Allohning roziligi jannatdan afzaldir. Bu haqida Abu Said Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Alloh taolo jannat ahliga: "Ey ahli jannat!" deydi. Ular: "Labbay, Rabbimiz...hamma yaxshiliklar qo‘lida bo‘lgan Zot", deydilar. Alloh taolo: "Rozi bo‘ldingizmi?" deb so‘raydi. Ular: "Qanday qilib rozi bo‘lmaylik, Parvardigor?! Holbuki, bandalaringdan hech kimga bermagan narsangni bizga berding", deydilar. Alloh: "Sizlarga bundan ham afzalrog‘ini berayinmi?" deydi. Ular: "Parvardigoro, bundan ham afzal narsa nima ekan?" deydilar. Shunda Alloh: "Sizlarga roziligimni halol qildim, bundan keyin sizlarga hech ham g‘azab qilmayman", deydi" (Buxoriy rivoyati). Shu ma’nodagi uzun hadisni Imom Muslim ham keltirgan.
Jannat ahlining Alloh taoloni ko‘rishi eng katta ne’mat ekani haqida Suhaybdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Jannat ahli jannatga kirgach, Alloh taboraka va taolo: "Sizlarga yana bir narsani ziyoda qilishimni xohlaysizlarmi?" deb so‘raydi. Ular: "Yuzimizni yorug‘ qilmadingmi? Jannatga kirgizmadingmi? Bizga do‘zaxdan najot bermadingmi?" deyishadi. Shunda parda ochiladi, bas, ularga Parvardigorlari azza va jallani ko‘rishdan ham suyukliroq biror narsa berilmaydi". Boshqa rivoyatda: "So‘ng ushbu: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir" (Yunus, 26), oyatini o‘qidilar", deyiladi. (Muslim rivoyati).
Rasululloxdan (s.a.v.): "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir" oyati haqida so‘rashdi. Shunda u zot aytdilar: "Jannat ahli jannatga, do‘zax ahli do‘zaxga kirgach, nido qilguvchi: "Ey ahli jannat, sizlar uchun Allohning huzurida va’da bor, uni sizlarga to‘liq qilib bermoqchi", deb nido qiladi. Ular: "Yuzlarimizni yorug‘, mezonimizni og‘ir qilmadimi, do‘zaxdan bizga najot bermadimi?" deyishadi. Shunda parda ochiladi va Unga qarashadi". Allohga qasamki, Alloh taolo ularga O‘zining yuziga qarashdan ham suyukliroq, ko‘zlariga quvonchliroq narsa bermadi" (Nasoiy rivoyati).
Abu Dovud Tayolisiy ham bu hadisni taxrij qilgan: Suhayb
roziyalloxu anxu aytadilar: "Rasululloh sollalloqu alayhi va sallam: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir", oyatini tilovat qilib dedilar: "Jannat ahli jannatga kirsa, nido qilguvchi: "Ey ahli jannat, sizlar uchun Alloh taoloning xuzurida va’da bor", deb nido qiladi. Ular: "U nima ekan? Darhaqiqat, yuzimizni yorug‘, mezonimizni og‘ir qilib, bizni jannatga kirgizdi-ku?" deyishadi. Bu ularga uch marta aytiladi. So‘ng Alloh taboraka va taolo ularga tajalliy qiladi, bas, ular Unga qaraydilar. Bu narsa ularning huzurida berilgan narsalarning eng ulug‘i bo‘ladi".
Imom Ahmad va Muslim Anas roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollalloxu alayhi va sallamdan: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bordir", oyati haqida so‘rashdi, bas, aytdilar: "Dunyoda chiroyli amal qiltan zotlar uchun chiroyli oqibat — jannatdir, ziyoda ne’mat esa Alloh taoloning jamoliga qarash".
Ibn Muborak zikr qiladi: Abu Bakr Hiloliy dedi: "Abu Muso Ash’ariydan Basrada ushbu xutbani eshitdim: "Alloh taolo qiyomat kuni jannat ahliga farishtalarini yuboradi. Ular: "Alloh sizlarga va’dasini to‘liq qilib berdimi?" deydi. Jannat ahli shunda qarashadi, ziynat, kiyim-kechak, mevalar, daryolaru go‘zal-pok ayollarni ko‘rib: "Ha, Alloh bizga va’dasini to‘liq qilib berdi", deydi. Farishtalar: "Va’da qilgan narsasini sizlarga to‘liq berdimi?" deya uch marta so‘raydi. Ular atroflariga qarab, va’da qilingan narsalardan biror narsa qolmaganini ko‘rib, har safar: "Ha", deydilar. Shunda farishtalar: "Sizlar uchun bir narsa qoldi, albatta, Alloh taolo aytganki: "Chiroyli amal qilgan zotlar uchun chiroyli oqibat va ziyoda ne’matlar bor", deb. Ogoh bo‘linglar! Chiroyli oqibat — jannat, ziyoda ne’mat — Alloh taologa qarash".
Yuqoridagi Nasoiy, Abu Dovud va Ibn Muborak zikr etgan hadislar Muslim rivoyat qilgan hadisni sharxlab kelgan. "Alloh taolo aytdi", degani "Allohning farishtasi aytdi", degan ma’noda. "Sizlarga yana bir narsani ziyoda qilishimii xohlaysizlarmi?" degani farishtalarning: "Alloh sizlarga ziyoda qilishni xohlaysizlarmi?" deganidir. "Shunda parda ochiladi", degan so‘z: "Ko‘zlari yetishidan to‘sib turgan mone’lar ko‘tariladi va ular Alloh taoloni buyuklik, ulug‘lik, kamolot, qudrat, oliylik va jamol sifatlari bilan ko‘radi, Alloh taolo botil firqalar sifatlagan nuqsonlardan pokdir", degan ma’noda. Bu yerdagi parda maxluqlarga tegishli, Yaratuvchiga emas. Maxluqlar to‘silgandirlar. Alloh taolo to‘silishdan pok va ulug‘ zot. Zero, to‘silish hissiy narsalar bilan o‘rab olinishdir. U bizning sifatimiz. Lekin Alloh taoloning maxluqlar ko‘zi va idrokidan to‘silishi Alloh xohlagan narsa va xohlagan kayfiyatda bo‘ladi.
Sahih hadislarda rivoyat qilinishicha, Alloh taolo agar bandalariga tajalliy etib, ko‘zlaridan pardalar ko‘tarilsa, Allohning jamolini ko‘rsalar, anhorlar quyiladi, daraxtlar tiziladi, so‘ri-yu bolaxonalar shovqin bilan ovoz beradi, buloqlar shildiraydi, hayajonlantiruvchi shamol esadi, hovli-yu qasrlardan yanada kuchliroq mushk va kofur taraladi, qushlar sayraydi va hurlardan yanada yorishadi. Bu xabarni Abul Ma’oliy "Ar-rad" kitobida keltirib, "Bularning barchasi Allohning qadari bilan", deydi.
Alloh taoloni ko‘rish haqida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Ikki jannat bor, ularning idishlari-yu boshqa narsalari kumushdan yasalgan va yana ikki jannat bor, ularning idishlari-yu boshqa narsalari tillodan yasalgan. Adn jannatida qavm bilan Parvardigorlari o‘rtasida unga nazar solmoqlariga ulug‘lik pardasigina mone’lik qilib turadi" (Muslim rivoyati). .
Jarir ibn Abdulloxdan rivoyat qilinadi: "Kechasi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan o‘tirgan edik. Shunda u zot o‘n to‘rt kechalik oyga qarab dedilar: "Albatta, sizlar u dunyoda Rabbingizni xuddi mana shu oyni ko‘rgandek ko‘rasiz. Uni ko‘rishda bir-biringizga xalal bermaysiz. Agar quyosh chiqishidan va botishidan ilgarigi namozlarni shaytonga boy bermaslikka qodir bo‘lsangiz, o‘qingiz!" So‘ng: "Va quyosh chiqishidan ilgari va botishidan avval Parvardigrringizga hamdu sano aytish bilan (U zotni) poklang — namoz o‘qing!" (Qof, 30) degan oyatni tilovat qildilar" (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Abu Dovud Uqayliydan rivoyat qiladi: "Men: "Ey Rasululloh(s.a.v.), har birimiz qiyomat kuni Allohni ochiq-ravshan ko‘ramizmi?" deb so‘radim. U zot: "Ha”, dedilar. "Maxluqlari ustida buning belgisi bormi?" deb savol qildim. "Ey Abu Rozin, sizlarning har biringiz kechasi o‘n to‘rt kunlik oyni ochiq-ravshan ko‘rasizlarmi?" dedilar. Men: "Ha", deb javob qildim. u zot: "Alloh taolo buyukdir. Oy ham Allohning bir maxluqidir. Bas, Alloh buyukroq va ulug‘roqdir", dedilar".
Muslim rivoyatidagi: "Ulug‘lik pardasigina mone’lik qilib turadi", so‘zidagi "parda" isti’ora bo‘lib, Allohning ulug‘ligi va buyukligidan kinoya qilib keltirilgan. Buni Abu Hurayra Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilgan hadisi qudsiy ochiq bayon etadi: "Alloh aytdi: "Ulug‘lik izorimdir, kibriyo ridoimdir..." Bu bilan ikki sifatni bayon etdi. "Ulug‘lik pardasi" deganda ulug‘lik sifatini iroda qildi. U zot o‘zining ulug‘ligi va buyukligi bilan qiyomatdan oldin hech kim Uni ko‘rishini xohlamadi. Qachon qiyomat bo‘lib, jannat ahliga Adn jannatiga kirishga izn berilgachgina Uni ko‘rishlarini xoqladi. Bas, ular Adn jannatida U zotni ko‘radilar. Bu ma’noni Bayhaqiy va boshqalar aytishgan.
Ulug‘lik va buyukliqdan isti’ora qilingan rido va izor his qilinadigan kiyim jinsidan emas, albatta. Bu faqatgina o‘xshatish, xolos. Chunki rido va izor inson uchun maxsus narsalardan bo‘lib, ularga tushunarli bo‘lishi uchun shunday ishlatildi. Ammo bu sifatlarda Alloh taologa hech kim sherik bo‘la olmaydi. Hadisning oxirida ham: "Kim u ikkisidan biri ustida Men bilan tortishsa, uni yonib turgan jahannamga kirgizaman", deyilgan.
Jannat ahliga Alloh taoloning salomi haqida Jobir roziyalloxu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasalam aytdilar: "Jannat ahli o‘zlariga va’da qilingan noz-ne’matlar ichida rohat-farog‘atda ekanlar, banogoh, ustlarida bir nur paydo bo‘ladi. Shunda Alloh taolo: "Assalomu alaykum, ey ahli jannat", deydi. Bu hol Alloh taoloning: "(Ularga) mehribon Parvardigor tomonidan salom aytilur" (Yosin, 58), degan so‘zining tasdig‘idir. Uni ko‘rganlarida jannatning barcha ne’matlarini unutadilar, toki to‘silgunicha shunday bo‘ladi. Qachon Alloh ulardan to‘silsa, Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi".
"Banogoh ustilarida..." degan so‘zdan murod Allohning oliyligidir. Zero, Alloh taolo joy va manzildan iborat makon bilan sifatlanmaydi. U oliylik va ulug‘lik jihatidan sifatlanadi. "Uni ko‘rganlarida, jannatning barcha ne’matlarni unutadilar", deganida Allohning jamoliga qarash lazzati bilan mashg‘ul bo‘lib qolishlari tushuniladi. Chunki Uning jamolini ko‘rishdan afzal narsa yo‘q, Alloh taoloning tajallisiga hech narsa barobar bo‘la olmaydi. Agarda Alloh taolo ularni sobit va boqiy qilmaganida edi, ularga ham tog‘ bilan sodir bo‘lgan narsa voqe’ bo‘lur edi. Zero, Alloh taolo toqqa tajalliy qilgan paytda, u parcha-parcha bo‘lib, qumga aylanib ketgan edi.
"Qachon Alloh ulardan to‘silsa", deganining ma’nosi, Alloh ularni unutib qo‘ygan jannat ne’matlariga qaytarsa va ular yana o‘zlariga va’da qilingan ne’matlar ichida bo‘lib, tayyorlab qo‘yilgan narsalardan orom olishda davom etsalar, deganidir. Biroq bu, ulardan g‘oyib bo‘lsa, ular Allohni yana unutadi va ko‘rishdan to‘silib, jannat ne’matlari bilangina kifoyalanadilar, degani emas. Alloh taolo ularni unutgan narsalariga qaytaradi, ayni paytda ularni boshqa ko‘rib bo‘lmaydigan qilib to‘smaydi. Bunga hadisdagi: "Uning nuri va barakoti ular bilan qoladi", degan jumla dalolat qiladi.
Alloh taoloni jamolini ko‘rishlik barchamizga nasib qilsin!
Manbaalar asosida Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek tayyorladi
HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
HADIS SHARHI
Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.
HAROM OYLARI TO‘RTTADIR
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).
BU OYDA RASULULLOH ﷺ QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?
Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.
RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI
Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.
BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).
SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI
06 yanvar – dushanba
Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12
QANDAY NIYAT QILINADI?
Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.
Davron NURMUHAMMAD