Voqea qanday sodir bo‘ldi?
Bir guruh dinsiz va islomofob terrorchilar Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi ikkita – “al-Nur” va “Linvud” masjidlariga bugun juma namozidan so‘ng bostirib kirib, namozxonlarni o‘qqa tuta boshlagan. Terrorchilik sodir bo‘lgan vaqtda masjidlarda mos ravishda 200 va 300 nafarga yaqin namozxon bo‘lgan.
Juma namozidan keyin sodir etilgan ushbu terrorchilik hujumi oqibatida 40 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, 49 nafar kishi yaralandi.
Bu holat musulmonlar uchun ulkan musibat. Bunday paytda nima qilish kerakligini Alloh taolo shunday ta’lim bergan: “Ular musibat yetganda: “Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, derlar” (Baqara, 156).
Qabih rejali terror
Manfur niyatdagi terorchilar bu hujumga astoydil tayyorgarlik ko‘rgani ma’lum bo‘ldi. Hatto terrorchilardan biri hujum oldidan internetda 37 sahifali terrorga oid xabarni ham e’lon qilgan. Vahshiy hujum aks etgan videolavhada terrorchi o‘zi sodir etayotgan xunrezlikni tasvirga olayotgani, o‘qdoni tugagan avtomatni uloqtirib, boshqasini olayotgani hamda terrorchi avtomashinasida qurollar tayyorlab qo‘yilgani, shuningdek, sheriklari qurollar bilan ta’minlangani ushbu jinoyat manfur reja asosida amalga oshirilganini ko‘rsatdi.
Terrorchilarning shafqatsizligi
Jinoyatni sodir etayotgan kimsalar aslida o‘ta shafqatsizlik qilayotgan bo‘lsada, lekin o‘z qilmishidan rohatlanib, zarracha ham afsuslanmasdan, qo‘rquvga berilmagan holda vahshiylarcha musulmonlarni o‘ldirayotganini videotasvirda ko‘rish mumkin.
Ushbu mash’um terrorchilik oqibatida o‘nlab begunoh odamlar qurbon bo‘ldi. Dinimizda aybi bo‘lmagan odamning hayotiga zomin bo‘lish buzg‘unchilikning eng ulkan ko‘rinishi ekani ta’kidlangan.
Alloh taolo bunday ogohlantiradi: “Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi va kimki unga hayot ato etsa (ya’ni o‘ldirishdan bosh tortsa), demak, go‘yo barcha odamlarga hayot beribdi" (Moida, 32).
Ayrim nashrlarining terrorga munosabati
Musulmonlarning qonini to‘kkan terrorchilarni ayrim nashrlar “bosqinchilar” deb atamoqda. Nega? Chunki, qotillar musulmonlar emas, balki dinsiz va islomofoblardir, jabrlanganlar esa musulmonlardir. Agar shu ishni qilganlar Islom dini niqobidagi shaxslar bo‘lganida edi, ba’zi nashrlar ularni “terrorchilar” deb atagan bo‘lardi.
Mazkur vaziyatga haqqoniy yondoshgan xolis davlat rahbarlari va nashrlar ushbu xatti-harakatlarni terrorchilik, deb baholamoqda.
Musulmonlar munosabati
Ibodat chog‘ida shahid bo‘lgan dindoshlarimizning haqqiga istig‘for aytamiz va oxiratda shahidlar qatorida bo‘lishlarini Alloh taolodan duo qilib so‘raymiz. Mazkur ayanchli holat dunyodagi barcha musulmonlarni chuqur qayg‘uga soldi, nafratini qo‘zg‘atdi!
Aslida bu ommaviy qotillikni amalga oshirgan razil kimsalar haqiqiy terrorchilardir. Terrorchi bo‘lganda ham ashaddiy, qilgan jinoyatidan huzurlanadigan, bu ham yetmaganidek, o‘z qotilliklari bilan maqtanishdan ham tap tortmaydigan yovuzlardir. Bular Alloh taoloning, Rasuli Akramning, Islom dinining va ikki milliardga yaqin mo‘min-musulmonlarning ashaddiy dushmanlaridir. Yana ham umumiy qilib aytsak, insoniyat dushmanlaridir.
Bu qotilliklar ayrim manfur kimsalarning o‘sha yerda istiqomat qiluvchi musulmonlarga nisbatan mantiqsiz nafrati oqibatidir. Bu nafrat islomofob nashrlar natijasida paydo bo‘lgan. Bu mash’um voqea Islom dushmanlari buyurtmasi asosida amalga oshirilgan navbatdagi terrordir. Bu nafaqat mo‘min-musulmonlarga, balki butun insoniyatga qaratilgan mudhish jinoyatdir.
So‘nggi yillarda ayrim mamlakatlarda islomofobik kayfiyat avj olgan bir paytda Avstraliya va Yangi Zelandiyada musulmonlar tinch va osuda hayot kechirayotgan edi. Ko‘plab musulmon mamlakatlardan borib, u yerda yashab kelayotgan dindoshlarimiz moddiy tomondan anchagina rivojlanib borayotgan edi. Bu holat qora kuchlarning manfaatiga zid keldi. Ular vaqt o‘tgani sari Islom an’analarining mahalliy aholiga ham ta’sir etishidan cho‘chidi. Natijada ular shunday dahshatli terrorni uyushtirishgacha borib yetdi.
Xulosa
Shu va shunga o‘xshash holatlar so‘nggi yigirma yillikda ayrim ommaviy axborot vositalarida islomofobik tashviqotlarga zo‘r berishning ochiq-oydin natijasidir!
Ushbu ishlarni ko‘rib, Alloh taoloning Kalomidagi mana bu oyat yodga keladi:
«Ularga kishilar: «Odamlar sizga qarshi birlashdilar (ustingizga bostirib kelyaptilar), ulardan qo‘rqinglar», deganda, ularning iymonlari ziyoda bo‘ldi va: «Hasbunallohu va ne’mal vakiyl» (ya’ni «Bizga Allohning O‘zi yetarli va U qanday ham yaxshi vakil»), dedilar.)» (Oli Imron, 173).
Shunday ekan qiyinchilik va og‘ir paytlarda mo‘min-musulmonlarga Allohning O‘zi yetarlidir. Juma kunida o‘nlab mo‘min-musulmonlarning umriga zomin bo‘lgan buzg‘unchilar inson qiyofasini yo‘qotgan vahshiylardir.
Butun dunyo mo‘min-musulmonlari, ulamolar, din va davlat arboblari uyushtirilgan terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardliklar bildirmoqdalar.
Alloh taolo shahid bo‘lganlarni rahmatiga olsin, ularning yaqinlariga sabru jamiyl bersin, jarohat olganlarning tez fursatlarda shifo topishlarini nasib aylasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar