Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
Nabiy sollallohu alayhi vasallam muattar bo‘yli inson edilar. Agar biror kishi bilan qo‘l berib so‘rashgan yoki kimningdir boshini silagan bo‘lsalar, kun bo‘yi o‘sha odamning qo‘lidan yoki boshidan muattar hid anqib turar edi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Istig‘for – ochilmaydi deb o‘ylangan qulflarning ochilishiga sabab bo‘ladi.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Ilmning:
Birinchisi: jim turish;
Ikkinchisi: chiroyli tinglash;
Uchinchisi: uni yodlash;
To‘rtinchisi: unga amal qilish;
Beshinchisi: uni tarqatish.
Mustafo Manfulutiy
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Odamlarning uy qurish borasidagi turli fikrlarini ko‘p eshitsak ham, baribir uyimiz tomsiz qolaveradi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Insonning aqli pishib borgani sari atrofidagi odamlarning soni ham ozayib boradi. Chunki pishgan aql laganbardorliklarga toqat qila olmaydi.
Jorj Bernard Shou
*****
Komil fazilat – senga qilishlarini istamagan muomalani sen ham boshqalarga qilmasligingdir.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Holatingni sharhlab, izohlab vaqtingni ketkazma. Odamlar nimani eshitishni istasalar, o‘shanga quloq soladilar.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Sendan g‘azablangandan keyin sen bilan gaplashish uchun yana oldingga kelgan kishi seni qattiq yaxshi ko‘radigan shaxsdir.
“Xovatir roqiya jurnali”
*****
Internet materiallaridan to‘plab, tarjima qiluvchi
Nozimjon Iminjonov
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar