Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Biz kimmiz o‘zi?

28.02.2019   4089   5 min.
Biz kimmiz o‘zi?

Podshoh a’yonlari qurshovida ko‘chadan dabdaba bilan o‘tib borardi. Qarshisidan abgor holdagi gado chiqib, baland ovozda dedi:

  • Assalomu-alaykum qarindosh!
  • Ey nodon, - dedi podshoh g‘azablanib. – Qanday qilib senga qarindosh bo‘lay?! Sen kim-u, men kim?
  • Qarindoshmiz, olampanoh. Hammamiz bir ota-ona – Odam Ato va Momo Havvoning farzandlarimiz-ku.

         Nima ham derdik, o‘sha gado haq. Insonning insondan farqi (“afzalligi”, “ustunligi” va hokazo)ni tashqi ko‘rinishi, kiyimi, terisining rangi, moddiy imkoniyatlari, ijtimoiy mavqei, mansabi... kabilar bilan ajratish o‘ta nisbiy tushuncha. Deylik, biri – “fuqaro”, ikkinchisi – “zodagon”. Nima bo‘pti? Yana, bek kim-u, xoja kim, faqir kim? Hammasi – hazrati Inson emasmi? Masalan, “oqsuyak”-zodagonga bir umr baxtli-saodatli bo‘lmoq, dorilbaqoga qaytgach, to‘ppa-to‘g‘ri jannatga tushmoq kafolati berilganida, boshqa gap edi! Yoki, kuch-qudratda tengsiz pahlavonlar, zaiflardan ko‘ra uzoqroq umr ko‘radimi-yo‘qmi – buni hech kim bilmaydi! Ba’zan, boshqalarga nisbatan zohiriy ustunlik – inson o‘zining cheksiz orzu-istaklari-yu, aqli vositasida o‘ylab topgan “kashfiyoti” xolos, deyish mumkin.

Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Insonlarning hammasi taroqning tishidek barobardur”. Faqat, goho bu haqiqatni yo bilmaymiz, yoki bilishni istamaymiz...

Cheksiz olamda Inson – kim o‘zi?

Bu savolga o‘tmish mutafakkirlari turli-tuman javoblar topishgan. Umar Xayyom insonni “tabiatning gultoji”, “olamning mehvari” deya ulug‘lasa, farang mutafakkiri Blez Paskal kamtarona, hatto tushkun kayfiyatda: “atom zarrasi kabi adashgan”, “bir daqiqa yalt etib ko‘rinib, abadiy yo‘qolgan soya”ga  o‘xshatadi. “Koinot ichra inson nima? – deya savol qo‘yadi B.Paskal va bunday javob beradi: – cheksizlik bilan qiyoslaganda yo‘qlik, yo‘qlik bilan qiyoslaganda borliq, hamma narsa va hech narsa orasidagi o‘rtalikdir.

Insonning ulug‘ligi uning fikrlash qobiliyatida. Yolg‘iz tafakkurgina bizni yuksakka ko‘taradi, makon va zamon bunday imkonga ega emas, chunki ular ichra biz hech narsamiz”.

Darhaqiqat, inson bu cheksiz olamda imkoniyatlari nihoyatda cheklangan mavjudot, desak, o‘zimizga mos baho bergan bo‘lamizmi? Misol uchun, juda past ovozni eshitmaymiz, o‘ta baland ovozdan esa quloq yorilib ketadi. Kichik zarralarni ko‘rolmaymiz, shuningdek, o‘ta uzoq masofani ham ko‘zimiz ilg‘amaydi. Hatto,  “eng uchqur” deb ta’riflanuvchi aql-idrokimiz imkoniyatlari ham albatta, chegaralangan. Qadimgi hind hikmatida aytilganidek, “Biz olam, odam va jamiyat haqida juda-juda oz narsa bilishimizni bilish uchun nihoyatda ko‘p narsa bilishimiz kerakligini kamdan-kam odam biladi”. Binobarin, Inson o‘z aql kuchi bilan “hamma narsani” biluvchi emas, balki Alloh istagan narsanigina bilguvchidir.

Insonning fe’l-atvori juda ham qiziq. O‘ta murakkab. Uning ba’zi  qirralari shunday kutilmagan holatda namoyon bo‘ladiki, buni avvaldan aytish, bashorat qilish, “rejaga kiritish” va hatto tasavvur qilish nihoyatda mushkul...

“Arab tafakkuri xazinasi”dan: “Xastalik to‘shagida o‘ziga zaiflik bilan birga orzu-umid, jangu-jadal maydonida esa buzg‘unchilik bilan birga kuch-quvvat topib, o‘zida ikkala ziddiyatni jamlay olgan mavjudot – insondir”. Baayni, Inson jismida suv va olov birlashgan. Tuproqdek xokisorlik ham, tengsiz bunyodkorlik, buzg‘unchilik, qaynoq mehr-muhabbat, vahshiylik, havoyilik (masalan, kibr), yirtqichlik... ham insonga xos. “Inson har doim beozor bo‘lmasdan, ba’zan dunyodagi eng vahshiy maxluqqa aylanishi mumkinligini goho tan olgimiz kelmaydi”.

Yuqoridagi fikrlar inson zotiga nisbatan insonlar tomonidan aytilgan va kimdir bunga qarshi chiqishi ham mumkin. Agar biror bir buyumni yasasangiz uning qandayligini sizdan boshqa hech kim aniq va batafsil bilmaydi. Odam zotini ham uni yaratgan Alloh taolodan boshqa hech kim zarrasigacha, qalbidagi hislarigacha bilishi mutlaqo mumkin emas. Shu sabab biz haqimizda Alloh taoloning Kalomida keltirilgan oyatlarga nazar solsak:

“Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz”. (Alloh) aytdi: Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman. (Baqara surasi, 30)

(Har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar”. (Asr surasi, 2-3)

Axir, inson zaif yaratilgan-da! (Niso surasi, 28)

Nima bo‘lganda ham inson ekanligini, bandani Alloh taolo yaratganligini, hayotga kelishdan maqsad va yuklatilgan vazifalarni unutmasdan yashash har bir o‘zini ODAM deb bilgan mavjudot uchun unutilmas va isbot talab qilmas haqiqatdir!

 

“Insonnoma” kitobi asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

18.06.2025   2859   3 min.
Yolg‘iz qolganda ham Allohdan hayo qiling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hayo – iymondandir. Iymon jannatdadir. Fahsh qabohatdandir. Qabohat esa do‘zaxdadir” [1], deganlar.

Ka’b hazratlarining bir gaplari bor: “Hammaning oldida odamlardan uyalganingiz singari yolg‘iz qolganda ham Alloh taolodan hayo qilinglar”.

Bizlar omma oldida uyatchan bo‘lganimiz qadar maxfiy paytlarda Alloh taolodan hayo qilayapmizmi?! Hammaning oldida biror xato qilib qo‘ygudek bo‘lsak, odamlar bizni gap-so‘z qilishlaridan qo‘rqib yurganimiz kabi hech kim ko‘rmagan paytda Alloh bizni ko‘rib turganini his qila olyapmizmi?! 

Ulug‘lardan biri bunday deydi: “Hammaning oldida qilishdan uyaladigan ishini yashirincha qilgan odamning qadri yo‘qdir”.

Alloh taoloning nazdida beqadr bo‘lishimiz va odamlar orasida hurmatimizni yo‘qotishimiz qay birimizga yoqadi?! Mana bu misralar juda to‘g‘ri yozilgan:

Gar hayo pardasi sitilsa nogoh,
Qo‘rquv ham solmasa ish nihoyasi,
Istagan narsangni qilaver gumroh,
Bexayr hayotning shudir doyasi.
Iffat tark aylasa insonni agar,
Ortidan ketgaydir xayru halovat.
Ko‘zlaring ochibroq solsang-chi nazar:
Po‘stloq turar ekan, novda salomat!

 Lekin hayo bobida uyalmaslik kerak bo‘lgan amallar ham borki, bu ishlarni hikmat va odob ila ado etmog‘imiz lozim. Ulug‘lardan biri: "Uch narsa borki, ulardan uyalma:

1. Ilm izlash. Bir so‘rab, bir so‘ramay yuradigan bo‘lsang, u holda hech qachon ilmga erisha olmaysan.

2. Badan kasalligi. Alloh taolo seni birorta kasallik bilan sinasa, o‘z qobig‘ingga o‘ralib olib, odamlardan ajralma.

3. Kambag‘al yaqin qarindosh. Bu mening amakimning o‘g‘li yoki tog‘amning o‘g‘li deyishdan uyalma”, deydi.

Hayo martabalarining eng yuqorisi banda Robbisidan hayo qilishi va U Zotga osiylik qilmasligi, ibodatlarida kamchilikka yo‘l qo‘ymasligidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh taolodan hayo qilsa, boshni va u qamrab olgan narsalar (ko‘z, quloq kabi a’zolar)ni  saqlasin, qorin va u qamrab olgan narsalar (farj kabi a’zolar)ni ehtiyot qilsin. O‘lim va chirishni yodga olsin. Oxiratni istagan kishi dunyo ziynatlarini tark qiladi, kim ularni qiladigan bo‘lsa, Alloh taolodan haqiqiy ma’noda hayo qilgan bo‘ladi”, [2] dedilar.

Alloh taolo bergan ne’matlarini va U Zotning haqqini ado etishda kamchilikka yo‘l qo‘yayotganingizni ko‘ra olishingiz hayodandir. Alloh taologa itoat qilib, Unga osiylik qilmasangiz qiyomat kunida bandaga amallari ko‘rsatilganida Alloh taolo u bandani azoblashdan hayo qiladi.

Rivoyat qilinishicha, Misr azizi (shoh yoki xazinabon)ning ayoli Yusuf alayhissalomga ko‘ngli tushib buzuq ishni qilmoqchi bo‘lganida, uyning burchagida turgan butning yuzini yopib qo‘yadi. Shunda Yusuf alayhissalom: “Nima qilyapsan?” – deb so‘raydi. Ayol javoban: “Undan hayo qilyapman”, deydi. Yusuf alayhissalom esa: “Men Allohdan hayo qilishga haqliroqman”, deydi.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Termiziy rivoyat qilgan va “Hasan sahih” qaror bergan.
[2]  Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyati.