Yaqinda kasbimiz yuzasidan nikoh o‘qishga bordik. Kelinning uyidan qaytayotganimizda kuyovga qo‘ngiroq bo‘ldi. Gap kelin ko‘ylak masalasida edi. Kelin ko‘ylak 25 million so‘m ekan. Uni eshitib hayron bo‘lib qoldim. “25 million so‘mga ham ko‘ylak olib berasizmi, u qanaqa ko‘ylak o‘zi? desam, “Qori aka, sotib olmayapmiz, to‘y kuni kiyadigan ko‘ylakning ijara xaqqi u”, deb javob berdi kuyov bola. Shu sabab bo‘lib to‘ylardagi isrofgarchilik xaqida gaplashdik.
Alloh taolo Qur’oni karimda “Yeb-iching lekin isrof qilmang, chunki u isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof, 31), deb marhamat qilgan. Bir kunlik kiyiladigan ko‘ylak 25 million so‘m bo‘lishi isrof emasmi. Boz ustiga, bu ko‘ylaklar ochiq-sochiq millatimiz urf-odatiga, asl qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuni bila turib bunday ko‘ylaklarni qizlarimizga kiygizib hammaga ko‘z-ko‘z qilishimiz uyat emasmi!
Hozirgi kunda ba’zi hayoli qizlarimiz o‘zimizning milliy matolarimizdan kelin ko‘ylaklarni tiktirib hamma ayollarning havasini keltiradigan liboslarda to‘yxonaga kirib kelganlarini eshitib xursand bo‘ldik. Ba’zi qizlar esa orzu-havas deb borayotgan xonadoni va ota-onasini qiynab qo‘yyapti. Axir insof bilan o‘ylab ko‘raylik, shu birgina bir necha soat kiyiladigan kuylak falon so‘m bo‘lsaya, yana boshqa har xil gunoh, to‘g‘rirog‘i, Allohning g‘azabini keltiradigan bir qancha amallar borki, ularni hozirgi yoshlarimiz ham, ota onalari ham oddiygina qilib orzu-havas deb niqoblamoqchi bo‘ladi. Aslida ular esa shaytonga ergashayotganlarini bilmaydilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi to‘ylarni ixchamlashtirish haqida fatvo chiqargan. Ayniqsa, bugungi kunda yurtboshimiz tashabbusi bilan to‘ylarni ixchamlashtirish davlat siyosat darajasigacha ko‘tarilgan. Payg‘ambarimiz Muxammad sollallohu alayhi va sallam kizlari Fotima onamizni hazrati Aliga nikohlab berganlarida, teridan bo‘lgan yopqich ichiga xurmo fatilasi solingan bolish, tosh tegirmon, suv idish va ikkita meshcha yuborganlar. Fotima onamizning seplari ana shulardan iborat bo‘lgan. Hazrati Alining hech narsasi yo‘q edi. Birgina sovutni sotib kelinga to‘y qilganlar. Jannat ayollari sayyidasi Fotima onamizning nikoh to‘ylari oddiygina bo‘lgan. Bir teridan tikilgan matolari bo‘lgan, ustilariga yopib yotishgan. Ustilariga tortsalar oyoqlari ochilib qolgan. Shu hollarida ham dunyoning eng baxtiyor kelinchagi bo‘lganlar.
Hozirgi kunimizda kelin-kuyovlarga qilinayotgan sarpo-surug‘lar har xil anjomlar va ortiqcha zebu ziynatlar isrofdir. Buning o‘rniga hayotlarida kerak bo‘ladigan “Baxtiyor oila”, “Er-xotinlik asoslari”, namoz, tahorat va g‘uslga oid kitoblarni sep qilib berishimiz kerak. Chunki ana shu kitoblar kelin-kuyov uchun zarurroq.
Kasbimiz taqozosi ila ko‘plab insonlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Shunday oilalar borki moddiy-ma’naviy yordamga muhtoj. Har birimizning atrofimizda bunday insonlar uchrashi turgan gap. Nahotki, shu falon so‘mlik ko‘ylagu bir necha qo‘shiqchilar va dabdabali to‘yxonalarda o‘tkazilgan to‘y farzandlarimizning baxtli bo‘lishiga kafolat bersa. Ba’zi joylarda to‘ydan avval kelin-kuyovni har xil holatda suratga olib to‘yda kelgan mehmonlarga namoyish etilar ekan. Bu nima degani, o‘zini o‘zbekman, musulmonman degan yigit o‘z juftu xalolini elga ko‘z-ko‘z qiladimi. Ota-bobolarimiz o‘z ayollarini qanday asrashgan. Begona ko‘zlardan nari tutishgan. Har xil nobop yirtiq-yamoq ochiq-sochiq kiyimlarni kiydirishmagan, lekin baxtli xayot kechirishgan, borgan joylarida xam itoatli va sabrli bo‘lib dunyo tarixida buyuk nom qoldirgan shaxslarni tarbiyalashgan.
Abdullo RAHIMOV,
Shayxontoxur tumanidagi “Sultonhoji” masjidi imom-xatibi
MuslimShosh.uz