Masjid – dunyodagi eng sokin joy. Buni dunyodagi, xususan, taraqqiy etgan davlatlardagi aholining barchasi yaxshi biladi. Ular yana shuni ham biladilarki, musulmonlar masjidga ibodat uchun kelgani tufayli qurol-yarog‘ bilan kelmaydilar. Chunki ularning urushish-nizolashish niyati bo‘lmaydi. Shunga qaramasdan, dunyoning, ayniqsa, Yevropaning ayrim davlatlarida masjidlarga, allaqanday buzg‘unchilar vaqti-vaqti bilan hujumlar uyushtirish kabi bezoriliklar qilib, qurolsiz odamlarni o‘qqa tutib turibdilar.
Yangi Zellandiya, bilasizki, dunyodagi eng tinch davlatlardan biri sanaladi. Bu yerda jinoyatchilik juda ham kam sodir etiladi, o‘qotar quroldan xudkushlik qilish hollari esa deyarli uchramagan. Ana shunday osoyishta davlatda yashovchi 28 yoshli Brenton Tarrant degan kimsa masjid ichidagi qurolsiz odamlarga qarshi o‘q uzish uchun bir nechta avtomat olib kelgani ajablanarli. Qayerdan olgan u uncha qurolni? U yana o‘zidan qahramon yasash uchun masjidda qilgan xunrezligini Facebookda e’lon qilgan. Bu bilan o‘zini sharmanda-yu sharmisor etganini ham bilmagan. Birinchidan, ozgina g‘ururi, izzat-nafsi bor odam, agar ashaddiy dushmanini qurolsiz holda topsa ham unga qurol o‘qtalmaydi. Har holda, musulmonlar, oriyati bor insonlar shunday yo‘l tutadilar. Ikkinchidan, o‘sha “qahramon” o‘qdoni bo‘shagan avtomatini otib yuborganidan so‘ng o‘sha o‘qdonsiz avtomatni afg‘onistonlik Abdul Aziz degan musulmon yerdan olib unga o‘qtalganda, mashinasiga o‘tirib qochib qoldi. Demak, u Facebookda o‘zining o‘zi o‘ylaganidek qahramonligini emas, nomardligini, quyon yurakligini namoyish qildi. Axir, tasavvur qiling, hech zamonda odam o‘zi otib yuborgan o‘qdoni yo‘q qurolni ko‘rib, qo‘lida o‘qqa to‘la qurol bilan mingga qo‘yib qochadimi? Bu haqiqatni bilishga uning va sheriklarining fahmu farosati yetadimi, yo‘qmi, Xudo biladi.
O‘zlarini dunyoning beshigini tebratib turuvchilarmiz deya xom-xayol qilib, ana shu xayoliga aldanib musulmonlarni “terrorchilar” deb atab, ularning nomidan buzg‘unchiliklar qilayotgan, musulmonlar orasiga turli fitnalar oralatayotgan vallomatlarning qiyofasini ana shunga o‘xshash hodisalar tobora ravshanroq ochib borayotir. Bu jazavalarning zamirida nima yotgani barchaga ayon – Islom dinining tez tarqalayotganiga, ko‘plab millatdoshlari, hatto yaqin qarindoshlarining musulmonlar safidan joy olayotganiga chiday olmaslik.
Dunyoning bugungi qiyofasini aql ko‘zi bilan kuzatayotganlar qaysi mamlakatda Islomga qarshi fitna uyushtirilayotgan, islomofobiya keng targ‘ib qilinayotgan bo‘lsa, o‘sha yurt odamlari Islom nima ekan o‘zi, musulmonlar kimlar ekan, deya qiziqib Islomni yaxshi o‘rganayotgani va buning natijasida o‘shalarning ko‘plari musulmon va muslima bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lyaptilar. Ana shu hodisadan aqli butunlari Allohning qudratini yanada teranroq his qilib, iymonga kelib o‘zlarini qutqarayotgan bo‘lsalar, qalbiga qulf solinganlari bunga chiday olmasdan battar jazavaga tushyaptilar. Zero, Abu Jahllar ham shunday qilmaganmidilar o‘zi?..
Begunoh insonlarning umriga zomin bo‘lishni barcha dinlar va ta’limotlar qattiq qoralaydi. Shuning uchun ham bu mudhish xudkushlikdan butun dunyo ahli qattiq g‘azablandi va 2019 yilning 15 mart kuni Yangi Zellandiya tarixiga mamlakatning, butun dunyodagi islomofoblarning isnodga qolgan kuni sifatida kiradigan bo‘ldi. Va yana shuni diqqat bilan kuzatib boring, shu kundan e’tiboran Yangi Zellandiyada musulmonlar soni keskin o‘sa boshladi.
Albatta, 50 nafar musulmonning halok bo‘lishi, 49 tasining jarohat olishi butun dunyo afkor ommasi, ayniqsa, musulmonlar uchun qayg‘uli hodisa bo‘ldi. Butun dunyo mo‘min-musulmonlari, ulamolari, din va davlat arboblari ushbu uyushtirilgan terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardliklar bildirmoqdalar. Jumladan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Kraystcherch shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani munosabati bilan Yangi Zelandiya General-gubernatori Petsi Reddiga hamdardlik maktubi yo‘lladilar, halok bo‘lganlarning yaqinlariga samimiy ta’ziya va hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tavsiyasi bilan 17 mart kuni yurtimizdagi barcha jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng Yangi Zelandiyadagi “Al-Nur” va “Linvud” masjidlarida terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning haqqiga Qur’oni karim tilovatlari va duolar qilindi hamda diniy ta’lim muassasalarida xatmi Qur’onlar qilinib, savobi halok bo‘lganlar ruhiga baxshida etildi.
Facebook ma’muriyati bir sutka ichida Yangi Zelandiyadagi masjidlarda amalga oshirilgan terakt tasvirlangan va ijtimoiy tarmoqqa joylangan 1,5 mln videoyozuvni o‘chirib tashladi.
Facebook, YouTube va Twitter mazkur terrorchilik hujumi tasvirlangan yozuvlar tarqalishiga qarshi kurashni 15 mart kuni boshlagan, deb xabar beradi CNN. Shuningdek, hujum uyushtirgan shaxsning Facebook va Instagram'dagi akkauntlari bloklangan.
Yangi Zelandiya politsiyasining yuqori martabali xodimi Noila Hassan Oklend shahri markazidagi maydonda yig‘ilgan olomon qarshisida musulmon va Yangi Zelandiya politsiyasi yetakchilaridan biri ekanidan faxrlanishini yana bir marta takrorladi. U nutqini Alloh taologa hamd, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga salovat aytish bilan boshladi.
Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbosh janoblari bunday dedi: “Ibodat qilayotgan insonlarga nisbatan vahshiylarcha hujumlar fashizm va toqatsizlikning qanday gumrohlikka va yovuzlikka aylanganini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi”. Ali Erbosh islomofobiyani insoniyatga qarshi og‘ir jinoyat deb atadi. Buni biz Alloh taologa ham deb aytamiz.
Yangi Zelandiyadagi mazkur terrorga uchragan musulmonlar hajjul masokin chog‘ida halok bo‘ldilar, shahidlik maqomini topdilar, insho Alloh. Zotan, insonning umri boqiy emas. Har bir inson aniq o‘lchangan vaqt oralig‘ida yashaydi. Ertami-indin ana shu qotillar ham boradi Allohning huzuriga, ana o‘shanda kim g‘olibu, kim mag‘lub ekanini ochiq-oydin ko‘radilar.
Qaysi mamlakatda masjidlarga, mo‘min-musulmonlarga hujum ko‘payaversa, bilingki, o‘sha makonda Islomning yoyilishi tez bo‘lyapti. Ayrimlar esa bundan jazavaga tushib qon to‘kishga o‘tib o‘zlarining mag‘lubiyatga uchrab borayotganini fosh qilib qo‘ymoqdalar. Chunki ularning hamma narsaga yetgan aqli bitta narsaga yetmaydi – ular musulmonlarni kuchlari yetguni qadar o‘ldirishlari mumkin. Bu bilan Islom zaiflashib qolmaydi. Negaki, Islom Allohning dini. Alloh o‘sha shahid bo‘lgan musulmonlarning o‘rnini dushmanlarning o‘zlarining qavmini, farzandlarini musulmonga aylantirib to‘ldirib qo‘yadi. Undan keyin nima qiladi, shunga aql yuritmaydilarmi?
«Ular Allohning nurini og‘izlari bilan o‘chirmoqchi bo‘lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, o‘z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir» (Tavba surasi, 32).
Alloh taolo Yangi Zelandiyada shahid bo‘lgan musulmonlarning joylarini g‘ariqi rahmat qilsin. Yarador bo‘lganlarning dardiga g‘aybidan shifoi komil ato qilsin.
Damin JUMAQUL
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV