Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining istaklariga ko‘ra nochorlikda kun kechirganliklari haqida ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Ammo, jang qilish va safarga chiqishlari uchun bir nechta qurol va ulovlari bo‘lganligi haqida ham manbalarda keltirilgan. Jumladan Alixonto‘ra Sog‘uniyning “Tarixi Muxammadiy” asarida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qurol-aslahalari va ulovlari haqida quyidagicha ma’lumotlar keltirilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam vafotlari vaqtida to‘qqiz dona qilichlari bor edi. Bular ichida otalari Abdullohdan meros qolgan bir qilich bo‘lib, oti Ma’sur edi. Madinaga hijrat qilganlarida shu qilichni taqinib keldilar. Ikkinchisi, Zulfiqor qilichidur. Bu ersa Badr so‘qishida dushmandan o‘lja olinmish edi. Hazrati Ali roziyalohu anhu qo‘liga o‘tgandan so‘ngra tillarda doston bo‘lib, dunyoga oti chiqqan shu qilichdur. Samsoma degan yana bir qilichlari bor edikim, arablar oldida uning ham nomi ko‘tarilmish edi. Sulaymon payg‘ambardan qolgan yana bir qilichlari bo‘lib, otini Rasub der edilar. Bu qilichning qissasi Qur’onda ham bordur. Yaman podshosi Bilqis xotin Sulaymon alayhissalomga tortiq qilib yubormish edi. Otliq-atoqlik qilichlari shulardir. Yetti kishilik urush kiyimi, sovutlari bo‘lib, bular ichida bittasi Dovud alayhissalomdan qolgan, uni yahudlardan o‘lja olmish edilar. Vafotlaridan ozgina ilgari shu sovutlardan birovini o‘ttiz so’ arpaga garov qilganlari hadis kitoblarida yozilmishdur. Uch dona qalqon, olti dona nayza, ikki dona dubulg‘alari bor edi. Minarlik ulovlardan yetti ot, olti xachirlari bo‘lib, bular ichida bir oq xachir Misr podshosi Muqovqis yuborgan hadyalar bilan kelmish edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam safarda shuni ko‘proq minar edilar. Bul xochir uzun umr ko‘rib, tishlari tushib, ko‘zlari xiralashib yashamish edi. Hazrati Ali roziyalohu anhu xavorijlar bilan urushganida shu xachirni mingan edilar. Hazrati Ali roziyalohu anhudan keyin imom Hasan roziyalohu anhu, imom Husan roziyalohu anhu, imom Muhammad Hanafiya mingan edilar. Yana ikki eshaklari bor edi. Birining oti Ya’fur, yana birisi Ufayr edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so‘ngra Ya’fur o‘zini quduqqa otib halok qildi. Yana minish uchun boqilgan uchta tuyalari bo‘lib, ular Qasvo, Jad’o, Azboa deb atalmish edilar. Bular ichida Azboa bek chopog‘on — yuguruk bo‘lib, poyga chopishganida tuyalar hech oldiga o‘tmagan edi. Sahobalar muni poygaga qo‘shar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning vafotlarida shu tuyalari motam tutib, yemay-ichmay, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ichimliklar ichida sutni yaxshi ko‘rar edilar. Sog‘ishga atalgan bir necha qo‘y, echkilari ham bor edi. Bu haqda yettidan yuzgacha rivoyat qilinmishdir. Tun saharlarida, namoz vaqtlarida qichqirganini yaxshi ko‘rib, bir dona oq xo‘roz ham asragan edilar.
— Xo‘roz qichqirganini eshitsanglar, Allohdan yaxshilik so‘rab duo qilinglar, chunki u farishtalarni ko‘rib qichqiradi. Agar farishtalar “omin” desalar, duo qabul bo‘ladi. Agar eshak hangrasa, unda Xudodan panoh so‘ranglar, u ersa shaytonni ko‘rib hangraydi, — dedilar.
Mana, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umrlarining oxirida qo‘llaridagi bor mollari shu edi. Bular ham hijratdan keyin yig‘ilgan mollardur. Hijratdan ilgari Makkada turgan chog‘larida va Madinaga yangi kelganlarida eng faqir, eng miskin oilalar qatorida umr o‘tkazur edilar. Ko‘pchilik xalqqa ko‘rsatgan, o‘rgatgan yo‘llari ersa, Qur’onning zohiriy shariat yo‘llari erdi. Lekin o‘zlari oilalari bilan tariqat yo‘lini tutdilar Abu Zar G‘iforiy, Salmon Forsiy, Abu Dardo roziyalohu anhular kabi xos sahobalariga ham ixtiyoriy ravishda shu yo‘lni o‘rgatdilar. Chunki shariat kamoli tariqat bilan bo‘lur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
— Mening ulamo ummatlarim Bani Isroil payg‘ambarlari kabidur, — dedilar.
Saidabror Umarov tayyorladi
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz