Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Nogiron shaxslarning huquqlari haqidagi Konvensiyasi" 30-moddasida “Nogironlar ularning alohida madaniyati va til jihatdan o‘ziga xosligidan kelib chiqib, boshqalar qatori tan olinishi va qo‘llab- quvvatlanish huquqiga ega”, deb yozib qo‘yilgan.
Surdo dunyo tillari bo‘yicha ispan tilidan keyingi o‘rinda turadi. Zelandiyada surdo tiliga davlat maqomi berilgan.
Hozirgi vaqtda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Respublikamizda eshitish va so‘zlash qobiliyati cheklanganlar bilan keng ko‘lamda ishlar olib borilmoqda. Bu insonlar uzoq vaqt jamiyatdan uzilgani, milliy qadriyatlarimiz, dinimiz haqida tushunchaga ega bo‘lmaganliklari sabab ularning ruhiyatida bo‘shliq paydo bo‘lgan. Jamiyatimizdagi har bir sog‘lom inson ana shu bo‘shliqni e’tibor, mehr va muruvvat bilan to‘ldirishi maqsadga muvofiqdir.
2018 yil 30 yanvardan Toshkent shahar imkoniyati cheklanganlar bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar tashkil etilgan bo‘lib, bu suhbatlarning dastlabki tinglovchilari 8 nafar inson qatnashgan. Keyinchalik 40 ta va hozirgi kelib 400 dan ortiq eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlar bilan islom dini, milliy qadriyatlar, ijtimoiy masalalar borasida ma’ruzalar tashkil qilingan.
Yangi innovatsion loyiha sifatida eshitish va gapirish imkoni cheklanganlar bilan bevosita ish olib borayotgan fidoyilar, ya’ni O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Toshkent shahar hokimiyati vakili, Toshkent shahar otinoyilari surdo, ya’ni imo-ishorali tilni o‘rganishni boshlashdi.
Tadbirlar rejasiga muvofiq olib borilayotgan ma’ruzani boshlashdan oldin har bir tashkilotchi eshitish va gapirish qobiliyati cheklanganlarga surdo, ya’ni imo-ishoradan imtihon topshiradi.
Nogironligi bo‘lgan tinglovchilarimizga ularning o‘zlarining tilida muomala qilish, ularga bo‘lgan e’tiborning bir ko‘rinishi xolos. Har bir uchrashuvda ulardan yangi muomala imo-ishoralarni o‘rganish ularning kemtik qalbiga yo‘l topishning eng oson yo‘lidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.