Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

Ijarasi shunchami?..

13.02.2019   4123   3 min.
Ijarasi shunchami?..

Yaqinda kasbimiz yuzasidan nikoh o‘qishga bordik. Kelinning uyidan qaytayotganimizda kuyovga qo‘ngiroq bo‘ldi. Gap kelin ko‘ylak masalasida edi. Kelin ko‘ylak 25 million so‘m ekan. Uni eshitib hayron bo‘lib qoldim. “25 million so‘mga ham ko‘ylak olib berasizmi, u qanaqa ko‘ylak o‘zi? desam, “Qori aka, sotib olmayapmiz, to‘y kuni kiyadigan ko‘ylakning ijara xaqqi u”, deb javob berdi kuyov bola. Shu sabab bo‘lib to‘ylardagi isrofgarchilik xaqida gaplashdik.

Alloh taolo Qur’oni karimda “Yeb-iching lekin isrof qilmang, chunki u isrof qiluvchilarni sevmas” (A’rof, 31), deb marhamat qilgan.  Bir kunlik kiyiladigan  ko‘ylak 25 million so‘m bo‘lishi isrof emasmi. Boz ustiga, bu ko‘ylaklar ochiq-sochiq millatimiz urf-odatiga, asl qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi. Shuni bila turib bunday ko‘ylaklarni qizlarimizga kiygizib hammaga ko‘z-ko‘z qilishimiz uyat emasmi!

Hozirgi kunda ba’zi hayoli qizlarimiz o‘zimizning milliy matolarimizdan kelin ko‘ylaklarni tiktirib hamma ayollarning havasini keltiradigan liboslarda to‘yxonaga kirib kelganlarini eshitib xursand bo‘ldik. Ba’zi qizlar esa orzu-havas deb borayotgan xonadoni va ota-onasini qiynab qo‘yyapti. Axir insof bilan o‘ylab ko‘raylik, shu birgina bir necha soat kiyiladigan kuylak falon so‘m bo‘lsaya, yana boshqa har xil gunoh, to‘g‘rirog‘i, Allohning g‘azabini keltiradigan bir qancha amallar borki, ularni hozirgi yoshlarimiz ham, ota onalari ham oddiygina qilib orzu-havas deb niqoblamoqchi bo‘ladi. Aslida ular esa shaytonga ergashayotganlarini bilmaydilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi to‘ylarni ixchamlashtirish haqida fatvo chiqargan. Ayniqsa, bugungi kunda yurtboshimiz tashabbusi bilan to‘ylarni ixchamlashtirish davlat siyosat darajasigacha ko‘tarilgan. Payg‘ambarimiz Muxammad  sollallohu alayhi va sallam kizlari Fotima onamizni  hazrati Aliga nikohlab berganlarida, teridan bo‘lgan yopqich ichiga xurmo fatilasi solingan bolish, tosh tegirmon, suv idish va ikkita meshcha yuborganlar. Fotima onamizning seplari ana shulardan iborat bo‘lgan. Hazrati Alining hech narsasi yo‘q edi. Birgina sovutni sotib kelinga to‘y qilganlar. Jannat ayollari sayyidasi Fotima onamizning nikoh to‘ylari oddiygina bo‘lgan. Bir teridan tikilgan matolari bo‘lgan, ustilariga yopib yotishgan. Ustilariga tortsalar oyoqlari ochilib qolgan. Shu hollarida ham dunyoning eng baxtiyor kelinchagi bo‘lganlar.

Hozirgi kunimizda kelin-kuyovlarga qilinayotgan sarpo-surug‘lar har xil anjomlar va ortiqcha zebu ziynatlar isrofdir. Buning o‘rniga  hayotlarida kerak bo‘ladigan “Baxtiyor oila”, “Er-xotinlik asoslari”, namoz, tahorat va g‘uslga oid kitoblarni sep qilib berishimiz kerak. Chunki ana shu kitoblar kelin-kuyov uchun zarurroq.  

Kasbimiz taqozosi ila ko‘plab insonlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Shunday oilalar borki moddiy-ma’naviy yordamga muhtoj. Har birimizning atrofimizda bunday insonlar uchrashi turgan gap. Nahotki, shu falon so‘mlik ko‘ylagu bir necha qo‘shiqchilar va dabdabali to‘yxonalarda o‘tkazilgan to‘y farzandlarimizning baxtli bo‘lishiga kafolat bersa.  Ba’zi joylarda to‘ydan avval kelin-kuyovni har xil holatda suratga olib to‘yda kelgan mehmonlarga namoyish etilar ekan. Bu nima degani, o‘zini o‘zbekman, musulmonman degan yigit o‘z juftu xalolini elga ko‘z-ko‘z qiladimi. Ota-bobolarimiz o‘z ayollarini qanday asrashgan. Begona ko‘zlardan nari tutishgan. Har xil nobop yirtiq-yamoq ochiq-sochiq kiyimlarni kiydirishmagan, lekin baxtli xayot kechirishgan, borgan joylarida xam itoatli va sabrli bo‘lib dunyo tarixida buyuk nom qoldirgan shaxslarni tarbiyalashgan.

Abdullo RAHIMOV,

 Shayxontoxur tumanidagi “Sultonhoji” masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

18.06.2025   2409   2 min.
Qabristondagi mevalarni yeyish mumkinmi?

Savol: Mahallamizdagi qabristonda mevali daraxtlar bor. Ularning mevalari pishgan paytda, ko‘pchilik qatori biz ham kirib yeb turamiz. Ba’zilar bu ish joiz emas deb qolishdi. Shunga dinimizda nima deyilgan?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu haqida Burhoniddin ibn Moza rohimahulloh shunday zikr qilganlar: "Qabristondagi daraxtlarning hukmi ikkiga bo‘linadi: 

1. Ular yer qabristonga aylantirilishidan oldin ekilgan bo‘lishi mumkin;
2. Ular yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lishi mumkin. Agar daraxtlar yer qabriston qilinishidan oldin ekilgan bo‘lsa, ekkan odamning mulki bo‘ladi. Shuning uchun, daraxtlarning egasi tirik bo‘lsa, uning roziligi bilan yoki undan sotib olib, keyin iste’mol qilish joiz bo‘ladi. Agar daraxtlarning egasi ulardan odamlar yeyishlarini muboh qilgan (ruxsat bergan) bo‘lsa, u holda so‘ramasdan yeyish ham joiz bo‘ladi. Ammo egasining niyati ma’lum bo‘lmasa yoki egasi vafot etgan bo‘lsa va nima maqsadda ekkani noma’lum bo‘lsa, u holda ulardan yeyish joiz bo‘lmaydi. Agar daraxtlar yer qabristonga aylantirilganidan keyin ekilgan bo‘lsa, ushbu holatda ham, ular egasining mulki hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, bunda ham egasining niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Agar egasi ma’lum bo‘lmasa yoki uning niyati ma’lum bo‘lmasa, u holda ular qabristonning mulki bo‘lgani uchun, ularni sotib, pulini qabristonning ehtiyojlari va ta’miri uchun ishlatiladi” (“Muhiyt”).

Demak, qabristondagi mevalarni yeyish yoki boshqa ekinlarni olish, ularni ekkan egasining niyatiga bog‘liq bo‘lar ekan. Agar boshqalar yeyishlari yoki foydalanishlari uchun ekkan bo‘lsa, ulardan yeyish joiz bo‘ladi. Ammo o‘zi uchun ekkan bo‘lsa, yoki niyati ma’lum bo‘lmasa, yoki kim ekkani ma’lum bo‘lmasa, u holda ularni pulga sotib olib yeyish yoki foydalanish joiz bo‘ladi xolos.

Shu o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, ba’zilar qabristondagi mevali daraxtlarning tomiri mayyitning qoni va najosatidan ozuqa olgani uchun, ularni yeyish makruh degan da’volarni qilishadi. Bunga javoban ulamolar ushbu da’vo o‘rinsiz hisoblanadi. Chunki daraxtlarning ildizlari garchi najosatdan ozuqa olsa ham, istihola (bir narsani butunlay boshqa narsaga aylanishi) yo‘li bilan boshqa moddaga aylanadi va ularning mevalarini yeyish hech bir makruhliksiz joiz va halol bo‘ladi deganlar ("Ahkomul-janoiz"). Ammo shunday bo‘lsada, qabristonlarga mevali daraxtlarni ekmaslik tavsiya qilinadi. Zero, ularning tomirlari qabrlarni o‘pirilishiga olib kelishi mumkin. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.