgan insonlarga nisbatan vahshiylarcha hujumlar fashizm va toqatsizlikning qanday gumrohlikka va yovuzlikka aylanganini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi”. Ali Erbosh islomofobiyani insoniyatga qarshi og‘ir jinoyat deb atadi. Buni biz Alloh taologa ham deb aytamiz.

Yangi Zelandiyadagi mazkur terrorga uchragan musulmonlar hajjul masokin chog‘ida halok bo‘ldilar, shahidlik maqomini topdilar, insho Alloh. Zotan, insonning umri boqiy emas. Har bir inson aniq o‘lchangan vaqt oralig‘ida yashaydi. Ertami-indin ana shu qotillar ham boradi Allohning huzuriga, ana o‘shanda kim g‘olibu, kim mag‘lub ekanini ochiq-oydin ko‘radilar.

Qaysi mamlakatda masjidlarga, mo‘min-musulmonlarga hujum ko‘payaversa, bilingki, o‘sha makonda Islomning yoyilishi tez bo‘lyapti. Ayrimlar esa bundan jazavaga tushib qon to‘kishga o‘tib o‘zlarining mag‘lubiyatga uchrab borayotganini fosh qilib qo‘ymoqdalar. Chunki ularning hamma narsaga yetgan aqli bitta narsaga yetmaydi – ular musulmonlarni kuchlari yetguni qadar o‘ldirishlari mumkin. Bu bilan Islom zaiflashib qolmaydi. Negaki, Islom Allohning dini. Alloh o‘sha shahid bo‘lgan musulmonlarning o‘rnini dushmanlarning o‘zlarining qavmini, farzandlarini musulmonga aylantirib to‘ldirib qo‘yadi. Undan keyin nima qiladi, shunga aql yuritmaydilarmi? 

«Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» (Tavba surasi, 32).

Alloh taolo Yangi Zelandiyada shahid bo‘lgan musulmonlarning joylarini g‘ariqi rahmat qilsin. Yarador bo‘lganlarning dardiga g‘aybidan shifoi komil ato qilsin.

 

Damin JUMAQUL

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

13.06.2025   4053   4 min.
Sog‘lom bolaning dunyoga kelishida onaning o‘rni

Qur’oni karimda “ONA” so‘zi ulug‘vor va mo‘tabar narsalarni ifodalash uchun qo‘llaniladi. Shuningdek, Alloh taolo ularga hech kimga nasib qilmagan buyuk maqomni in’om etgan. Bu haqda Alloh taolo Luqmon surasida: “Biz insonga ota-onasi haqida tavsiya qildik: onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan ko‘tardi; uni sutdan ajratish ikki yil ichidadir” degan (14-oyat).


Mufassir Ibn Atiyya rahimahulloh ushbu oyatning tafsirida: “Alloh taolo bu oyatda onaning xizmatini alohida ta’kidlab o‘tgani, onalarning darajasi yuqori ekaniga ishora qiladi”, degan.

O‘z havoi nafslaridan biror so‘z aytmagan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kimga yaxshilik qilish kerakligi so‘ralganda uch bora “onangga yaxshilik qil” deb javob berganlar.


Onaning vazifasi – farzandni dunyoga keltirish, boqish va uni tarbiyalab voyaga yetkazish bilan cheklanadimi yoki ularning bundanda boshqa muhim hamda kattaroq mas’uliyatlari bormi?


Bu savolga zamonaviy ilm-fan bizga javob beradi...

Keling, savolga javobni ona qornida rivojlanadigan va ona tanasining ajralmas qismi hisoblangan homiladan boshlaylik. Onaning jismoniy holati va uning ovqatlanishi homilaga ta’sir qilganidek, onaning hissiy holati ham ta’sir qiladi.

2013 yilda Granada (Ispaniya) universiteti olimlari 5 yil davomida tadqiqot o‘tkazishdi. 17 ming nafar onalar va 18 ming chaqaloqlar qamrab olgan tadqiqotda sog‘lom ovqatlanish va emizishning farzand salomatligiga ta’sirini kuzatdilar.

Unga ko‘ra, homiladorlik vaqtida onalarning to‘g‘ri ovqatlanishi va diyeta qilishi – farzandning sog‘lom tug‘ilishi va rivojlanishi uchun asosiy omil bo‘lib xizmat qilishi aniqlangan. Tadqiqotda onaning aqliy salohiyatining yuqori bo‘lishi farzandga katta ta’sir etishi isbotlangan.

Shuningdek, onaning ruhiy holati homilaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilishi kuzatilgan. Ruhiy tushkunlik, depressiya, qayg‘u va tashvish ichki stress, xususan, kortizol gormonini keltirib chiqaradi.

Ona tushkunlikka tushganda kortizol farzand miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladi. Natijada bola miya qismidagi o‘zgarishlar sababli bezovtanaladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, kortizol gormoni qondagi kislorod miqdoriga, natijada bolaning nafaqat tug‘ma nuqsonlar bilan yoki erta tug‘ilishi, hatto uning butun kelajakdagi hayotiga ta’sir qilishi mumkin.

Stressni boshdan kechirgan homilador ayollardan dunyo kelgan farzandlarda ruhiy kasalliklar, semirish, qand kasalligi, saraton va asab tizimi kasalliklari ehtimoli ham ularda yuqori bo‘lgan.

Xavotirli yeri shuki, bu alomatlar kelgusi avlodga ham o‘tgan. Ha, uning asorati nafaqat farzandlari, balki nabiralarining hayotlariga ta’sir o‘tkazgan.

 

Onaning bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligi va mehri farzandning maktabdagi fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni, ayniqsa, matematika va chet tillari kabi fanlarni puxta o‘rganish qobiliyatini hamda o‘qish ko‘nikmalarini shakllantiradi.

Shuningdek, olimlarning ta’kidlashicha, bolaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim omillardan biri bu – ona-bola o‘rtasidagi iliq munosabatlar sanaladi. Onaning stress holati esa, farzandning miyasiga jiddiy ta’sir qiladi.

Miyaning tubiga kirib borishga imkon beruvchi so‘nggi texnologiyalar onaning mehr-muhabbati bola miyasining gippokampus deb ataladigan qismiga ta’sir qilishi aniqlangan. U xotira hujayralarining yangilanishi, yodlab qolish qobiliyati va stressga javob berish vazifalarini bajaradi.


Boshqa bir tadqiqotga ko‘ra, gippokampus ko‘rsatkichi onasidan mehr ko‘rganlarda mehr ko‘rmagan bolalarga qaraganda yuqori ekani kuzatilgan.

Ruminiyada yoshligidan stressda, beparvo munosabatda ulg‘aygan bolalar ustida olib borilgan tadqiqot natijalarida ularning miya qismida qora tuynuklar borligi aniqlangan.

Gerhard Suyu o‘zining “Muhabbat qanday ta’sir qiladi?” nomli kitobida “Farzandga qilingan har qanday munosabat uning miya faoliyatiga ta’sir qiladi. Agar farzandga doimiy ravishda qattiqqo‘llik, do‘q-po‘pisa qilinsa, u asabiy, qo‘rqoq, o‘z fikrini erkin bayon eta olmaydigan bo‘lib voyaga yetadi”.

AQSHda 3 mingga yaqin shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada, ona va bola o‘rtasida sog‘lom hissiy munosabatlar mavjud bo‘lsa, ularning jismoniy va ruhiy salomatligiga ijobiy ta’siri 74 yil davom etishi mumkinligini aniqlangan.

Demak, farzandning nafaqat sog‘lom, balki salohiyatli bo‘lishida ham Onalarning o‘rni va mas’uliyati shunchalik yuqori ekan.

 

Davron NURMUHAMMAD