Insonning tana harorati turli sabablarga ko‘ra ko‘tariladi. Tana haroratining ko‘tarilishi shamollash va gripp asnosida ko‘proq kuzatiladi. Ba’zan bu ko‘tarilish 40°-41° darajaga yetishi mumkin. Agar shu paytda zudlik bilan chora ko‘rib, haroratni tushirishga urinilmasa, bemor vafot etishi mumkin.
Tana haroratining ko‘tarilishi isitma deyiladi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha hadislarda isitmani tushirish yo‘llarini bayon qilganlar. Ana shunday hadislardan birini keltirsak.
عن ابن عمر رضي الله عنهما أن النبي - صلى الله عليه وسلم - قال : ( الحمى من فيح جهنم فأبردوها بالماء ) رواه البخاري
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Isitma jahannam taftidandir. Shu bois uni suv bilan sovutinglar!” dedilar”. Imom Buxoriy rivoyati.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot etishlaridan oldin bemor bo‘lib yotganlarida isitmalari ko‘tarildi. Shunda u zot alayhissalom ustlaridan yetti marta meshdan suv quyishlarini buyurganlar.
Isitmani tushirish uchun qo‘llanadigan dori vositalari, tibbiy chora-tadbirlar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tibbiy ko‘rsatmalari eng afzal va eng foydali uslubligicha qolmoqda. Ko‘p hollarda bemorning isitmasi birdaniga ko‘tarilib ketib, ko‘plab dori-darmonlar ham ta’sir qilmaydi. Ana shu paytda shifokorlar bemorning ustidan suv quyish, uni suv bilan sovutish chorasini qo‘llaydilar va samarali natijaga erishadilar. Shuning uchun pediatr (bolalar shifokori)lar bemor bolaning ota-onasiga tezda uning kiyimlarini yechib olib, ustidan sovuq suv quyishni va suvga botirilgan lattani bemor bolaning peshonasiga qo‘yib turishni tavsiya qiladilar.
Ilmiy tomondan ham sobit bo‘lganki, isitmaning bir necha foydalari bor.
Inson isitmalaganda, qondagi interferon moddasining miqdori ortadi. Bu moddani qondagi oq qon tanachalari (leykotsitlar) ishlab chiqaradi. Interferon moddasi tanaga hujum qilgan viruslarni yo‘q qiladi. Mazkur modda tanani zararli virus va bakteriyalardan xalos etibgina qolmay, jismning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligini oshiradi, tanadagi saraton hujayralarini yo‘q qilib, tananing hech bir joyida saraton hujayralari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Shu sababli ba’zi shifokorlar “Xuddi bemor odam sog‘ayib xursand bo‘lganidek, ko‘plab kasalliklar asnosida isitma paydo bo‘lsa, biz xursand bo‘lamiz. Chunki isitma dori ichishdan ko‘ra tanaga ko‘proq foydalidir. Misol uchun bo‘g‘imlar revmatizmini olaylik. Inson shu kasallik bilan og‘riganda, bo‘g‘imlari qattiqlashib, harakatlanishga yaramay qoladi. Xuddi shunday paytda tibbiyotda sun’iy isitma muolajasi qo‘llanadi. Bunda muayyan dorilar orqali klizma qilish yo‘li bilan bemorda isitma hosil qilinadi” deyishadi.
Ha, azizlar, isitmaning tanaga foydasi borligi hech kimga sir emas. Isitma bu dunyoda bemorning sog‘ayishiga xizmat qilsa, oxiratda gunohlardan forig‘ bo‘lishiga ham xizmat qiladi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ummu Soibning huzuriga kirdilar va:
«Ey Ummu Soib, senga nima bo‘ldi, qaltirayapsan?» dedilar.
«Isitma! Alloh uni barakasiz qilsin!» dedi u.
«Isitmani so‘kma. U odam bolasining xatolarini xuddi bosqon temirning chiqindisini ketkazgandek ketkazur», dedilar u zot». Muslim rivoyat qilgan.
Alloh taolo sevikli Payg‘ambarimizga, u kishining oila a’zolari va sahobalariga ko‘plab salovotu salomlar yuborsin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).