Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar saytlardan va ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan.
*****
Momaqaldiroq gumburlaganda, hazrati Umar roziyallohu anhu: «Rahmatining ovozi shunchalik bo‘lsa, azobining ovozi qanday ekan?!» dedilar.
*****
Ayolingizga — uning dindorligi uchun uylangan bo‘lsangiz, har safar namoz o‘qiyotganini ko‘rganingizda, muhabbatingiz ziyoda bo‘laveradi.
*****
Aka-ukang senga foydasi tekkanidir. Qarindoshlikni, yaqinlikni da’vo qilgani emas.
Toriq ibn Ziyod rahimahulloh
*****
Kishining qandayligiga uning berayotgan savollaridan kelib chiqib xulosa qilish mumkin.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Solih inson bo‘l. Lekin buni isbotlash uchun vaqtingni zoye qilma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
G‘arb dori-darmon sotish uchun xalqlarning kasal bo‘lishini, oziq-ovqat sotish uchun kambag‘al bo‘lishini, qurol-yarog‘ sotish uchun ularning urushishini, bosib olib, egalik qilish uchun bo‘linishini istaydi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Hatto oppoq atirgulning ham qora soyasi bor.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Eng zakiy inson – tinglab, fikrlab, mulohaza qilib ko‘radigan insondir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Odamlarning jim turishini zaiflik deb xato o‘ylama. Donishmand, oqil insonlar o‘zlarining ulkan ishlarini ham baland ovozda aytib e’lon qilmaydilar.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Baxtli insonlar ichki olamlarini isloh qilish, tuzatish bilan mashg‘ul bo‘lsalar, baxtsizlar boshqalarga malomat toshlarini otish bilan ovvoradirlar.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
- Yarim qultum suv chanqog‘ingni qondirmaydi.
- Yarim burda non ochligingni ketkazmaydi.
- Yo‘lning yarmi seni manzilga olib bormaydi.
- Yarimta fikr senga natija bermaydi.
- Yarimta degan narsa ojizlik belgisi, yarmida to‘xtash ojizlik lahzasidir.
Sen ojizmassan. Chunki, sen yarimta inson qilib yaratilmagansan.
«Tarix muhrlagan so‘zlar»
*****
Sovchi qo‘yayotgan paytda kuyovga, saylovoldi tashviqotlarini olib borayotgan paytda nomzodga ishonma.
Jalol Omir
*****
Men hech kimni yomon ko‘rmayman. Hatto meni xo‘rlagan do‘stlarimni ham. Ularni haliyam yaxshi ko‘raman. Lekin endi ularni qaytadan do‘stlikka qabul qila olmayman.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Aholisi kitob o‘qimaydigan shaharda bo‘rilar yetakchiga aylanadi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
O‘qimaydigan millatni, xalqni aldash oson.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi:
1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.
Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).
Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.
Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.