Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

“Al-Ahram”: O'zbekistonga sayohat – moziyga sayohat

27.07.2023   671   3 min.
“Al-Ahram”: O'zbekistonga sayohat – moziyga sayohat

Misrda chop etiladigan nufuzli “Al-Ahram” gazetasi sahifasida “Samarqand – moziyga sayohat” sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ko'hna va hamisha navqiron Samarqand shahrining sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan ushbu maqola mazkur gazetaning muxbiri, O'zbekistonda yaqinda bo'lib o'tgan muddatidan oldin Prezident saylovi jarayonlarini yoritish uchun akkreditatsiya olgan G'ada Al-Sharkaviy qalamiga mansub.

Muallif O'zbekiston tarixi, madaniyati va an'analari, mamlakatimizning boy sayyohlik imkoniyatlari, shuningdek, turfa o'zbek taomlari haqidagi taassurotlarini atroflicha qalamga olgan.

Uning yozishicha, O'zbekistonga, ayniqsa, ko'hna Samarqand shahriga borib, afsonaviy Registon maydonini o'z ko'zi bilan ko'rishni u bolaligidan orzu qilgan. Uzoq yillik orzu nihoyat 2023 yili ushalgan - u O'zbekistonda muddatidan oldin bo'lib o'tgan Prezident saylovlarini yoritish uchun mamlakatimizga kelishga musharraf bo'lgan.

«9 iyul' kuni bo'lib o'tgan saylovlardan so'ng men tarjimon yo'lboshchim bilan Toshkentdan Samarqand shahriga poyezdda yo'l oldim. Poyezd ham bu mamlakatdagi hamma narsalar singari, toza, ozoda edi. Ikki soatdan sal ko'proq yo'l yurdik.

Mening ixtiyorimda atigi olti soat bo'lgani uchun vaqtdan unumli foydalangan holda o'zim orzu qilgan shaharda ko'nglimga yoqqan hamma narsani ko'rishni xohladim. Mashhur tadqiqotchi va sayohatchi Ibn Battuta bu shaharni eng go'zal va maftunkor shaharlardan biri, ulug'vorlik timsoli, deya mohirona ta'riflagan. YuNYeSKO Samarqandni jahon madaniyatining o'chog'i o'laroq e'tirof etgan.

Erta tongdanoq shahar bo'ylab sayohatim arab tilini yaxshi biladigan tajribali mutaxassis hamrohligida boshlandi”, deb yozadi muallif.

Maqola davomida gazetxonlar e'tiboriga Go'ri Amir majmuasi, Registon maydoni, Shohi-Zinda, Bibixonim me'moriy majmuasi va boshqa diqqatga sazovor maskanlar haqidagi ma'lumotlar havola etiladi.

“Ba'zi rivoyatlarda nomi “Zamin sayqali” deya zikr etilgan Samarqandni ko'pincha moviy gumbazlar shahri, deb ham atashadi. Uning tarixi miloddan avvalgi 1,5 ming yildan ko'proq davrga borib taqaladi. Shahar O'zbekistonning shimoli-sharqidagi Zarafshon daryosi vohasida joylashgan. Bugungi kunda Samarqand respublika poytaxti Toshkentdan keyin ikkinchi o'rinda turadigan muhim shahar hisoblanadi”, deb yozadi muallif.

«Dunyoning ko'plab mamlakatlariga sayohat qilganimga qaramay, O'zbekiston menga juda tanish bo'lib tuyuldi. Bu o'lkaning ko'chalari, odamlari, oshxonasi, urf-odatlari va boy tarixi menda katta taassurot qoldirdi. Samarqandga sayohat orqali uzoq yillik orzuim ushaldi. Bu erda o'zimni go'yo vaqt mashinasiga o'tirgan holda uzoq o'tmishga sayohat qilgandek his qildim.

Ma'lumot o'rnida qayd etish joizki, “Al-Ahram” gazetasi 1875 yil avgust oyida Misrning rasmiy gazetasi sifatida dunyo yuzini ko'rgan. U Misr va arab dunyosidagi eng yirik nashr bo'lib, kunlik adadi 1 million nusxani tashkil etadi.

 

O'zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   3299   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA