Urganch shahar Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus Islom bilim yurtida Alisher Navoiy hazratlarining tavallud ayyomiga 578 yil to‘lganligi munosabati bilan “Navoiy merosini o‘rganamiz” shiori ostida Navoiyxonlik kechasi tashkil qilindi.
Tadbir talabalar tomonidan tayyorlangan xatmi Qur’onni Navoiy hazratlarining ruhi poklariga bag‘ishlash bilan boshlandi. Tadbirni bilim yurti mudiri D.Abduqodirov ochib berib, Navoiy hazratlarining sermahsul ijodi, uning ahamiyati haqida misollar bilan gapirib berdi.
Tadbirda 1-kurs talabalarining 3 ta guruhi 5 ta shart bo‘yicha Navoiy hayoti va ijodi bo‘yicha bellashdilar.
Tanishtiruv shartida 1-kurs talabalari Navoiy hazratlarining hayotlari va ijodiy faoliyatlari haqida 5 ta tilda, ya’ni o‘zbek, rus, tojik, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar berishdi va Navoiy ijodidan parchalar o‘qib berishdi.
Erkin mavzuda sahna ko‘rinishi bosqichida talabalar Navoiy hazratlarining Husayn Bayqaro bilan bo‘lgan voqealari asosida yuqori saviyada sahna ko‘rinishlari bilan ishtirok etishdi. Boshqa shartlar bo‘yicha ham talabalar yuqori saviyada Navoiy hazratlarining hayoti va ijodi bo‘yicha mustahkam bilimga ega ekanliklarini namoyish qilishdi.
Tadbir davomida bilim yurti mudarrislaridan iborat hakamlar talabalarning chiqishlarini baholab bordi va har bir shart doirasida Navoiy ijodi va uning ahamiyati haqida qisqacha ma’lumotlar berib borishdi. Yakuniy natijaga ko‘ra, 118-“d” guruh talabalari birinchi o‘rinni egalashdi. Tadbir ishtirokchilari esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlari bilan xalqimizning bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida "Qurbon hayiti" (Eid al-Adha) munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi.
Insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi "Astras" kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirildi.
Insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.
Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llashdi.