Ma’lumki, inson bu dunyoda qilgan ishlariga va gapirgan gaplariga oxiratda javob beradi. Yelkamizdagi farishtalar qilgan ishlarimiz bilan birga og‘zimizdan chiqqan har bir so‘zni yozib borishadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
إِذْ يَتَلَقَّى الْمُتَلَقِّيَانِ عَنِ الْيَمِينِ وَعَنِ الشِّمَالِ قَعِيدٌ مَا يَلْفِظُ مِن قَوْلٍ إِلَّا لَدَيْهِ رَقِيبٌ عَتِيدٌ
“Zotan ikki kutib oluvchi o‘ngda va chapda o‘tirgan hollarida kutib olurlar. U biror so‘z aytmas, magar huzurida (farishta) hoziru nozir” (Qof surasi, 17-18-oyatlar).
Buyuk tobeinlardan bo‘lgan Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh “Aytayotgan gapini amalidan deb bilgan odamning gapi oz bo‘ladi” deganlar.
Bir masalni keltirsak: “Bir kuni eshak arslonning terisini yopinib olib, hamma hayvonlarni qo‘rqita boshlabdi. Shu payt u tulkiga yo‘liqib qoldi va boshqa hayvonlarni qo‘rqitganidek, uni ham qo‘rqitmoqchi bo‘ldi. Shunda tulki: “Menga ishon, agar sening hangraganingni eshitib qolmaganimda, sendan qo‘rqib ketgan bo‘lardim” dedi”.
Ahmoq kimsalar aqlli insonlarning “liboslari”ni kiyib oladilar. Keyin o‘zlarining bema’ni mahmadonaliklari bilan ahmoq ekanliklarini fosh qilib qo‘yadilar.
Do‘stlar, dunyo va oxiratimizga foydali bo‘ladigan o‘rinlardagina gapiraylik. Bo‘lmasa, sukut saqlab turaylik. Zero, muborak hadisda shunday deyilgan:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «O‘zi uchun behuda narsalarni tark qilishi kishi Islomining husnidandir», dedilar».
Termiziy va Ibn Moja rivoyat qilishgan.
Go‘zal musulmonning qiladigan ishlari va aytadigan so‘zlari faqat foydali, o‘rinli bo‘lib, behuda, keraksiz gaplarni gapirmaydi, unday ishlarni qilmaydi.
Alloh taolo bizni ham aytadigan so‘zini amalidan deb, foydali o‘rinlardagina gapiradigan bandalaridan qilsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Ularning huzurida telefonni o‘chirish.
2. So‘zlariga diqqat bilan quloq solish.
3. Ularning fikrini qabul qilish.
4. Suhbatlariga qiziqish bilan munosabatda bo‘lish.
5. Ularning yuziga kamtarona va e’zoz bilan boqish.
6. Ularga doimo maqtov va iliq gaplar aytish.
7. Quvonchli yangiliklarni ular bilan baham ko‘rish.
8. Salbiy xabarlarni aytmaslik.
9. Ularning yaqin do‘stlarini maqtash va hurmat qilish.
10. Ular bajargan ishlarini doimo esga olib, maqtash.
11. Bir gapni qayta-qayta gapirsalar ham diqqat bilan eshitish.
12. Ularga og‘ir bo‘lgan o‘tmish voqealarini esga solmaslik.
13. Keraksiz gaplarni gapirishdan o‘zini tiyish.
14. Ular bilan kamtarona holda o‘tirish.
15. Ularning fikriga bepisanlik bilan qaramaslik yoki inkor etmaslik.
16. So‘zlarini bo‘lmaslik, ularni erkin gapirishiga imkon berish.
17. Ularning yoshini hurmat qilish va nevaralar bilan bezovta qilmaslik.
18. Nevaralarni ularning oldida tergamaslik.
19. Ular bergan nasihat va ko‘rsatmalarni qabul qilish.
20. Ular huzurida ularni asosiy shaxs deb bilish.
21. Ularning oldida ovozni ko‘tarmaslik.
22. Ularning oldida yoki ulardan avval yurmaslik.
23. Ulardan avval ovqat yemaslik.
24. Ularning yuziga tik qaramaslik.
25. Ularning qadriga yetib, ulardan faxrlanish.
26. Ularning oldida oyoqlarni uzatmaslik yoki orqa o‘girmaslik.
27. Ularni haqorat qilib, ularga malomat keltirmaslik.
28. Ularning haqqiga har doim duo qilish.
29. Ularning huzurida charchaganlikni yoki dilxiralikni namoyish qilmaslik.
30. Ular xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, ularni kulgiga olmaslik.
31. Ular so‘ramasdan oldin ularga xizmat qilish.
32. Ulardan xafa bo‘lmaslik va ularni muntazam ravishda ziyorat qilish.
33. Ularning oldida go‘zal va xushmuomala so‘zlarni tanlab gapirish.
34. Ular yaxshi ko‘rgan ismlar bilan chaqirish.
35. Ularni hamma narsadan va barcha insonlardan ustun qo‘yish.
Ota-ona – yer ustidagi xazinaki, yer ostiga ko‘chishga yaqin qolgan. Allohim, ularning umrini sog‘liq va ibodatda uzun qil!
Omin, yo Robbim!
Homidjon domla ISHMATBЕKOV