Podshoh a’yonlari qurshovida ko‘chadan dabdaba bilan o‘tib borardi. Qarshisidan abgor holdagi gado chiqib, baland ovozda dedi:
Nima ham derdik, o‘sha gado haq. Insonning insondan farqi (“afzalligi”, “ustunligi” va hokazo)ni tashqi ko‘rinishi, kiyimi, terisining rangi, moddiy imkoniyatlari, ijtimoiy mavqei, mansabi... kabilar bilan ajratish o‘ta nisbiy tushuncha. Deylik, biri – “fuqaro”, ikkinchisi – “zodagon”. Nima bo‘pti? Yana, bek kim-u, xoja kim, faqir kim? Hammasi – hazrati Inson emasmi? Masalan, “oqsuyak”-zodagonga bir umr baxtli-saodatli bo‘lmoq, dorilbaqoga qaytgach, to‘ppa-to‘g‘ri jannatga tushmoq kafolati berilganida, boshqa gap edi! Yoki, kuch-qudratda tengsiz pahlavonlar, zaiflardan ko‘ra uzoqroq umr ko‘radimi-yo‘qmi – buni hech kim bilmaydi! Ba’zan, boshqalarga nisbatan zohiriy ustunlik – inson o‘zining cheksiz orzu-istaklari-yu, aqli vositasida o‘ylab topgan “kashfiyoti” xolos, deyish mumkin.
Hadisi sharifda shunday deyiladi: “Insonlarning hammasi taroqning tishidek barobardur”. Faqat, goho bu haqiqatni yo bilmaymiz, yoki bilishni istamaymiz...
Cheksiz olamda Inson – kim o‘zi?
Bu savolga o‘tmish mutafakkirlari turli-tuman javoblar topishgan. Umar Xayyom insonni “tabiatning gultoji”, “olamning mehvari” deya ulug‘lasa, farang mutafakkiri Blez Paskal kamtarona, hatto tushkun kayfiyatda: “atom zarrasi kabi adashgan”, “bir daqiqa yalt etib ko‘rinib, abadiy yo‘qolgan soya”ga o‘xshatadi. “Koinot ichra inson nima? – deya savol qo‘yadi B.Paskal va bunday javob beradi: – cheksizlik bilan qiyoslaganda yo‘qlik, yo‘qlik bilan qiyoslaganda borliq, hamma narsa va hech narsa orasidagi o‘rtalikdir.
Insonning ulug‘ligi uning fikrlash qobiliyatida. Yolg‘iz tafakkurgina bizni yuksakka ko‘taradi, makon va zamon bunday imkonga ega emas, chunki ular ichra biz hech narsamiz”.
Darhaqiqat, inson bu cheksiz olamda imkoniyatlari nihoyatda cheklangan mavjudot, desak, o‘zimizga mos baho bergan bo‘lamizmi? Misol uchun, juda past ovozni eshitmaymiz, o‘ta baland ovozdan esa quloq yorilib ketadi. Kichik zarralarni ko‘rolmaymiz, shuningdek, o‘ta uzoq masofani ham ko‘zimiz ilg‘amaydi. Hatto, “eng uchqur” deb ta’riflanuvchi aql-idrokimiz imkoniyatlari ham albatta, chegaralangan. Qadimgi hind hikmatida aytilganidek, “Biz olam, odam va jamiyat haqida juda-juda oz narsa bilishimizni bilish uchun nihoyatda ko‘p narsa bilishimiz kerakligini kamdan-kam odam biladi”. Binobarin, Inson o‘z aql kuchi bilan “hamma narsani” biluvchi emas, balki Alloh istagan narsanigina bilguvchidir.
Insonning fe’l-atvori juda ham qiziq. O‘ta murakkab. Uning ba’zi qirralari shunday kutilmagan holatda namoyon bo‘ladiki, buni avvaldan aytish, bashorat qilish, “rejaga kiritish” va hatto tasavvur qilish nihoyatda mushkul...
“Arab tafakkuri xazinasi”dan: “Xastalik to‘shagida o‘ziga zaiflik bilan birga orzu-umid, jangu-jadal maydonida esa buzg‘unchilik bilan birga kuch-quvvat topib, o‘zida ikkala ziddiyatni jamlay olgan mavjudot – insondir”. Baayni, Inson jismida suv va olov birlashgan. Tuproqdek xokisorlik ham, tengsiz bunyodkorlik, buzg‘unchilik, qaynoq mehr-muhabbat, vahshiylik, havoyilik (masalan, kibr), yirtqichlik... ham insonga xos. “Inson har doim beozor bo‘lmasdan, ba’zan dunyodagi eng vahshiy maxluqqa aylanishi mumkinligini goho tan olgimiz kelmaydi”.
Yuqoridagi fikrlar inson zotiga nisbatan insonlar tomonidan aytilgan va kimdir bunga qarshi chiqishi ham mumkin. Agar biror bir buyumni yasasangiz uning qandayligini sizdan boshqa hech kim aniq va batafsil bilmaydi. Odam zotini ham uni yaratgan Alloh taolodan boshqa hech kim zarrasigacha, qalbidagi hislarigacha bilishi mutlaqo mumkin emas. Shu sabab biz haqimizda Alloh taoloning Kalomida keltirilgan oyatlarga nazar solsak:
“Eslang, (ey Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – deganida, (ular) aytdilar: “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz”. (Alloh) aytdi: “Albatta, Men sizlar bilmagan narsalarni bilurman”. (Baqara surasi, 30)
“(Har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar”. (Asr surasi, 2-3)
Axir, inson zaif yaratilgan-da! (Niso surasi, 28)
Nima bo‘lganda ham inson ekanligini, bandani Alloh taolo yaratganligini, hayotga kelishdan maqsad va yuklatilgan vazifalarni unutmasdan yashash har bir o‘zini ODAM deb bilgan mavjudot uchun unutilmas va isbot talab qilmas haqiqatdir!
“Insonnoma” kitobi asosida Saidabror Umarov tayyorladi
Toshkent islom instituti jamoasi Buxoro va Samarqand viloyatlariga uch kunlik ilmiy safarga chiqishdi.
Muftiy hazratlari xayrixohligi va institut rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy safarning birinchi kunida Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Sayyid Mir Kulol, Bahouddin Naqshband, Abu Hafs Kabir hamda Chor Bakr kabi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Ulamolar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mir Arab madrasasida ham talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
An’anaga muvofiq, Muhammadrasul Abdullayev, Faxriddin Mamanosirov, Jahongir Ne’matov, Jahongir Ro‘ziyev va boshqa o‘qituvchilar ishtirokida talabalar Masjidi Kalonda Imom Buxoriyning buxorolik ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarni o‘qishdi.
Imom Buxoriy mana shu masjidda minglab talabalarga "Sahihi Buxoriy"dan dars bergani tarixdan ma’lum. Aynan shu yerda tahsil olish bugungi talabalar uchun ilm barakasidan nasibador bo‘lishga umidvorlik bor.
Toshkent islom instituti jamoasining safari Samarqandda davom etdi. Ustoz va talabalar Hadis ilmi maktabida ham bo‘lishib, “Sahihul Buxoriy” kitobidan oxirgi hadislarni o‘qishdi. Shundan so‘ng 70 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalariga “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari topshirildi.
Qur’on xatmlari nihoyalanib, xalqimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligini tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun, Toshkent islom institutida diniy ta’limning “xatmi kutub” uslubi bo‘yicha hadis, fiqh, aqida, tafsir, faroiz, tasavvuf kabi fanlarga oid mo‘tabar kitoblar dars jarayonlari va to‘garaklarda to‘liq o‘qib tugatiladi. “Sahihul Buxoriy” kitobi 2 yil mobaynida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari ustozligida o‘qib xatm qilindi. “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari har yili Buxoro va Samarqanddagi ilmiy safar yakunida topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati