Rossiya Federatsiyasi Haj missiyasi vakillari joriy yilda Saudiya Arabistonining Riyoz shahriga tashrif buyurdilar. Ushbu tashrif doirasida Saudiya Haj vazirligida uchrashuv tashkil etildi.
Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad 2019 yil uchun Rossiya musulmonlari uchun Haj kvotalarini belgilash ekanligi aytib o‘tilgan.
TASS agentligiga delegatsiya vakillaridan birining bergan xabariga ko‘ra, rossiyaliklar uchun Haj kvotasi 2018 yilgi ko‘rinishda qoldirilgan. Bunda 2019 yilda 20,5 ming nafar ziyoratchi Haj ziyoratini amalga oshiradi. Rossiya tomoni Haj kvotasini besh ming kishiga oshirish taklifi bilan chiqqan va bunda Rossiya uchun kvota 25,5 ming o‘rinni tashkil etishi taklif qilingan.
Islam-today internet nashrining ma’lum qilishicha yaqin vaqt ichida 20,5 ming kishilik kvota Rossiya Federatsiyasi mintaqalari o‘rtasida taqsimlanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».
Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.
Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.
Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».
Muslim rivoyat qilgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».
Ikki Shayx rivoyat qilgan.
Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.
Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».
Muslim rivoyat qilgan.