Bugun, 30 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Samarqand viloyatiga tashriflari chog‘ida yangi bunyod etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Muftiy hazratlari ushbu markaz Imom Buxoriy va boshqa ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, ular ta’lif etgan asarlarning tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xorijiy davlatlardagi kutubxonalarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning elektron nusxalarini to‘plash hamda ularni xalqimizga yetkazish bilan shug‘ullanishdek muhim ishlarga alohida diqqat qildilar.
Imom Buxoriy ilmiy-tadqiqot markaziga hamohang yana bir oliy diniy ta’lim muassasasi – Hadis ilmi maktabi faoliyati bilan ham muftiy hazratlari yaqindan tanishdilar.
Hadis ilmi maktabi faoliyatini tashkil qilish mamlakatimiz ma’naviy taraqqiyotining bugungi bosqichida muhim ahamiyat kasb etadi. Tashkil etilgan oliy ta’lim muassasa o‘z oldiga hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini chuqur o‘rganish, xorijiy tillarni chuqur o‘rgatish, diniy qadriyatlarni asrab-avaylash, hadis ilmi ulamolari asarlarining tarjima va qiyosiy matnlarini tayyorlash, o‘zbek va xorijiy tillarda nashr etish, konferensiyalar tashkil etishdek katta vazifalarni qo‘ygan.
Muftiy hazratlari Hadis ilmi maktabida o‘qitish uslublarini takomillashtirish va xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar.
Ma’lumot o‘rnida, Hadis ilmi maktabida o‘qish muddati besh yil bo‘lib, kunduzgi ta’lim shaklida olib boriladi. Maktabga arab tilini puxta o‘zlashtirgan, hadislarni yod olishga salohiyati bo‘lgan o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 10 nafar iqtidorli bitiruvchilari saralab olindi.
Maktabda hadisshunoslik fanlari bilan bir qatorda Qur’oni karim, fiqh, aqida, tafsir, islom tarixi kabi fanlar hamda xorijiy tillardan chuqur bilim beriladi.
Kelajakda Hadis ilmi maktabi bitiruvchilari diniy fanlar, xususan, hadis ilmi sohasida ta’lim berib, diniy tashkilotlarda imom-xatib, ilmiy xodim vazifalarida ishlashi, shuningdek, ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy xodim sifatida faoliyat olib borishi ko‘zda tutilgan.
Bituruvchilar ta’limni o‘z ixtisosligiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi magistraturasida, tayanch doktorantura va doktorantura bosqichlarida davom ettirishlari mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
حدثنا عيسى بن أحمد العسقلاني نا علي بن الجعد أنا سفيان بن سعيد وشريك بن عبد الله عن عبد الكريم الجزري عن زياد بن أبي مريم عن ابن معقل عن ابن مسعود عن النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم : الندم توبة.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallam: “Nadomat tavbadir”, dedilar
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi