Kuni kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Xorazm viloyati safari mobaynida Xiva tumanida joylashgan nogironlik uyidagi jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar hayoti bilan yaqindan tanishdilar, shirin so‘zlari bilan ularning o‘ksik qalblariga xursandchilik kiritdilar.
Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 1 avgustdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarining ijrosini ta’minlash borasida bir qator ishlar qilinmoqda.
Islom dinida insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatishga, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishga va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarga madad berishga doimo targ‘ib etiladi.
Muftiy hazratlari mana shunday insonlar bilan dildan suhbat qilib, o‘zlarining iliq so‘zlari, hikmatli gaplari bilan ularning dillarini ravshan etdilar. Shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ajratilgan nogironlik aravachalari va yotoq choyshablari hadya etildi.
Ushbu tadbirning eng muhim jihati shundaki, ular orqali o‘nlab ko‘ngli yarimta, qalbi o‘ksik kishilarimizga shodlik ulashildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida: «Alloh taologa farzlardan keyingi eng sevimli amal musulmonning qalbiga xursandlik kirgizishdir», deganlar.
Hazrat Alisher Navoiy aytadilar:
Kimki bir ko‘ngli buzuqning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron o‘lsa, obod aylagay.
Ha, insho Alloh, bu tadbirlar orqali qanchadan‑qancha vayron bo‘lgan ko‘ngillar obod bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Jismoniy imkoniyati cheklangan bunday insonlarning siniq ko‘ngillarini ko‘tarib, dillariga mamnunlik ulashish har bir vijdonli inson uchun huzurbaxsh amallardan hisoblanadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘qilishi: Shahidallohu annahu laa ilaha illa huva val malaaikatu va ulul ilmi qooiman bilqisti laa ilaha illa huval ’aziyzul hakiym.
Ma’nosi: "Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham guvohlik berdilar. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim Zotdir" (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida "Allohdan boshqa iloh yo‘q ekanligiga men ham guvohman" desa, Alloh taolo ushbu oyatning harflari adadicha farishtalarni qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for ayttirib qo‘yadi".
U zot alayhissalom boshqa hadisda bunday deganlar: "Kim uyquga yotishidan oldin ushbu oyatni o‘qisa, Alloh taolo yetmish mingta farishtani yaratadi va ular qiyomat kunigacha o‘sha kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar".
Abu G‘olib aytadilar: "Men Kufaga tijorat qilish uchun borganimda A’mashga qo‘shni bo‘lib turdim. Shunda u kishini har kecha ushbu oyatni takror va takror o‘qigani va undan keyin: "Men ham Alloh guvohlik bergan narsaga guvohman, men ushbu guvohligimni Allohga omonat qilib topshiraman. Qiyomat kunida Alloh taolo menga omonatimni qaytargay" deganlarini eshitar edim.
Shunda u kishidan buning sababini so‘raganimda, aytgan edilar: "Abu Voil menga Ibn Mas’uddan rivoyat qilib aytgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: "Kim ushbu oyatni o‘qib, oxirida ushbu kalimalarni aytsa, qiyomat kunida Alloh taolo unga xitob qilib bunday deydi: "Bandam menga bergan va’dangda turding, ya’ni tavhidda, Men ham O‘z va’damda turaman. Ey, maloikalarim! Jannatning hamma eshiklarini ochinglar, bu bandam xohlagan eshigidan kirsin", deydi".