Chekka qishloqlardagi odamlar ham: “Endi imom-domlalarimiz Misrda malaka oshirar ekanlar”, deb sevinib yuribdi. Ha, imom domla Misrga borsa, sizga nima? desangiz, ranjiydi. Nega? Chunki biz ilmparvar xalqmiz. Imomlarimiz o‘sha yoqlarga borib ilmini ziyoda qilib qaytsa, bilganlarini bizga ham o‘rgatar, biz o‘rganmasak, bolalarimiz o‘rganar deya yaxshi niyatlar qilamiz va ularning xorijga borib, o‘sha yoqlardagi ilm chashmalaridan bahra olib kelishlaridan behad quvonamiz.
Ana shu jihatlarni hisobga olib, Misr mamlakati va u yerdagi ta’lim tizimi hamda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar haqida unchalik ko‘p bilmaydigan yurtdoshlarimizga qisqacha ma’lumot berishni niyat qildik.
Misr Arab Respublikasining aholisi 2017 yilda 94,8 million kishiga yetdi, deb xabar beradi statistika va mobilizatsiya davlat qo‘mitasi rahbari Abu Bakr al-Hindining so‘zlariga asoslanib, «RIA Novosti».
Bundan tashqari, 9,4 million nafar misrlik xorijda: Arab mamlakatlari, Germaniya, Avstraliya, Kanada va boshqa davlatlarda istiqomat qiladilar. “Misrliklar yevropoid irqiga mansub. Dindorlari – sunniy musulmonlar. Arab qabilalari Misrga miloddan avvalgi 1-ming yillikda kirib kelishgan. Misrni VII asrda Arab xalifaligi egallagach, arablarning mahalliy kopt (qibtiy), barbar va boshqa aholi bilan aralashuvi natijasida misr arablari shakllangan. Mamlakat aholisi deqqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik (zargarlik yaxshi rivojlangan) bilan shug‘ullanadi.
Misrni VII asrda musulmonlar istilo qilganidan keyin islom diniy maktablari ko‘plab ochila boshladi. X asrda Al-Azhar musulmon universitetiga asos solindi. Dastlabki dunyoviy o‘quv yurtlari XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘ldi.
Oliy ta’lim tizimiga universitet, institut va to‘rt yillik kollejlar kiradi. To‘liqsiz oliy ma’lumot beradigan ikki yillik texnika instutlari ham bor. Mamlakatdagi 14 ta universitetning eng yiriklari: Qohira, Ayn ush-Shams, Iskandariya universitetlari, Qohiradagi Amerika universiteti, Al-Azhar universiteti. Eng yirik institutlari: Al-Mansura va Qohiradagi politexnika institutlari, Asvondagi industrial institut va boshqalar.
Yirik kutubxonalari: Qohiradagi Milliy kutubxona (1870), Misr institutining kutubxonasi (1859), Qoqiradagi Milliy majlis kutubxonasi (1924), Qohira universiteti kutubxonasi (1908), Iskandariya universiteti kutubxonasi (1942), Qohiradagi Hulvon universiteti kutubxonasi, Iskandariyadagi Munitsipal kutubxona (1892).
Ilmiy muassasalari: Qohiradagi Misr instituti (1798) qoshidagi ilmiy tadqiqot markazi va Texnologiya akademiyasi (1971, tarkibidagi ilmiy tadqiqot markazi, Atom energiyasi markazi, Metallurgiya markaziy tadqiqot instituti, Okeanografiya va baliqshunoslik ilmiy tadqiqot instituti, Astronomiya instituti, Neft tadqiqot instituti, Axborot va hujjatlashtirish milliy markazi mavjud). Qohirada Pedagogik tadqiqotlari milliy markazi, Al-Jizada Arab tili akademiyasi, Qishloq xo‘jaligi tadqiqot markazi va boshqalar bor.
O‘zbekistan – Misr munosabatlari. 1992 yil yanvarida Misr rasmiy delegatsiyasining O‘zbekistonga va 1992 yyilning dekabrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning Misrga tashrifi vaqtida ikkala mamlakatning turli sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish muddaolari tasdiklanib, ularga aniklik kiritildi. 2000 yilgacha mamlakatlar o‘rtasida 10ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. O‘zR bilan Misr o‘rtasidagi munosabat va hamkorlik asoslari, investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik, aviatsiya qatnovi va havo transporti sohasidagi hamkorlik, Toshkent sharqshunoslik instituti bilan Misrning Al-Azhar universiteti o‘rtasida fan va madaniyat sohasidagi hamkorlik, O‘zbekiston va Misr tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik va maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi bitimlar shu hujjatlarning eng muhimlaridir.
Keyingi yillarda esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisining 2018 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra amalga oshirgan rasmiy davlat tashrifi natijasida O‘zbekiston va Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolandi” (O‘zMEdan juz’iy tahrirlar bilan olindi).
2018 yilning oktyabr oyida Misr Bosh imomi – Shayx Ahmad Muhammad Toyyib boshchiligidagi al-Azhar majmuasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘lishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi hamkorlik aloqalarining yanada rivojlanishiga sabab bo‘ldi.
Misr tomonining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston va Misrdagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida 2019-23 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan kelishuvlarni muhokama qilish hamda o‘zaro muvofiqlashtirib olish maqsadida borgan O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi tashrifi kuni kecha nihoyasiga yetdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Qohirada mamlakatning Misrdagi elchixonasi hamkorligida Al-Azhar majmuasi rahbarining boshlang‘ich va o‘rta ta’lim bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Shayx Ali al-Xaliliy, Al-Azhar shayxi maslahatchisi professor Abdurahmon Muso hamda Al-Azhar rektori, professor Muhammad Mahrasoviy bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Al-Azhar majmuasi hamda O‘zbekistondagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum loyihasi muhokama qilinib, Al-Azhar va O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratildi. Kelishuvga muvofiq, Al-Azhar universiteti har yili o‘zbekistonlik 25 nafar talaba uchun grant ajratadi. Shundan 20 nafar bakalavr bosqichi uchun, 5 nafari esa magistratura bosqichi uchun ajratilishi belgilandi.
Safar chog‘ida muftiy hazratning “Xilton” mehmonxonasida o‘zbekistonlik talablar bilan uchrashib, ular bilan samimiy suhbat qilganlari, ularning ilmlari, ularni qiziqtirgan masalalarga alohida e’tibor qaratganlari musofir yurtda tolibi ilmlik mashaqqatini tortib yurgan yoshlarimizni juda ham mamnun qildi. Ayni choqda Misrda 150dan ziyod o‘zbekistonlik talaba tahsil olmoqda.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Al-Azhar universitetida Misr ulamolari, shayxlari va talabalari oldida arab tilida nutq so‘zlab, O‘zbekiston zamini qadim madaniyat o‘choqlaridan biri ekani, Musulmon Renessansi hisoblangan O‘rta asrlar va undan keyingi davrlarda ushbu zamindan yetishib chiqqan mutafakkirlarning Islom ilmi rivojiga qo‘shgan hissalarini dunyo jamoatchiligi tan olganiga atroflicha to‘xtalib o‘tdilar.
Binobarin, yurtimizda mehmon bo‘lgan Al-Azhar majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib hazratlari bunday degan edilar: “...Biz Al-Azhar universitetida Imom Moturudiy, Imom Nasafiy, Imom Samarqandiy asarlaridan ta’lim beramiz. Shuningdek, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalarning kitoblarini ham tadqiq etamiz. Men o‘zim ham Ibn Sino falsafasi bo‘yicha mutaxassisman”.
Muftiy hazrat o‘z nutqi yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan butun olam ahlini hamjihatlikka, ilmu ma’rifat ustuvorligi borasida hamkorlik qilishga tayyor ekanini izhor etdilar.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Misr davlatida xizmat safarida bo‘lgan muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Al-Azhar universiteti nomidan Shayx Solih Abbos o‘rtasida “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Shunga binoan, har yili O‘zbekistondagi masjidlarda mehnat qilayotgan imomlarning yigirmatasi Misrdagi ikki oylik malaka oshirish kurslarida malaka oshiradi. Ularga Al-Azhar universiteti shayxlari, taniqli ulamolar va yetuk olimlar dars o‘tadi.
Kurs so‘ngida imomlarga qiroat, tajvid, tafsir, hadis, aqida va fiqh bo‘yicha ijoza (maxsus sertifikat) beriladi.
Misrlik olimlar yakdillik bilan BMT Bosh Assambleyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani tarixiy voqea bo‘lgani va bu rezolyutsiya tashabbuskori O‘zbekiston Prezidenti bo‘lganini e’tirof etmoqdalar. Zero, bunday tashabbusni ma’rifatparvarlik va diniy bag‘rikenglik har doim amalda bo‘lib kelgan yurtning rahbari ilgari surishida o‘ziga xos hikmat bor. Illo, ana shu ikkisi bo‘lsa, tinchlik, xotirjamlik bo‘ladi, ilmu fan, madaniyat va san’at gullab-yashnaydi. uylar xursandchilikka, ko‘ngillar shodlikka to‘ladi. Eng muhimi, hamma hammani yaxshi ko‘radi. Shuning o‘zi ulug‘ saodat emasmi!
Damin JUMAQUL
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan