Avvalroq, Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri doktor Solih Bentin taklifiga asosan, «Haj–2019» mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi Jasur Akramov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Kecha, 21 yanvar kuni, soat 11:00 da O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va delegatsiya a’zolari Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri o‘rinbosari bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Uchrashuvda Haj-2019 mavsumi yuzasidan imzolanishi lozim bo‘lgan shartnoma shartlari o‘zaro muhokama qilinib, ishchi guruhining yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda shartnomaning bandlari muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur uchrashuvda tomonlar haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalarini kelishib olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati