Anas ibn Molik va Abu Hurayra roziyallohu anhumo aytadilar: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirganimizda, u zot kuldilar, hatto tishlari ko‘rindi. Shunda Umar roziyallohu anhu: “Yo Rasulalloh, ota-onam fidoyingiz bo‘lsin, nima sababdan kuldingiz?”, deb so‘radi.
U zot sollallohu alayhi vasallam: “(Qiyomat kuni) ummatimdan ikki kishi Robbul-izza (Alloh) taborak va taoloning huzurida tiz cho‘kadilar. Ulardan biri: “Robbim, birodarimdan haqimni olib ber”, deydi. Alloh taolo (ikkinchi kishiga): “Birodaringga haqini ber”, deydi. U: “Robbim, bironta ham savobim qolmadi”, deganida, birinchisi: “Robbim! Unaqada, gunohlarimni olsin”, deydi.
Anas roziyallohu anhu aytadi: “Shu payt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yig‘ladilar, hatto ko‘zlaridan yosh oqdi. So‘ng: “Albatta, bu ulug‘ kundir. Odamlar o‘zlarining gunohlarini bo‘yniga oladigan kishilarga muhtoj bo‘ladigan kundir”, dedilar.
Shunda Alloh taolo birinchi kishiga: “Boshingni ko‘tar va jannat bog‘lariga qara”, deydi. U boshini ko‘tarib: “Robbim, kumush shaharlarni, marvaridga to‘la oltin qasrlarni ko‘ryapman. Bu qaysi payg‘ambarniki? Yo qaysi siddiqniki? Yo qaysi shahidniki?”, deb so‘raydi. Alloh taolo: “Bu (o‘sha jannatning) haqini bergan kishiniki”, deydi. U: “Robbim, buning haqini kim ham bera oladi?”, deganida, Alloh taolo: “Sen bera olasan”, deydi. U: “Qanday qilib, Robbim?”, desa, Alloh taolo: “Birodaringni afv etib”, deydi. U: “Robbim, men uni afv etdim”, deydi. Alloh taolo: “(Endi,) birodaringning qo‘lidan ushlab, uni ham jannatga olib kir”, deb marhamat qiladi.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga taqvo qilinglar va o‘z oralaringizni isloh qilinglar! Zero, Alloh taolo qiyomat kuni mo‘min bandalarining oralarini isloh qiladi”, deb buyurdilar.
(Imom Bayhaqiy, “Al-ba’s”; Ibn Asokir, “Mu’jamush-shuyux” (1/324); Hofiz Abu Ya’lo Muvsiliy, “Al-musnad”; Xatib Bag‘dodiy, “Tarixi Bag‘dod” (4/245); Ibn Abud-dunyo, “Husnuz-zonni billah” (116); Xaroitiy, “Makorimul axloq”; Iroqiy, “Al-mug‘niy”; Zabidiy, “Ithofus-sodatil-muttaqiyn” (6/267); Imom Hokim “Al-mustadrak ’alas-sahihayn” (4/576)da rivoyat qilib, “Isnodi sahih”, degan. Abdul Azim Munziriy “At-targ‘ib vat-tarhib” (3/309)da va hofiz Qastaloniy “Al-mavohibul-laduniyya bil-minahil-Muhammadiyya” (3/660)da Hokimning gapini tasdiqlashgan).
Abdul Azim Ziyouddin
Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.
Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.
Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.