Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

01.03.2019 y. Bid’at va xurofotlarga berilmaylik

22.02.2019   6358   16 min.
01.03.2019 y. Bid’at va xurofotlarga berilmaylik

     بسم الله الرحمن الرحيم

 

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي أَكْمَلَ لَنَا الدِّينَ وَأَتَمَّ عَلَيْنَا النِّعْمَةَ، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مُحَمَّدٍ الَّذِي حَذَّرَ أُمَّتَهُ مِنَ الْبِدْعَةِ وَالضَلاَلَةِ، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ القِيَامَةِ، اَمَّا بَعْدُ

BID’AT VA XUROFOTLARGA BЕRILMAYLIK

Muhtaram jamoat! Islom ummatiga berilgan eng katta ne’matlardan biri – Alloh taolo ularga dinni komil, ahkomlarini to‘kis qilib berganidir.

الْيَوْمَ أَكْمَلْتُ لَكُمْ دِينَكُمْ وَأَتْمَمْتُ عَلَيْكُمْ نِعْمَتِي وَرَضِيْتُ لَكُمُ الْإِسْلاَمَ دِيْنًا

ya’ni: “Ana, endi bugun, diningizni kamoliga yetkazdim, ne’matimni tamomila berdim va sizlar uchun Islomni din bo‘lishiga rozi bo‘ldim” (Moida surasi, 3-oyat).

Bizga Alloh taoloning kitobi, payg‘ambarimizning sunnatlari batafsil holda yetib keldi. Mana shunday mukammal dinimizga biror kishining o‘zicha yangilik kiritishi katta razolatdir. Dinda yo‘q narsani “bu ish dindan”, “savob bo‘ladi”, “qilmasa bo‘lmaydi” deb, unga qo‘shish yoki bir narsani olib tashlash  bid’at amal hisoblanadi.

“Bid’at” so‘zi lug‘atda “o‘xshashi bo‘lmagan yangi narsani paydo qilish, diniy aqiydalarga kiritilgan o‘rinsiz isloh” degan ma’noni bildiradi. Istilohda esa:

اَلْبِدْعَةُ فِعْلُ مَا لَمْ يُعْهَدْ فِي عَصْرِ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ

“Bid’at – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan narsani amalga oshirishdir”.

Demak, ibodatlarda bo‘lsin, odatlarda bo‘lsin, asri saodatda uchramagan, balki, keyinchalik dinda yangi paydo bo‘lgan amallar bid’at hisoblanar ekan. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"عَليْكُمْ بِسُنَّتِي وَسُنَّةِ الخُلَفَاءِ الرَّاشِدِيْنَ المَهْدِيِّينَ، عَضُّوا عَلَيْها بالنَّوَاجِذِ، وَإيَّاكُمْ وَمُحْدَثاتِ الأُمُورِ، فإنَّ كُلَّ بِدْعَةٍ ضَلالَةٌ"

(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ وَالإمام التِّرْمِذِيُّ)

ya’ni: “Sizlar mening va to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi, hidoyat topgan xulafolarimning yo‘lini tutib, uni oziq tishlaringiz bilan tishlagandek, mahkam ushlanglar. Dinga yangiliklar kiritishdan saqlaninglar, albatta, har qanday bid’at zalolatdir” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Dinga yangilik kiritish, go‘yoki, Alloh va uning Rasuli bilmagan narsani “men topdim” degan da’vo qilishdir. Vaholanki, Islom Alloh tomonidan yuborilgan mukammal va barkamol dindir. Biz musulmonlarning vazifamiz –  dinimizning mohiyatini to‘g‘ri anglab yetib, hayotimizga tatbiq qilish va turli bid’at-xurofotlarni paydo qilmaslikdir.

Ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).

Bid’ati hasana – shariatda asli bo‘lgan amalni shu aslga tayanib, uni shakllantirish uchun joriy qilingan qo‘shimcha amallarga aytiladi. Bunga hazrati Umar raziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan taroveh namozini Rasululloh sallallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrlarida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildilar va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, – dedilar.

Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.

Bid’ati sayyia esa – shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, uni shariatimizda rad etilgandir. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam aytdilar:

"مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ"

(رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ وَالإمام مُسْلِمٌ)

ya’ni:  “Kim bizning dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Hofiz ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Bu – dinni soxtalashtirib, buzishdan asrovchi hadislar jumlasidan bo‘lib, muhim qoidani o‘z ichiga olgan. Ya’ni, dinga zid va dinning dalillari, qoidalariga xilof bo‘lgan har qanday bid’atni rad qilish lozim ekanligini ifodalaydi. Ammo dinga zid bo‘lmagan, shu bilan birga, uning asoslariga tayangan holda keyinchalik dinni himoyalash uchun joriy qilingan amallar rad etilmaydi”. Bu haqda hadisi shirifda shunday deyilgan:

"مَنْ سَنَّ في الإسْلامِ سُنَّةً حَسَنَةً فَلَهُ أجْرُهَا، وَأجْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا بَعْدَهُ مِنْ غَيرِ أنْ يَنْقُصَ مِنْ أُجُورهمْ شَيءٌ، وَمَنْ سَنَّ في الإسْلامِ سُنَّةً سَيِّئَةً كَانَ عَلَيهِ وِزْرُهَا، وَوِزْرُ مَنْ عَمِلَ بِهَا مِنْ بَعْدِهِ، مِنْ غَيرِ أنْ يَنْقُصَ مِنْ أوْزَارِهمْ شَيءٌ"

(رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ والإمام التِّرْمِذِىُّ وَالإمام النَّسَائِىُّ وَالإمام ابْنُ مَاجَه)

ya’ni: “Kim Islomda go‘zal odat paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘sha amalning ajri va unga amal qilganlarning ajri bo‘lur. Bunda ularning ajridan biror narsa noqis qilinmas. Kim Islomda bir yomon odat paydo qilsa va undan keyin o‘sha odatga amal qilinsa, unga o‘sha odatning gunohi va keyinchalik unga amal qilganlarning gunohi bo‘lur. Bunda ularning gunohlaridan biror narsa noqis qilinmas (Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Nasoiy va Imom Ibn Mojalar rivoyatlari).

Ulamolarimiz bid’ati hasana va bid’ati sayyia o‘rtasini ajratib olish uchun asosiy mezon bu – shariatimizning umumiy qoidalaridir, deganlar. Ya’ni, Payg‘ambar alayhissalom davrlarida kuzatilmagan biror bir amal ushbu shariat qoidalariga muvofiq kelsa, zalolatga boshlovchi bid’at sanalmaydi. Aksincha, maqtalgan, yaxshi bid’at sanaladi.

Shariatimizga zid bo‘lgan yoxud unga asoslanmagan har qanday amal yoki e’tiqod esa zalolatga boshlovchi bid’at sanaladi. Har bir musulmon aynan ushbu bid’atdan saqlanishi lozim bo‘ladi. Hadisi shariflarda, sahoba va tobein raziyallohu anhumlardan naql qilingan rivoyatlarda qoralangan va musulmonlarni undan qaytarilgan odatlar aynan mana shu bid’ati sayyia ekani muhaqqiq ulamolar tomonidan ta’kidlangan. Jumladan, hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

"أَنَا فَرَطُكُمْ عَلَى الْحَوْضِ، وَلَيُرْفَعَنَّ رِجَالٌ مِنْكُمْ، ثُمَّ لَيُخْتَلَجُنَّ دُونِي، فَأَقُولُ: يَا رَبِّ أَصْحَابى فَيُقَالُ: إِنَّكَ لاَ تَدْرِي مَا أَحْدَثُوا بَعْدَكَ"

( رَوَاهُ الإمام البُخَارِيُّ والإمام مُسْلِمٌ)

 ya’ni: “Men (Qiyomat kuni) xavzi kavsarga sizlardan birinchi borib, sizlarni kutib turaman. Huzurimda (ummatimdan bo‘lgan) kishilar tortib olinadilar. Men: “Ey Rabbim, bular mening as'hoblarim-ku”, desam, “Sizdan keyin nimalar paydo qilishganini bilmaysiz”,deyiladi (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Muhtaram jamoat! Vakt o‘tib, insonlar din qonun-qoidalaridan uzoqlashgan sayin ilm susayib, jaholat va nodonlik yuzaga kelishi oqibatida turli bid’at-xurofotlar yuzaga keladi. Masalan, hozir ba’zi joylarda o‘tganlar ruhini yod etish maqsadida sham-chiroq yoqish, dinda asli yo‘q turli ma’raka-tadbirlarni joriy qilish. Ayniqsa ayollar o‘rtasida “Mushkul kushod”, “Bibi seshanba” kabi tadbirlarni o‘tkazish ham aynan mana shunday bid’atlardan sanaladi. ushbu xurofotlarni dinimizdan deb bilinishi va amal qilinishi oldi olinmas ekan, kun sayin avj olib boraveradi. Mashhur sahoba Abdullox ibn Amr ibn Os raziyalloxu anxu: “Bid’at paydo bo‘lsa, kun sayin rivojlanib boradi. Sunnat amaldan chiqarilsa, kun sayin uzoqlasha boshlaydi” – deganlar.

Sufyon Savriy raximahullox: “Bid’at shaytonga gunohdan ham seviklirokdir. Chunki gunohdan tavba qilinadi, bid’atchi gunoh qilayotganini bilmay, unga tavba qilmaydi”, – deganlar.

Xalq orasida “ikkala hayit orasida nikohlanish joiz emas”, “safar oyida safar qilib bo‘lmaydi”, “ro‘za oyida tuxum yeb bo‘lmaydi”, “o‘lik chiqqan xonadonda sumalak, halim pishirilmaydi”, “iftorlikka hamirsiz ovqat tayyorlash lozim”, “mavlid o‘qilsa, xonadon sohiblari qatnashmaydi”, “baliq yesa, jig‘ildoni tozalanib, luqmasi halol bo‘ladi” qabilidagi e’tiqodlar ham ayni qoralangan bid’atlar turiga mansubdir. Bu kabi irim-sirimlarga ishonish, unga “ixlos” bilan amal qilish Alloh taologa yaqinlashtirmaydi, balki uning g‘azabiga olib boradi. Alloh bundan barchamizni asrasin! Shuning uchun ham obid zotlardan biri bo‘lmish Abu Ayyub Sixtiyoniy raximaxullox: “Bid’atchi o‘z bid’atida kancha tirishsa, Alloxdan shuncha uzok bo‘ladi” – deganlar.

Demak, hayotimiz davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini o‘rganib, kundalik hayotimizga tatbiq qilishimiz, turli shar’iy asosga ega bo‘lmagan odat va xurofotlardan saqlanishimiz lozim bo‘ladi. Imom Molik rahimahulloh: “Sunnat – Nuh alayhissalomning kemasi kabidir. Unga mingan kishi najot topadi. Undan qolib ketgan kishi g‘arq bo‘ladi”, – deganlar.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida janoza namozi va unga oid ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

Janoza namozi farzi kifoya bo‘lib, undan xabardor bo‘lgan kishilardan bir qismi ado etishi bilan boshqalardan bu farz soqit bo‘ladi. Agar hech kim o‘qimasa, hammalari gunohkor bo‘ladilar. Janoza namozida ikkita farz bo‘lib, biri – to‘rt marta takbir aytish, ikkinchisi esa – tik turib o‘qish. Vojibi – salom berishdir. Sano, salavotlar va duo o‘qish esa – sunnatdir.

Janoza namozi quyidagicha o‘qiladi:

Imom mayyitning ko‘kragi to‘g‘risida turib, bosh barmog‘ini qulog‘i yumshog‘iga tekkizib “Allohu akbar” deydi. Iqtido qilganlar ham shunday qiladilar. So‘ng sano o‘qiladi:

سُبْحَانَكَ اللَّهُمَّ وَبِحَمْدِكَ وَتَبَارَكَ اسْمُكَ وَتَعَالَى جَدُّكَ وَلَا إِلَهَ غَيْرُكَ

ya’ni:  “Ey Alloh, Seni pok deb, hamd aytib yod qilaman, isming – muborak, martabang – ulug‘dir, Sendan o‘zga iloh yo‘q”.

Sanodan so‘ng ikkinchi takbir aytiladi va bunda, mazhabimizga ko‘ra, qo‘l ko‘tarilmaydi. Qo‘l faqat birinchi takbirda ko‘tariladi xolos. Ikkinchi takbirdan so‘ng salavot o‘qiladi:

اَللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا صَلَّيْتَ عَلَى إِبْرَاهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ. اَللَّهُمَّ بَارِكْ عَلَى مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِ مُحَمَّدٍ، كَمَا بَارَكْتَ عَلَى إِبْرَاِهِيمَ وَعَلَى آلِ إِبْرَاهِيمَ، إِنَّكَ حَمِيدٌ مَجِيدٌ

ya’ni: “Ey Alloh, Ibrohim va uning oilasiga salavot yuborganing kabi, Muhammad va u zotning oilasiga ham yuborgin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan! Ey Alloh, Ibrohim va uning oilasiga baraka nozil qilganing kabi, Muhammad va u zotning oilasiga ham baraka nozil qilgin. Sen maqtovga loyiq, buyuk Zotsan!”.

Salavotdan so‘ng uchinchi takbir aytiladi, ortidan mayyitning haqqiga duo qilinadi:

اللَّهُمَّ اغْفِرْ لِـحَيِّنَا، وَمَيِّتِنَا، وشَاهِدِنَا، وَغَائِــبِنَا، وَصَغِيْرِنَا، وَكَبِيرِنَا، وَذَكَرِنَا، وَأُنْثَانَا، اللَّهُمَّ مَنْ أَحْيَيْتَهُ مِنَّا فَأَحْيِهِ عَلَى الْإِسْلَامِ، وَمَنْ تَوَفَّيْتَهُ مِنَّا فَتَوفَّهُ عَلَى الْإِيْمَانِ

ya’ni: “Ey Alloh, tiriklarimizni ham, o‘tganlarimizni ham, bu yerda borlarimizni ham, yo‘qlarimizni ham, kattayu kichigimizni ham, erkagu ayollarimizni ham mag‘firat qilgin! Ey Alloh, bizdan kimni yashatsang, Islomda yashat, kimni vafot ettirsang, imonda vafot ettirgin!”.

Mayyit balog‘atga yetmagan yosh bola bo‘lsa, yuqoridagi duoning o‘rniga quyidagi duo o‘qiladi:

اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ لَنَا فَرَطًا وَاجْعَلْهُ لَنَا أَجْرًا وَذُخْرًا وَاجْعَلْهُ لَنَا شَافِعًا وَمُشَفَّعًا

ya’ni: “Ey Alloh, uni  oxiratda bizni kutib oladigan xushxabarchi qil, uni bizga savob va zaxira qil, uni bizga shafoat qiluvchi va shafoati qabul bo‘luvchi qilgin!”.

Keyin to‘rtinchi takbir aytiladi va salom beriladi.

Janoza namoziga kech qolgan odam niyat qilib, imomning takbir aytishi bilan namozga qo‘shiladi. Imom salom berganidan keyin nechta takbirga kech qolgan bo‘lsa, takbirlarning o‘zini aytib qo‘yadi. Boshqa narsalarni o‘qimaydi.

Janoza o‘qish uchun albatta tahorat bo‘lishi shartdir. Tahorat qilib kelguncha namozga ulgurmaydigan bo‘lsa, janoza egasidan boshqalar tayammum qilib, namoz o‘qishlari mumkin bo‘ladi. Janoza namozi asnosida imom takbir aytsa, iqtido qilganlar boshini osmon sari ko‘tarmaydi, namoz ichida boshni osmon sari ko‘tarish bid’at hisoblanadi.

Tug‘ilgan chaqaloq ovoz chiqarib yoki qimirlab, so‘ngra o‘lgan bo‘lsa, unga ism qo‘yiladi, yuvilib kafanlanadi va janoza o‘qib ko‘miladi. O‘lik holda tug‘ilgan chaqaloqqa ism qo‘yilmaydi, janoza o‘qilmaydi, yuvib, bir matoga o‘rab ko‘miladi. Chaqaloqning tirik tug‘ilgani to‘g‘risida tuqqan ona yoki tug‘dirgan doyaning guvohligi qabul qilinadi. (Fatovoi Hindiyya va Badoius-sanoi’ kitoblaridan).

Alloh taolo barchamizga dinimizning ko‘rsatmalarini mukammal o‘rganib, unga O‘zi rozi bo‘ladigan tarzda amal qilish baxtini nasib etsin!

ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida

  1. “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Samarqand viloyati, Nurobod tumanida joylashgan “Hazrati Dovud” ziyoratgohiga olib boruvchi yo‘lning bir kilometri tekislanib, jami 12 500 000 (o‘n ikki million besh yuz ming) so‘mlik ta’mirlash va shag‘al yotqizish ishlari amalga oshirildi.
  2. Sirdaryo viloyatidagi 150 nafar gapirishida va eshitishida imkoniyati cheklangan shaxslarga va Samarqand shahridagi Afrosiyob mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga jami 3 000 000 (uch million) so‘mlik xayriya qilindi.
  3. Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanidagi Bog‘i Obod, Sebzor va Ehtirom mahallalarida istiqomat qilayotgan 8 ming nafarga yaqin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilayotgan jami 70 000 000 (yetmish million) so‘mlik bir kilometr ichimlik suvi tarmog‘ining qurilish-montaj ishlari yakunlanib, mazkur hududlarga suv yetib keldi va aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
  4. Jarrohlik amaliyotini o‘tash, mavsumiy davolanish, dori-darmon so‘rab murojaat qilgan fuqarolarga jami 37 000 000 (o‘ttiz yetti million) so‘mlik xayriya qilindi.

Alloh taolo Rasululloh sallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashuvchi, bid’at xurofotlardan saqlanuvchi, imoni mustahkam mo‘minlardan bo‘lishimizni nasib etsin. Qiyomatda Rasuli akram alayhissalomning xavzlari oldida yorug‘ yuz bilan birga bo‘lishimizni muyassar aylasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “DINIMIZDA AYOL QADRI” haqida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.

Muhtaram imom-domla! Bid’at va uning mohiyatiga oid to‘liq ma’lumot olish uchun “Kuvayt fiqh ensiklopediyasi” (8-juz, 21-41-betlar), Alloma Abdulhay Laknaviyning “Iqomatul hujja” kitobi (16-58-betlar), Alloma Izziddin ibn Abdussalomning “Qavoidul ahkom” kitobi (2-juz, 208-201-betlar) va undan boshqa mo‘tabar manbalar bilan tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi. 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

03.07.2025   1625   3 min.
Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari

Mana, bu yilgi Haj safarini ado qilish uchun yurtimizdan otlangan barcha ziyoratchilar muqaddas amallarni bajarib, eson-omon vatanga qaytdilar. Bu ulug‘ safar nihoya topgan bo‘lsada, uning xotirasi doimo yodda qoladi.

Yurtimizdan 15 000 dan ziyod, Farg‘ona viloyatidan esa 1600 dan ortiq mo‘min-musulmonlar Haj amallarini ado etdilar. Ziyoratda bo‘lgan hojilarning ayrimlari taassurotlarini bo‘lishdi.


Ibrohimjon Rustamov:

– Hojilarning ulug‘ safarga yo‘l olishida hujjat ishlaridan tortib, shifokor ko‘rigidan o‘tishgacha barcha jarayonlar tizimli va xavfsiz tashkil etildi. Madinai munavvaraga kelib, amallarni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ravzalariga kirish bilan boshlash biz uchun juda xursandlik bag‘ishladi. O‘zimizning va yuborilgan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hamda hazrati Abu Bakr va Umar roziyallohu anhularga yetkazdik. Duolarda yurtimiz tinchligi, el farovonligi, yaqinlarimiz va barcha yurtdoshlarimizning xayrli holati uchun iltijo qildik.

Ziyoratlar chog‘ida Uhud va Qubo masjidi, ikki qiblali masjid va boshqa muqaddas joylar sayohat qilindi. Ilmiy suhbatlar va tarixiy voqealar qalbimizga chuqur ta’sir qildi. Madinadagi vaqtimiz ibodat bilan o‘tdi.

Makkai mukarramaga avtobuslarda “Labbayka” sadolari ostida yo‘l oldik va shu kuniyoq guruhimiz bilan to‘liq Umra ibodatini ado etdik. Mino, Arofot, Muzdalifa va Ka’ba atrofidagi ibodatlar davomida jamoaviy duo va zikrlar bilan tavof qilish, guruhimiz tartibi hamda birdamligi boshqalar uchun ham ibrat bo‘ldi.

Shu ulug‘ safarda o‘zimni musulmon va o‘zbekistonlik sifatida baxtli his etdim. Hotirjam ibodat qilishimga yaratilgan imkoniyatlar uchun yuragimdan shukronalar aytdim. Guruhimizdagi har bir ziyoratchi yurt tinchligi, oilalar barakati, farzandlar saodati uchun chin dildan duo qildi.

Bu safar biz uchun buyuk imkoniyat bo‘ldi. Barcha tashkilotchilar, yo‘lboshchilar, xizmatchilar va, albatta, davlatimiz rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etamiz. Kelgusida manaviyat targ‘ibotchisi sifatida vatanimga va xalqimga sidqidildan xizmat qilishda davom etaman, insha Alloh.


Qurbonali Aripov:

— Haj safari juda chiroyli o‘tdi. Juda ham hursandmiz. Prezidentimizga shunday sharoitlarni yaratib berganliklari uchun minnatdorchilik bildiramiz. Yurtimiz uchun duolar qildik, muqaddas ziyoratni ado etishga imkon bo‘lgan kunlarga shukronalar aytamiz. Endilikda mahallamizda yoshlarga ta’lim-tarbiya berishda, ma’naviyat targ‘ibotida faol ishtirok etamiz. Ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lishga harakat qilamiz.

Hojilarning ulug‘ safarga kelishida hujjat tayyorlashdan tortib shifokor ko‘rigidan o‘tishda tizimli ish tashkil etib, namunali holda xavfsizligimizni ta’minlab, bizni safarga kuzatishdi.


Tolibjon O‘rmonov:

         — Men avval ziyoratga borganlardan eshitgan-bilganlarimga taqqoslasam, buyilgi ziyorat umuman o‘zgacha bo‘ldi. Ishchi guruh, elikboshilar xizmatini alohida qayd etish kerak. Davlat rahbarining hojilarga bergan e’tibori hammani xursand qildi.

 

Muborakxon Inomova:

         — Taassurotlarimni til bilan ifodalay olmayman, Madinai munavvara, Makkai mukarrama kabi ulug‘ dargohlarga avvalo qadamim yetgani men uchun katta baxt. Ayniqsa, yurtboshimizni bizni ortimizda turib hol-ahvol so‘ragani, bizga tabrik yo‘llaganlaridan ko‘zimga yosh oldim. Juda ham quvondim, shunday prezidentim borligidan.

        

Qaysi bir hoji bilan suhbatlashmang yuzida xursandchilik va shukronalik ifodasini ko‘rasiz. Alloh barchalarini ibodatu duolarini qabul qilsin!

Rahmatulloh Jalilov
tayyorladi

Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari Farg‘onalik hojilarning safar tassurotlari
O'zbekiston yangiliklari